“Dekret ta’tili” kimlarga va qanday tartibda beriladi? Eng ko‘p beriladigan savollarga javoblar


Saqlash
22:27 / 15.06.2023 50717 5

Tahririyatimizga o‘quvchilarimizdan turli mavzular va yo‘nalishda savollar keladi. Ularning orasida eng ko‘p berilganlari ya’ni homiladorlik va tug‘ish ta’tili bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Mehnatga haq to‘lash va mehnat standartlari boshqarmasi boshlig‘i Laziz QARShIYEVdan ma’lumot oldik.

 

Bola parvarishi uchun “dekret ta’tili” nima, ta’tilga chiqish tartibi qanday?

 

— O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga asosan ayolga ikki xil ta’til beriladi. Homiladorlik va tug‘ish ta’tili, oddiy qilib aytganda “dekret ta’tili” hamda homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tili.

 

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lash tartibi haqida ham to‘xtalsangiz?

 

— Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqani tayinlash va to‘lash uchun belgilangan tartibda berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos bo‘ladi. Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqasi budjet tashkilotlari tomonidan — mehnat haqi jamg‘armasiga ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan — foyda solig‘ini hisoblashda mazkur xarajatlar soliqqa tortiladigan bazadan chiqarib tashlangan holda shaxsiy mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

 

2022 yilning sentabr oyidan boshlab budjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda mehnat shartnomasiga asosan oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasining qismi to‘lab berilishi yo‘lga qo‘yilgan.

 

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasining Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan qismi (keyingi o‘rinlarda – nafaqa) minimal iste’mol xarajatlarining 4 baravari miqdorida tayinlanadi. Hozirgi kunda bu 1 994 228 so‘mni tashkil qiladi.

 

Homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqish uchun fuqarolarga tibbiyot muassasasi (oilaviy poliklinika, tug‘ruq muassasasi, qishloq vrachlik punkti) tomonidan homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Shundan so‘ng tibbiyot muassasasining mas’ul xodimi (hamshirasi) tomonidan ushbu varaqadagi ma’lumotlar “Tibbiyot” axborot tizimiga kiritiladi. “Tibbiyot” axborot tizimi ayolning ma’lumotlarini “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga yo‘naltiradi.

 

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi fuqaroning rasmiy bandligi va ish staji hamda mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlarini avtomatik ravishda aniqlaydi hamda belgilangan mezonlarga mos kelganda homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlaydi. Nafaqa tayinlanganligi haqida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali ayolning telefoniga SMS xabar yuboriladi.

 

Ayolning nomiga ochilgan, faol holatdagi bank plastik kartasi mavjud bo‘lsa, nafaqa o‘sha bank kartasiga o‘tkazib (to‘lab) beriladi.

 

Agar bank plastik kartasi mavjud bo‘lmasa, SMSda yashash joyidagi AT “Xalq banki”ning filialiga murojaat etishi ko‘rsatiladi. Murojaatga asosan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi naqd pul ko‘rinishida to‘lab beriladi.

 

— Xodimlarning homiladorlik va tug‘ish ta’tili (dekret)ga chiqish tartiblari qanday?

 

— O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq ayolga tug‘ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili beriladi.

 

Bunda, homiladorlik va tug‘ish ta’tili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tug‘ruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qat’i nazar, to‘liq beriladi.

 

— Shunday toifadagi xodimlarga qanday imtiyoz va qulayliklar yaratilgan?

 

— Mehnat kodeksiga muvofiq homilador ayollar va onalarga bir qancha imtiyozlar mavjud.

 

Jumladan, homiladorligi yoki farzandi borligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra ishga qabul qilishni rad etish yoki mehnatga haq to‘lash miqdorini kamaytirish taqiqlanadi.

 

Homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Homilador ayollarga va bola tuqqan ayollarga yillik mehnat ta’tili, ularning xohishiga ko‘ra, tegishincha homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin beriladi.

 

Homilador ayollarni yillik mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Bolani parvarishlash ta’tilidan foydalanayotgan xodimga yillik mehnat ta’tili, uning xohishiga ko‘ra, bola parvarishlash ta’tilidan oldin yoxud undan keyin beriladi.

 

Homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tili beriladi.

