Ahmad as-Saraxsiy


14:12 / 13.12.2021 1287 0

 

“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” ruknining navbatdagi sonida Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Marvon as-Saraxsiyning ilm-fanga qo‘shgan buyuk hissasi  haqida to‘xtalamiz. O‘rta osiyolik olimlarning o‘n besh nafardan ko‘prog‘i faoliyat yuritgan Bag‘dod akademiyasi O‘rta asrlar davrining yirik ilmiy markaziga aylanib bordi. Ularning aksari umuminsoniyat fani va madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan va butun dunyoda o‘rta asrlarning yuksak iqtidorli allomalari deb tan olingan siymolar bo‘lgan. Muhammad al-Xorazmiy, Abu Bakr ar-Roziy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Nasr al-Forobiy, Ahmad as-Saraxsiy, Ahmad as-Sag‘oniy kabi olimlarning ismlari hozirda dunyoning barcha burchaklarida chukur ehtirom bilan tilga olinadi.

 

O‘rta Osiyo olimlari antik ilmlarning qayta tiklanishida ishtirok etdi, o‘z asarlari bilan qator tabiiy-ilmiy fanlarni bir tizimga solib, fan sifatida shakllantirdi va ularni yangi fikrlar, g‘oyalar bilan boyitdi. Ular nafaqat o‘z zamonasi, balki barcha davrlarning e’zozli allomalaridan bo‘lib tanildi, fanlarning qator sohalarida ulkan kashfiyotlar yaratdi.

Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Marvon as-Saraxsiy 835-yillar atrofida tavallud topgan va asosan xalifalik markazi Bag‘dodda yashab faoliyat ko‘rsatgan. U Ahmad ibn at-Tayyib laqabi bilan ham tanilgan. Ba’zan keyingi nom, ya’ni Ahmad ibn at-Tayyib olimning islomni yangi qabul qilgan oiladan ekani, bu laqab uning musulmon bo‘lmagan ota-onasining ismini yashirish maqsadida qabul qilingani haqida fikrlar ham uchrab turadi. Alloma ismidagi as-Saraxsiy rutbasi uning nasl-nasabini anglatadi va uni O‘rta asrlarda Turkmanistonning Saraxs deb atalgan shahridan ekanini bildiradi. Muhammad bolaligidan ilmga qiziqqan va o‘tkir zehnli bo‘lgan. Saraxsda boshlang‘ich diniy ta’limni olib, Qur’oni karimni to‘liq yod olgan, hadis, sarfu nahv (grammatika), balog‘at ilmlarini egallagan.

 

Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Marvon as-Saraxsiy Movarounnahrning turli shaharlarida, jumladan, Samarqand va Buxoroda ilmini takomillashtirgan. Buxoroda uzoq muddat yashagan. Bu yerda Abu Muhammad Abdulaziz ibn Ahmad Buxoriydan (1057) fiqh, usuli fiqh, hadis, kalom, tafsir ilmlaridan dars olib, zamonasining yetuk fiqh olimi bo‘lib yetishgani uchun unga “Shamsul-aimma” (“Imomlar quyoshi”) unvoni berilgan va Saraxsiy shu nom bilan shuhrat qozongan. As-Saraxsiyning hayoti va faoliyati, ilmiy merosi bugungi kungacha juda kam o‘rganilgan manba hisoblanadi.

