Abu Abdulloh al-Xorazmiy


15:12 / 17.12.2021 3042 1

 

Insoniyat tarixida o‘z jamiyatining ilg‘or kishilarini o‘zida birlashtirgan ko‘plab fanlar akademiyalari mavjud bo‘lgan. Millodan avvalgi IV asrgacha Afinada ish olib borgan Platon akademiyasi, 819–860 yillarda Bag‘dodda faoliyat ko‘rsatgan Baytul hikma (Donishmandlar uyi) va 1004–1017-yillardagi Xorazm Ma’mun  akademiyalari jahon ilm-fani uchun yorqin iz qoldira olgan buyuk siymolarni yetishtirib berdi.

 

“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi ilm ahllaridan yana biri Abu Abdulloh al-Xorazmiydir. U ulug‘ zotning  to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Yusuf al-Xorazmiy. Tug‘ilgan yili haqida ma’lumotlar saqlanib qolmagan. Olim 997-yilda vafot etgan. Abu Abdulloh al-Xorazmiyning yoshligi Xiva, Zamaxshar va Qiyot shaharlarida o‘tgan.

Abu Abdulloh al-Xorazmiy mashhurlik davri somoniylar amiri Nuh ibn Mansurning vaziri  Abul Hasan al-Utbiy huzurida kotib bo‘lib xizmat qilgan davrida cho‘qqisiga chiqqan. Shu vazifasi tufayli u al-kitob al-Xorazmiy nomi bilan ham tanilgan. O‘z xizmat vazifalari yuzasidan Buxoroga tez-tez borib turgan va ko‘pgina allomalar bilan hamsuhbat bo‘lgan.

 

Abu Abdulloh Xorazmiyning bizgacha yetib kelgan, ko‘pchilik asarlari singari o‘sha davrning ilm tili – arab tilida bitilgan, yagona ma’lum asari – “Mafotih al-ulum”(“Ilmlar kaliti”)dir. Qo‘lyozma nusxalari juda ko‘p emas. Yaqin-yaqingacha to‘rt nusxasi bor deb hisoblanar edi. Uchtasi Buyuk Britaniya muzeyida hamda Berlin kutubxonasida saqlanadi. XX asrning 60-yillarida ushbu asarning yana olti nusxasi Istanbul kutubxonalarida borligi aniqlandi.

 

“Mafotih al-ulum”(“Ilmlar kaliti”) o‘ziga xos qomusiy asar bo‘lib, o‘sha davrdagi deyarli hamma asosiy fan sohalarini o‘z ichiga qamrab olgan. Abu Abdulloh al-Xorazmiy asarida  har bir ilm mazmunini sharhlab beradi. Ularning tasnifi quyidagicha:

 

Shariat va u bilan bog‘liq ilmlar:

 

fiqh, ya’ni musulmon huquqshunosligi;

kalom, ya’ni din asoslari;

grammatika;

ish yuritish;

she’riyat va aruz;

tarix.

 

Nazariy falsafa:

 

tabiiy ilmlar – tibbiyot (tib, samoviy hodisalar – meteorologiya, mineralogiya, al-kimyo, mexanika) – quyi;

riyoziyot ilmlari (arifmetika, handasa, ilm an-nujum, musiqa) – o‘rtacha;

ilohiy, ya’ni metafizika – oliy ilm;

mantiq.

 

Amaliy falsafa:

axloq – etika (odamni boshqarish);

uyshunoslik (uyni boshqarish);

siyosat (shaharni, mamlakatni boshqarish).

 

Abu Abdulloh Xorazmiy o‘z tasnifida o‘sha davr an’anasi, ya’ni ilmlarni ikkiga bo‘lishni qo‘llab-quvvatlab, an’anaviy (shar’iy) va an’anaviy bo‘lmagan (falsafiy)larga ajratadi. Asardagi an’anaviy ilmlardan biri, fiqhda muallif islom qonunshunosligining asosi bo‘lgan va islom huquqi posbonining doimiy dasturi Qur’on, payg‘ambar so‘zlari, hikmatli gaplari va hayotlarini aks ettiruvchi sunnat, hadis va uning xillari; ijmo – islom jamoasining yakdillik bilan tan olgan qarori; shariat qonun-qoidalariga amal qilishni, ya’ni tahorat qilish, namoz o‘qish, azon aytish, ro‘za tutish, zakot to‘lash ustida to‘xtalib o‘tadi.

