Sharq xalqlari fani va madaniyati tarixida Bag‘dodda bunyod etilgan “Bayt al-hikma” o‘rta asrlar davrida yirik ilmiy markaz bo‘lib kelgan. “Bayt al-hikma” o‘zbek tilida “Hikmatlar uyi” degan mazmunni anglatadi. Bu iboradagi “hikmatlar” ortida o‘sha davrdagi qator fanlar, jumladan, falsafa, tabobat, falakiyot, riyoziyot, adabiyot, diniy ilmlar tushuniladi. Binobarin, “Bayt al-hikma” birinchi navbatda, ushbu sanab o‘tilgan fanlar, qolaversa boshqa fan yo‘nalishlarida ham ish olib borilgan ilm va tarjimalar dargohi bo‘lgan. Keyinchalik bu markaz tevaragida o‘z davrining eng yirik olim va tarjimonlari to‘planib, ijod qilgan. “Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” ruknida “Bayt al-hikma”da ko‘plab allomalar bilan birgalikda ijod qilgan Ahmad ibn Abdulloh al-Marvaziyning ilm-fan sohasida qoldirgan merosini o‘rganamiz.
Bag‘dod ilmiy maktabida faoliyat ko‘rsatgan yirik astronom va matematiklardan biri Ahmad ibn Abdulloh al-Marvaziy bo‘lib, u “Habash al-Hosib” (“Habash hisobchi”) laqabi bilan tanilgan. Uning ismidagi al-Marvaziy rutbasi esa muallifning hozirgi Turkmanistonning Bayram Ali shahri yaqinidagi Marvdan ekanini ko‘rsatadi. U xalifa al-Ma’mun va al-Mu’tasim zamonida Bag‘dodda faoliyat ko‘rsatgan. Fan tarixiga oid bibliografik kitoblarda olimni 770–870-yillar mobaynida yashab o‘tgan, deb taxmin qilinadi. O‘sha davrda yashab ijod etgan Ibn an-Nadim Marvaziyni yuz yildan ortiq yashagani haqida aytadi va yettita kitobi nomini sanab o‘tadi.
Ahmad al-Marvaziy “Zij” (“Astronomik jadvallari”) deb ataladigan “Damashq ziji” (“az-Zij al-ma’ruf bi-d-Dimashqiy”), “Zij” (bu zij Bag‘dod shahri uchun tuzilgan) va “al-Ma’munning tekshirilgan ziji” (“az-Zij al-Ma’muniy al-mumtahan”) asarlarining muallifidir. Ibn al-Qiftiy al-Marvaziy “Shoh uchun zij” (“az-Zij al-Shahiy”) nomli yana bir kichik hajmdagi risolaning ham muallifi, deb ko‘rsatadi. Lekin bu risola yuqoridagi zikr etilgan “zij”larning birortasi bo‘lishi mumkin.
“Damashq ziji” hozirda Istambulda saqlanmoqda. Al-Marvaziy o‘zining bu asarini o‘sha davrda “Sindhind” nomi bilan mashhur bo‘lgan hind astronomik jadvallarini qayta ishlash asosida yozgan. Undagi ba’zi masalalar Ibrohim al-Fazariy, Muhammad al-Xorazmiyning “zij”laridan farqlanadi. Ahmad al-Marvaziy Bag‘dod shahri uchun yozilgan ikkinchi “Zij”i Berlinda saqlanmoqda. Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” va “Geodeziya” asarlaridagi ma’lumotlarga qaraganda, bu kitob keyingi davr astronomlari tarafidan hurmat bilan tilga olingan.
Uchinchi “al-Ma’munning tekshirilgan “ziji” ham o‘z vaqgida katta shuhrat qozongan bo‘lib, xalifa al-Ma’mun bir guruh olimlarga qadimgi yunon astronomlarining kitoblarida keltirilgan ma’lumotlarni tajribalar asosida qaytadan tekshirib chiqish vazifasini yuklagan va tajriba natijalari o‘laroq, ushbu asar dunyoga kelgan. Bu asarda o‘sha davr astronomiyasining barcha yutuqlari mujassam etilgan va o‘rta asr manbalarida, ba’zan Yahyo ibn Mansur va Ahmad al-Marvaziy, ba’zan esa o‘sha davrning boshqa astronomlari tarafidan bitilgan, deb keltiriladi.
Bunday asarning yaratilishida ko‘pchilik ishtirok etgan bo‘lishi kerak, degan xulosa kelib chiqadi. Shunga qaramasdan, mutaxassislar al-Ma’mun “ziji”ni Yahyo ibn Mansur boshlab, Ahmad al-Marvaziy yakunlagan bo‘lishi kerak, deya taxmin qiladi. U o‘sha davrda olib borilgan tajriba va ilmiy tadqiqotlarda eng faol ishtirok etgan olimlardan bo‘lib, 832-833-yillarda Sinjar sahrosida yer meridianining bir darajasini o‘lchash ishlarida ham qatnashgan.
Ahmad ibn Abdulloh al-Marvaziy astronomiyadagi yutuqlariga qaramasdan, uning asosiy xizmatlari trigonometriyada deb topilgan. Bu fikrimizni al-Marvaziyning fanga birinchi bo‘lib olib kirgan tangens va kotangens tushunchalari va ularning funksiyaviy jadvallari tashkil etadi. Uning asarlarida bayon qilingan tangens, kotangens va kosekans tushunchalari trigonometriya rivojiga qo‘shilgan ulkan hissa bo‘ldi.
Ibn an-Nadim o‘zining “al-Fixrist” kitobida al-Marvaziyga oid yana ikki muhim ma’lumotni keltiradi. Ulardan biri al-Marvaziyning Abu Ja’far ibn Ahmad ibn Abdulloh ibn Habash ismli o‘g‘li bo‘lib, u ham astronomiya bilan shug‘ullangan va “Yassi astrolyabiya” (“Kitab al-usturlab al-musattah”) nomli kitobning muallifi ekanidir. Ikkinchisi esa IX asrdagi mashhur astrolog va astronomlardan biri Muhammad ibn Bazyar biz hikoya qilayotgan al-Marvaziyning o‘quvchilaridan deb e’tirof qilinishidir. Bu esa Ahmad al-Marvaziyni nafaqat mashhur olim, balki yetuk shogirdlar tayyorlagan mohir ustoz bo‘lganidan ham dalolat beradi.
Yigirmaga yaqin asarlari ichida astronomik jihozlar – usturloblar, quyosh soati va “zat al-xalaq”larga bag‘ishlangan risolalar uchraydi. Afsuski, ularning ko‘pchiligi bizgacha yetib kelmagan. Yuqoridagi ma’lumotlardan shuni ko‘rishimiz mumkinki, IX–XI asrlarda yashab ijod qilgan o‘nlab ulug‘ allomalar astronomiya fani bilan shug‘ullanib, jahon ilm-fani rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shganidan dalolat beradi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. B.Abduhalimov. Bayt al-hikma va Markaziy Osiyo olimlarining Bag‘doddagi ilmiy faoliyati. Toshkent: O‘zbekiston NMIU, 2010.
2. O‘zbekiston buyuk allomalar yurti (Tuzuvchi va nashrga tayyorlovchi U.Uvatov). Toshkent: O‘zbekiston NMIU, 2010.
3. Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M.Xayrullayev). Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.
4. Buyuk ajdodlarimiz (mas’ul muharrir: M.Aminov, F.Xasanov). Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2001.
5. Yurtimiz allomalari ( mas’ul muharrir U.Uvatov). Toshkent: “Nihol”, 2014.
//
Izoh yo‘q