Al-Abbos ibn Said al-Javhariy (IX asrning birinchi yarmi) – hozirgi Janubiy Qozog‘istonda joylashgan Forob shahrida tug‘ilib o‘sgan matematik va astronom. Muhammad al-Xorazmiy bilan bir vaqtda Bog‘doddagi “Donishmandlar uyi”da ishlagan. Uning hayoti va faoliyati haqida manbalarda aniq ma’lumotlar saqlanmagan. Al-Javhariyning 830-yillar atrofida Ma’mun akademiyasidagi astronomik kuzatishlarda ishtirok etgani inobatga olinib, IX asrning birinchi yarmida yashab o‘tgan, degan xulosaga kelingan.
Al-Javhariyning faoliyati haqidagi asosiy ma’lumotlar Ibn al-Qiftiyning mashhur “Olimlarni hakimlar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirish” (“Ixbar al-ulama bi axbar al-hukama”) kitobida saqlanib qolgan. Unda shunday deyiladi: “Al-Abbos ibn Sa’id al-Javhariy munajjim bo‘lib, astronomiya va astronomik hisoblarda mohir mutaxassis hisoblangan. U astronomik jihozlardan foydalanishda ham noyob iste’dod sohibidir: Xalifa al-Ma’munga hamroh bo‘lgan va uni Bog‘dodda ash-Shamosiya mintaqasidagi tajriba ishlariga mas’ul olimlar bilan astronomik kuzatishlarni olib borishga undagan. Al-Javhariy ba’zi sayyoralarni, Quyosh va Oyning o‘rnini aniqlagan. Natijada ushbu soha ahli orasida mashhur bo‘lgan o‘z zijini yarata oldi. Uning o‘zi va hamkasblari – Sanad ibn Ali, Xolid ibn Abd al-Malik al-Marvarrudiy, Yahyo ibn Abu Mansurlar musulmon dunyosida birinchi bo‘lib astronomik kuzatish va tajribalar olib borgan shaxslardan bo‘lgan”.
O‘rta asr Sharq xalqlari fani va madaniyati tarixiga oid ilk bibliografik asar “Kitab al-Fixrist”ning muallifi Ibn an-Nadim yunon olimi Yevklidning “Negizlar” (“al-Usul”) kitobi haqida gapirar ekan, unga yozilgan sharhlardan birini al-Javhariy bitgan, deb ma’lumot beradi. U yana quyidagi asarlarning muallifi hamdir: “Zij kitobi”, “Yevklid kitobiga sharh” (“Kitab tafsir kitab Uqlidis”), “Yevklidning “Negizlar” asarining birinchi kitobiga u (al-Javhariy) qo‘shgan shakllar” (“Kitob al-ashkal allati zadaha fi-l-maqala al-uvla min Uqlidis”). Ibn al-Nadim va Ibn al-Qiftiyning al-Javhariy haqidagi yuqoridagi ma’lumotlarini XVII asr turk bibliografi Hoji Xalifa o‘zgarishsiz qaytaradi.
Al-Javhariy o‘z davridagi boshqa yetuk astronomlar bilan hamkorlikda xalifa al-Ma’munning topshirig‘iga binoan rejalashtirilgan “al-Ma’munning tekshirilgan ziji”ni yozishda ishtirok etgan. Yahyo ibn Abu Mansur, al-Marvarrudiy va Sanad ibn Ali bilan birgalikda Bog‘dodda va Damashqda astronomik kuzatuvlarda qatnashgan, kuzatuvlar natijasida “Zij al-Ma’mun” tekshiruvi o‘tkazildi. Xuddi shu astronomlar bilan birga Sinjar tekisligida yer meridianining 1 oy uzunligini aniqlashda ishtirok etdi.
U astronomiyadan tashqari matematikada ham katta natijalarga erishdi. Yevklidning “Negizlar” kitobiga yozgan sharhi va bu asarning birinchi kitobiga qo‘shgan shakllari, parallel chiziqlar haqidagi g‘oyalari olimni geometriya sohasida ham chuqur bilimlar sohibi bo‘lganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, al-Javhariy “Negizlar” kitobini isloh qilish” (“Islahi kitab al-Usul”) asarining ham muallifidir. Mazkur asar bizgacha yetib kelmagan bo‘lsa-da, uning mazmuni haqidagi to‘liq ma’lumotlar XIII asrda yashagan qomusiy olim Nasiriddin Tusiyning “Parallel chiziqlar haqidagi shubhalarni davolash” (“Ar-Risola ash-shafiyya an shakk fi-l-xutut al-mutavaziyya”) risolasida bayon etiladi. Al-Javhariy burchak ichida joylashgan har qanday nuqtadan burchakning ikki tarafini birlashtiruvchi chiziq chizish mumkin, degan xulosaga keladi.
Al-Javhariyning yuqorida sanab o‘tilgan risolalaridan tashqari yana ikki asar yozganidan dalolat beruvchi qo‘lyozmalar saqlangan. Ulardan birinchisi “Yevklidning “Negizlar” asarining beshinchi kitobiga qo‘shimchalar” (“Ziyadat fil-maqala al-hamisa min kitab Uqlidis”) nomi bilan atalib, hozirda Amerika, Turkiya, Eron, Tunis va Hindiston kutubxonalarida mavjud. Ikkinchisi “Quyoshning Yer markazidan uzoqligini aniqlash” (“Risola fi ma’rifat bu’d ash-shams an-markaz al-ard”) risolasi yagona nusxada Bayrutda saqlanmoqda.
Al-Abbos ibn Said al-Javhariyning bizgacha yetib kelgan asarlari ma’naviy merosimizning buyuk durdonalaridan hisoblanib, jahon ilm-fani rivojida muhim o‘rin tutadi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Ma’naviyat yulduzlari. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001. – B. 59-60.
2. www.ziyouz.com
3. https://ru.wikipedia.org
//
Izoh yo‘q