 

Bolani parvarishlash ta’tili vaqtida to‘liqsiz ish vaqti shartlari asosida yoki ish beruvchi bilan kelishuv bo‘yicha uyda ishlashi mumkin.

 

Bolani parvarishlash ta’tillari davrida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi.

 

Ikki yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga) dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari bolani ovqatlantirish uchun qo‘shimcha tanaffuslar beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda, har biri o‘ttiz minutdan kam bo‘lmagan davomiylikda bo‘lishi lozim.

 

— Imtiyozlar va qulayliklar nodavlat va davlat tashkilotlarida ishlaydigan barcha xodimlar uchun bir xil tatbiq etiladimi?

 

— Yuqorida keltirilgan imtiyozlar Mehnat kodeksida keltirilgan bo‘lib, nodavlat va davlat tashkilotlari uchun bir xilda amal qiladi.

 

— Nodavlat tashkilotda ishlaydiganlarga ham “dekret” puli berilsa, tartibi va miqdori davlat tashkilotlaridagi kabi bo‘ladimi?

 

— Mehnat kodeksining 404-moddasiga asosan homiladorlik va tug‘ish ta’tilidagi xodimga o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.

 

Bu tartib xodim budjet tashkiloti yoki budjet tashkiloti hisoblanmagan tashkilotda band bo‘lishidan qat’iy nazar amal qiladi.

 

Faqatgina, hozirgi kunda budjet tashkiloti hisoblanmagan yuridik shaxslarda band ayollarga qonunchilik bilan belgilangan homiladorlik va tug‘ish nafaqasining qismi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab berilmoqda. Qolgan qismi o‘rnatilgan tartibda ish beruvchisi tomonidan qoplanadi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 sentabrdagi 515-sonli qaroriga ko‘ra, xususiy korxonalarda, yuridik shaxslarda 6 oy uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga dekret puli  iste’mol xarajatlarini 4 baravari miqdorida budjet hisobidan to‘lab berishi nazarda tutilgan. Ortiq qismini ish beruvchilar to‘lashi mumkin. Bu miqdor hozirgi kunda sal kam 2 million so‘m hisoblanadi.

 

Bola parvarishi uchun nafaqa miqdori esa hozirgi kunda mehnatga haq to‘lash miqdorining 60 foizi, ya’ni 588 ming so‘mni tashkil etadi.

 

Xayrulla ABDURAHMONOV tayyorladi.

Oyina.uz

Oyina.uz'ni telegramda kuzating!

5 Izohlar

Murod

16:12 / 14.12.2023

Tug'ruq tatiliga chiqib ishga chiqmagan xolda yana tug'ruq tatiliga ulanib ketsa qanday tartibda to'lanadi.

Munisa

17:12 / 11.12.2023

Men kollejda ishlab dekret ta'tiliga chiqqandim. Bolam injiqligi sababli 2 yillik bola ta'tili yozgandim. Endi esa dekret ta'tilini dekret ta'tiliga ulamoqchiman . Qonun bo'yicha 2 yillik ta'tilim 2024 yil 26 sentabrga tog'ri keladi. Meni 2 farzandimni dunyoga keltirishim avgust oyiga to'g'ri kelyapti. Shunday holatda men dekret ta'tili olsam buladimi . Qanday tartibda

Gulxayo

21:11 / 27.11.2023

Samarqand viloyati kup tarmoqli tibbiyot markazi kichik tibbiy xodim bulib ishlayman hozir 2 yoshgacha bola parvarishda man hozir yana homilador man manga dekret puli beriladim

Muborro

13:11 / 27.11.2023

Assalomu aleykum men 8oydan buyon ishlayapman hozirda meni dekret taʼtiliga chiqishga majburlashyapti shu mumkinmi har chiqmasam dekret puli berilmami

Barno

17:11 / 26.11.2023

Assalomu alaykum men 2020 yildan buyon 75- maktabda ishladim bu yil 2023 yil sentyabr oyidan 28- maktabga oʻtdim 2024 yil yanvar oyida dekretga chiqaman. Menga dekret puli qanday hisoblanadi? 28-maktabga ishlayotganimga 5 oy bo'larkan 75-maktabga ishlagan oylarimni ham hisobga olsa boʻladimi?

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23617
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//