 

Arab adabiy tili grammatikasi, uning qonun-qoidalari grammatika bo‘limida bayon etilgan. Ayni paytda, muallif arab she’riyati va uning tarkibiy qismlaridan bo‘lgan aruz ustida ham mufassal to‘xtalib o‘tgan. Ish yurgizish bo‘limi davlat devoni, soliq turlari va olinishi, soliq yig‘uvchilarning vazifalari, askarlar ro‘yxati, ularning kiyim-kechagi va to‘lanadigan maoshlari, irrigatsiya shahobchalarida foydalaniladigan atamalar, kanal xillari, suv uskunalari, ikki daryo (Sirdaryo va Amudaryo) oralig‘idagi sug‘orish tizimlari haqidagi ma’lumotlarni yoritib berishi bilan muhimdir.

 

Asarning tarix bo‘limida afsonaviy podshohlardan boshlab, tartib bilan turli davr va mamlakatlar maliklari, umaviylar va abbosiylar xalifaligi, islomgacha bo‘lgan davrdagi Yaman tarixi, Rum va yunon tarixi haqida mufassal ma’lumotlar keltirilgan. O‘rta asrlarda odamlar jamoasini tabaqalarga bo‘linishi ham shu bo‘limda zikr etiladi. Muallif o‘z asaridagi an’anaviy bo‘lmagan ilmlar qatorida birinchi bo‘lib falsafa qayd etilib, unda ushbu ilm atamalarining sharhi bilan bir qatorda ilmlar tasnifi masalasi yoritilgan.

 

“Mafotih al-ulum” asarining tabiiy ilmlarga oid bo‘limlari o‘rta asr Sharqida ilmiy yuksalish darajasini o‘rganish nuqtayi nazaridan nihoyatda ma’lumotlarga boydir. Tibga oid bo‘limda kasalliklar, sodda va murakkab dorilar haqidagi ma’lumotlar keltirilgan. Ushbu bo‘limda o‘sha davr tabobatida ma’lum bo‘lgan va keng tarqalgan mijoz hamda qon tomiri urishiga qarab kasallikni aniqlash to‘g‘risidagi nodir tavsiflar berilgan.

 

Asarning riyoziyot bo‘limida o‘rta asr Sharqidagi matematik ilmlar holati bayon etiladi. Xorazmiy matematik tushunchani aqlning ixtiyoriy ijodi emas, balki obyektiv olamning ma’lum tomonlari, predmet munosabatlarining in’ikosi deb talqin etadi. Buyuk olimning  o‘z davri tabiiy va riyoziyot ilmlarini yaxshi bilgani, ularni nazariy falsafaga kiritish bilan bir tomondan, ularning ahamiyatini oshirish va ta’kidlash, ikkinchi tomondan, falsafani boyitishga intilgani ifodasini topgan.

 

Abu Abdulloh  Xorazmiyning “Mafotih al-ulum” asari o‘zining barcha ilmlarni  va ma’naviy jarayonlarini o‘zida qamrab olgan yirik asarlardan biri ekani bilan ajralib turadi.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi 

Bo‘ri QODIROV tayyorladi.

 

 Foydalanilgan adabiyotlar:

 

1. Ozod Masharipov, Alisher Masharipov. Xorazmnoma.– Toshkent: “Istiqlol nuri” nashriyoti, 2014.

2. Ma’naviyat  yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullaev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.

3. Buyuk ajdodlarimiz (Mas’ul muharrir: M.Aminov, F.Xasanov). – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2001.

4. www.ziyo.uz.

 

 

 

 

 

 

1 Izoh

Screenwriter

22 DAYS AGO

"MAFOTIH UL ULUM" asariing muallifi Abu Abdulloh al-Xorazmiy EMAS, Muhammad ibn Ahmad ibn Yusuf al-Xorazmiy rohmatullohi alayh bo`ladilar. Manbaa; "Olam va odam, din va ilm" kitobi, muallif Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh.

Izoh qoldirish

//