 

U qomusiy olim va “arablarning faylasufi” deb shuhrat qozongan Yoqub al-Kindiyga shogird bo‘lgan. Ustoz va shogird dastlab 850-yillar atrofida Bag‘dodda tanishgani ehtimolga yaqin. Ahmad as-Saraxsiy o‘sha vaqtda 10–15 yoshlar atrofida bo‘lishi mumkin. Adabiyotlarda as-Saraxsiyning olim bo‘lib shakllanishida al-Kindiyning xizmatlari katta bo‘lgani e’tirof etiladi. Shu bilan birga geografiya, adabiyot, san’at tarixi kabi sohalar borki, ularda as-Saraxsiy o‘z ustozidan ba’zi jihatlari bilan farqlanadi. Ma’lumki, xalifalar al-Ma’mun va al-Mu’tasim davrida katta e’tibor va hurmatga ega allomalar al-Mutavakkil davriga kelib boshqa diniy va ilmiy arboblar bilan birga ta’qib ostiga olingan. As-Saraxsiy ham bu ta’qiblardan chetda qolmagan. Tuhmatchi-hasadgo‘ylar hayit kunida qoraxoniy hukmdori Ibrohimxon sha’niga tegadigan yomon so‘zlar bilan Saraxsiyni qoraladi. Ibrohimxon uni Buxorodan O‘zganga surgun qilib qamoqqa oldi. Tarixiy ma’lumotlarda alloma o‘zining mashhur “al-Mabsut” asarini qamoqda shogirdlariga yoddan aytib yozdirgani qayd etilgan.

 

Ahmad as-Saraxsiy hayotining oxirgi yillarini Balxda o‘tkazgan. Uning vafot etgan yili haqida turli ma’lumotlar bor. Balxlik Safiyuddin Voiz Balxiy 1213-1214-yili yozilgan “Fazoili Balx” (“Balx fazilatlari”) asarida alloma 1094-yili Balxda vafot etgani va Navbahor nomli qabristonga dafn qilingani, qabriga yozilgan sanani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini qayd etgan. Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Marvon as-Saraxsiy hayotini ilmga bag‘ishlab ko‘pgina asarlar yozdi. Uning ko‘plab asarlari fiqh ilmiga bag‘ishlangan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:

 

1. “Kitobul-mabsut” (Mufassal kitob)

2. “Usulul-fiqh” (Fiqh nazariyasi)

3. “Sharh kitob Siyari kabir” (“Katta siyrat kitobi”ning sharhi)

4. “Ashrot us-soa” (Qiyomat shartlari)

5. “Sharh kitoban-nafaqot lil Xassof” (Xassofning “Nafaqalar kitobi”ga sharh)

6. “Sharh Adabul-qoziy lil Xassof” (Xassofning “Qozilik adabi”ga sharh)

7. “Sharh al-Jome’ al-kabir” (“Katta majmua”ga sharh)

8. “Sharh al-Jome’ as-sag‘ir” (“Kichik majmua”ga sharh)

9. “Al-favoidul-fiqhiyya” (Fiqhga doir foydalar)

10. “Kitob al-hayz” (Hayz kitobi)

11. “Sharh Muxtasar at-Tahoviy” (Tahoviyning “Muxtasar”iga sharh)

 

O‘rta asrlar davrining buyuk siymolaridan  biri Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Marvon as-Saraxsiyning qoldirgan ilmiy merosi  hozirgi kunda ham fiqh ilmi rivojiga o‘zining katta hissasini qo‘shib kelmoqda. Uning asarlari islom dini ilmini o‘rganuvchi oliy o‘quv yurtlarda o‘qitilmoqda.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi 

Bo‘ri QODIROV tayyorladi.

  

Foydalanilgan adabiyotlar:

 

1.B.Abduhalimov. Bayt al-hikma va Markaziy Osiyo olimlarining Bag‘doddagi ilmiy faoliyati. – Toshkent: O‘zbekiston NMIU, 2010;

2.O‘zbekiston buyuk allomalar yurti (Tuzuvchi va nashrga tayyorlovchiU.Uvatov). Toshkent: O‘zbekiston NMIU, 2010;

3.Ma’naviyat  yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullaev). Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001;

4. Buyuk ajdodlarimiz (mas’ul muharrir: M.Aminov, F.Xasanov). – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2001;

5. Yurtimiz allomalari (mas’ul muharrir U.Uvatov). – Toshkent : “Nihol”, 2014;

 6. www.ziyo.uz.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//