O‘zbekistonda yadroviy falokat yuz bergan taqdirda aholiga tovon puli to‘lanadi

Сақлаш
14:57 / 27.05.2025 8 0

Bugun bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga (Vena, 1963-yil 21-may) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

 

Ta’kidlanishicha, xalqaro konvensiyaga qo‘shilish natijasida fuqarolik yadro obyektlarida sodir bo‘lgan hodisalar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik rejimi, zararni qoplash tartibi, muddatlari va tamoyillarini belgilaydigan asosiy normalar O‘zbekiston uchun ham tatbiq etiladi. Yadroviy javobgarlik rejimi yadroviy falokat yuz bergan taqdirda O‘zbekiston xalqiga tovon to‘lanishini ta’minlaydi.

 

Vena konvensiyasiga qo‘shilish zararni qoplashning xalqaro miqyosda tan olingan huquqiy mexanizmlarini ta’minlab, jabrlanuvchilarni himoya qilishni kuchaytiradi, yadroviy qurilmalar operatorining aniq majburiyatlarini belgilaydi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash uchun ishonchli moliyaviy kafolatlarni yaratadi.

 

«Bu esa milliy yadro xavfsizligi tizimiga ishonchni oshiradi, xalqaro hamkorlikni mustahkamlaydi va yadroviy javobgarlik sohasidagi zamonaviy standartlarga rioya etilishini ta’minlaydi», deyiladi xabarda.

 

Ma’lum bo‘lishicha, konvensiyaga qo‘shilish quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:

▪️ fuqarolik yadro obyektlarida sodir bo‘lgan hodisalar natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik rejimi, zararni qoplash tartibi, muddatlari va tamoyillarini belgilash;

 

▪️ yadroviy qurilmalar operatorining aniq majburiyatlarini belgilash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararni qoplash uchun ishonchli moliyaviy kafolatlarni yaratish;

 

▪️ milliy yadro xavfsizligi tizimiga ishonchni oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yadro xavfsizligi sohasidagi normalar va standartlarga rioya etilishini ta’minlash.

 

Konvensiya yadroviy qurilma operatori tomonidan boshqariladigan inshootlarda sodir bo‘lgan hodisalar natijasida yuzaga kelgan yadroviy zarar uchun operatorning javobgarligini, shuningdek yadroviy zarardan moliyaviy himoyani ta’minlash uchun minimal talablarni belgilaydi.

 

Mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasining bu boradagi huquq va majburiyatlari xalqaro darajada tan olinishiga va natijada yetkazilishi mumkin bo‘lgan yadroviy zararlarning o‘rnini qoplanishi kafolatlanishiga xizmat qilishi aytilmoqda.

 

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilingan va Senatga yuborilgan.

Изоҳ йўқ

Изоҳ қолдириш

Сўнгги янгиликлар

Барчаси

//