Abdulloh ibn Amajur at-Turkiy


15:12 / 07.12.2021 1143 0

 

Markaziy Osiyo qadimdan ilm-fan va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgani tarixdan yaxshi ma’lum. Shu muqaddas zaminimizda yashagan ulug‘ ajdodlarimiz bundan ko‘p asrlar ilgari hozirgi zamonaviy ilm-fanga poydevor qo‘yib, uni rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shdi. “Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” ruknida Abdulloh ibn Amajur at-Turkiyning ilm-fan sohasida qoldirgan merosini o‘rganamiz.

 

Abdulloh ibn Amajur at-Turkiyning tavallud topgan va vafot etgan yili haqida ma’lumotlar saqlanmagan. Shuning uchun ham uning yashagan davrini IX–X asrlar deb taxmin qilish mumkin. Abdulloh ibn Amajur at-Turkiy va uning o‘g‘li Abul-Hasan Ali farg‘onalik falakiyotchi olimlardan bo‘lib, bizning adabiyotlarda ularning hayoti va faoliyati, ilmiy merosi deyarli o‘rganilmagan.

 

Manbalardan ma’lumki, olimning Abul-Hasan Ali ibn Abu al-Qosim ismli o‘g‘li bo‘lib, u ham astronomiyaga qiziqqan. Bundan tashqari, Ibn al-Qiftiy Amajur oilasiga tegishli uchinchi shaxs, ya’ni Ali ibn Amajurning ham astronomik kuzatish ishlari bilan shug‘ullanganini e’tirof etadi. O‘rta asrlarning mashhur, eng ishonchli deb tan olingan bibliograflaridan Ibn an-Nadim va Ibn al-Qiftiy “al-Fixrist” va “Hakimlar tarixi” (“Tarix al-hukama”) kitoblarida bu olim haqida shunday deb yozadi:

 

“Abu al-Qosim Abdulloh ibn Amajur al-Haraviy Farg‘ona xalqining farzandlaridan. U zamonasining fozil va o‘z mavqeyiga ega bo‘lgan ulamolaridan bo‘lgan. Olim quyidagi foydali asarlarning muallifidir: Xatolardan xolis zij kitobi (Kitob az-zij al-ma’ruf bi-l-xalis), Bog‘lab turuvchi zij kitobi (Kitob az-zij al-ma’ruf bi-l-muzannir), G‘aroyib zij (az-Zij al-badi’iy), O‘tmishlar ziji (Zij al-mamarrat), Sind-hind ziji(Zij as-Sind-hind), Qulning ziji (Zij al-qini), Musofirga foydali kitob (Kitab zad al-musafir), Fors erasi bo‘yicha Mirrix (Mapc) sayyorasi uchun zij (Kitab zij al-Mirrix ala at-tarix al-farisi).

 

O‘rta asrlarning yirik astronomlaridan Ibn Yunus as-Sadafiy (950–1009) olimga nisbatan uning turkiy nasabdan bo‘lganini anglatuvchi “at-Turkiy” so‘zini ham ishlatadi va o‘z risolalarining birida amajurlar tomonidan amalga oshirilgan Quyosh va Oyning tutilishi hamda ba’zi sayyoralarni kuzatish tajribalarini bayon etadi. U keltirgan ma’lumotlarga qaraganda, olimlar balandlikda joylashgan to‘rt tomonni kuzatish mumkin bo‘lgan maxsus maskanda ish olib borgan. Unda kuzatish ishlarida mo‘ljallangan ma’lum belgilangan yo‘nalishni ko‘rsatuvchi maxsus uzun tuynuk ham mavjud bo‘lib, bu bino rasadxona vazifasini bajaruvchi zaruriy qulayliklarga ega bo‘lgan. Abdulloh ibn Amajur at-Turkiy, uning o‘g‘li va yordamchisi Muflih ibn Yusuf Quyosh tutilishini kuzatish jarayonida o‘n ikki daraja va bir darajaning to‘qqizdan birini ko‘rsatib bergan jihozdan foydalangan. Jihozdan bir darajaning to‘qqizdan bir qismini aniqlash imkoniyati borligi uning mukammal moslama ekanidan dalolat beradi.

 

Amajurlar Quyosh, Oy, turg‘un yulduzlar va sayyoralarni kuzatish bilan bog‘liq bo‘lgan tajribalarini asosan Bag‘dod va qisman Sheroz shaharlarida olib borgan (Olimning ismiga qo‘shib aytiladigan “al-Haraviy”, ya’ni “hirotlik” so‘zi u Hirot shahrida ham faoliyat ko‘rsatgan, degan taxminni bildiradi).

 

Yuqoridagi tajribalarni bajarish o‘z mohiyatiga ko‘ra uzoq vaqtni talab etgani uchun ham ba’zi adabiyotlarda mazkur allomalar o‘z tajribalari ustida ellik yilga yaqin ishlaganlar, deb ko‘rsatiladi. Ular o‘z tajribalarining natijasi sifatida yuqorida nomlari zikr etilgan qator astronomik risolalar va jadvallarni taklif etgan. Bu asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelmaganiga qaramasdan, amajurlarning ikki qo‘lyozma asari xorijiy mamlakatlar kutubxonalarida saqlanadi va ular quyidagilardan iborat:

 

1.“Sayyoralarning tutilishi va bog‘lanishi haqida (astrologik) oldindan aytib berishlar majmuasi” (“Javami’ ahkam ad-kusufat val-qiran al-kavakib”). Risola Parij va Leydenda saqlanadi.

 

2.“Taylasan ziji (Zij at-Taylasan). Bu qo‘lyozma faqat Parijda saqlanib qolgan. Yuqoridagi taylasan so‘zi arab tilida — bo‘yinni Quyosh nuridan himoya qilish maqsadida salla ustidan yelkagacha tashlab yuriladigan ro‘molni anglatadi. Shu sababdan ba’zi adabiyotlarda muallifning bu risolasi Ro‘mol ziji deb tarjima etilgan. Bu zij hozirga qadar o‘rganilmagani sababli unga nima maqsadda bunday nom berilgani aniqlanmagan.

 

Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, muqaddas zaminimizdan yetishib chiqqan falakiyotchi olimlar  IX–XI asrlardayoq osmon jismlarini atroflicha o‘rganishga harakat qilgan va fanga olib kirgan.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi 

Bo‘ri QODIROV tayyorladi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.Ma’naviyat  yulduzlari. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001. – B. 60-62

2. www.ziyo.uz 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//