“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” ruknining navbatdagi sonida Bag‘dodda ilmi nujum bilan shug‘ullangan yirik munajjim va jug‘rofiy olim Ahmad ibn Muhammad as-Sag‘oniy at-Termiziy – Usturlobiyning hayoti va ijodiga to‘xtalamiz. Ahmad ibn Muhammad as-Sag‘oniy IX asrning oxirida – 898-yil Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi Bug‘ qishlog‘ida tug‘ilgan. U Buxoro va Samarqandda ta’lim olib, o‘z ilmiy faoliyatini Abu Sahl Kuhiy rahbarligidagi Bag‘dod rasadxonasi bilan bog‘lagan.
Ahmad ibn Muhammad as-Sag‘oniy Abu Sahl Kuhiy rahbarligidagi rasadxona uchun osmonni kuzatadigan bir qancha asboblar, jumladan, yangicha usturlob yasab bergani haqida ma’lumot bor. U yirik munajjim va jug‘rofiy olim bo‘lishi bilan birga, Abu Rayhon Beruniyning yozishicha, o‘z ustozi Abu Sahl Kuhiydan keyin e’tiborli yulduzshunos sifatida e’tirof topgan. Ba’zi manbalarda olimning ismi Ahmad ibn Muhammad Sag‘oniy Usturlobiy tarzda beriladi va yirik munajjim, yetuk riyoziyot ilmi sohibi hamda yulduzlarni tekshiruvchi usturlob asbobining ixtirochilaridan ekani eslatiladi. Buyuk vatandoshimiz Ahmad ibn Muhammad as-Sag‘oniy X asrlardayoq osmon jismlarini aniqlaydigan yangi ixtirolar, ya’ni yangi texnologiyalarni kashf qilganini ko‘rishimiz mumkin.
Muhammad Azimov “Surxondaryo ijodkorlari” kitobida alloma haqida muhim ma’lumotlarni taqdim etadi. Uning yozishicha, olim o‘zining “Ilm un-nujum” asarida o‘z ajdodlari xususida ma’lumot berib o‘tadi (bu tadqiqot ilmiy tadqiqotchi Gulsum Xo‘jamshukurova qo‘lida saqlanmoqda). Asarning 131-sahifasida yozilishicha, katta bobolari Muhammadning ikki farzandi bo‘lib, o‘g‘lining ismi Abu Iyso, qizining ismi Tanzila bo‘lgan. Shayx Muhammad qizini Bashir Termiziyning o‘g‘li Hoshim Termiziyga turmushga beradi. Hoshim Termiziy bilan Tanzilaning o‘g‘illari Sonur va Muhammad Abdulloh al-Hakim at-Termiziylardir. Ahmad Usturolbiy esa al-Hakim at-Termiziyning akasi Sonurning o‘g‘lidir. Ahmad Usturlobiyning yozishicha, momosi Tanzila o‘ta bilimli, zamonasining soliha ayollaridan bo‘lgan. Sonur yosh vafot etib, Ahmadning tarbiyasi amakisi al-Hakim at – Termiziy qo‘lida qoladi. U Termiz shahrida o‘sib, ta’lim oladi.
Ahmad Usturlobiy munajjimlikdan tashqari amakisi al-Hakim at-Termiziy kabi hakimlik – tabiblik bilan ham shug‘ullangan. Qomusiy olim o‘z asari “Ilm un-nujum”da boshqa kitoblari – “Fazo al-asar” va “Ilm an-nujum vat-tib al-Hakimiya” (“Yulduzlar ilmi va hakimiya tabobati”) haqida, Termizdagi rasadxona va bu yerda faoliyat ko‘rsatgan 36 nafar munajjim haqida ma’lumot beradi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Mirzo Kenjabek. Buyuk termiziylar. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”, 2017.
2. Qodirov B., Murtazaev B., Chag‘oniyon adabiyoti. – Toshkent, 2002.
3. Muhammad Azimov. Surxondaryo ijodkorlari (IV asrdan XX asr boshlarigacha). – Qarshi, 2006.
//
Izoh yo‘q