Azim Latipov


15:07 / 08.07.2024 279 0

1951-yil 5-iyunda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tavallud topgan.

1971-yilda mehnat faoliyatini jamoa xoʻjaligida chorvachilik mexanigi sifatida boshlagan.

1996-2007-yillarda “Buxoro” jamoa xoʻjaligi boshqaruvi raisi boʻlgan.

2007-yildan hozirga qadar “Azim-Shofirkon yulduzi” fermer xoʻjaligi boshligʻi sifatida mehnat qilib kelmoqda.

1996-yilda “Shuhrat” medali,

2002-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Azim Latipov qishloq xoʻjaligi sohasida katta tajriba toʻplagan. Buxoro viloyatida paxtachilik va gʻallachilik, shuningdek, chorvachilik sohalari rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan koʻp tarmoqli fermerlardan biridir. Tajribali dehqon agrotexnika qoidalariga rioya qilgan holda har yili 3-4 marotaba yerlarning shoʻrini yuvishni amalga oshiradi. Suv tanqisligining oldini olish maqsadida fermer xoʻjaliklari ekin maydonlarini sugʻorish jadvali ishlab chiqilgan. Hududdagi 30 km uzunlikdagi ichki sugʻorish tarmoqlarining kafolatli ishlashini taʼminlash uchun suv olish shoxobchalaridan 47 tasini yangidan qurgan. 32 tasi qayta jihozlanishi natijasida belgilangan suv hajmining 25 foizi iqtisod qilinishi taʼminlangan.

 

Tajribali dehqon mavjud zovur suvlaridan ham nasoslar yordamida samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyganligi natijasida 319 gektar ekin maydonlarining meliorativ holati yaxshilanib, suv tejalishiga erishilgan. Natijada, 2018-2020-yillarda paxta yetishtirish rejasi 110-115 foizga, gʻalla 122-135 foizga bajarilgan.

 

Fermer xoʻjaligida chorvachilik, yilqichilik va baliqchilikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilish bilan birga, bogʻdorchilik va polizchilikni rivojlantirish borasida ham faol tadbirlar olib borilmoqda. Ayniqsa, Buxoroning qadimiy qovun turlarini tiklash maqsadida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Azim Latipov Toshkent davlat irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filiali olimlari bilan hamkorlikda gʻalla urugʻlarini yangilash, uni mahalliy iqlim, murakkab tuproq sharoitiga moslashtirishni yoʻlga qoʻyib, gʻallachilikda nafaqat viloyatda, balki respublikamizda oʻziga xos maktab yaratgan dongdor dehqon. Uning tashabbusi bilan Shofirkon qishloq xoʻjaligi kolleji oʻquvchilarining xoʻjalikda amaliyot oʻtashi tashkillashtirildi, har yili 10-15 nafar yosh fermerlarga dehqonchilik sirlarini oʻrgatib kelmoqda. 2020-yilda 12 nafar kambagʻal oilaga 1 gektardan gʻalladan boʻshagan maydondan yer ajratilib, qoʻshimcha 14 ta ish oʻrni yaratildi. Fermer xoʻjaligi daromadi hisobidan har yili homiylik va saxovat maqsadlari uchun 50 mln soʻm ajratib kelinadi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzoligiga 3 marotaba saylangan Azim Latipovning tashabbusi va tashkilotchiligi bilan 2004-2019-yillar davomida viloyat hamda tumanda qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarining meliorativ xolatini yaxshilash, yer unumdorligini oshirish, oʻrlanishning oldini olish borasida bir qator samarali ishlar amalga oshirildi. Birgina Shofirkon tumanining oʻzida 4 ta nasos stansiyasi ishga tushirildi. Bu suv tanqisligi doimiy seziladigan hududda kishloq xoʻjaligini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Azim Latipov Shofirkon tumanidagi Xoja Orif Revgariy – Mohitobon ziyoratgohining obodonlashtirilishi uchun soʻnggi yillarda 75 mln soʻmdan ortiq homiylik yordamini koʻrsatdi. Jamoat ishlarida tashabbuskor va faol shaxs sifatida mahalla, taʼlim muassasalari, mehnat jamoalarida oʻtkaziladigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ishtirok etadi.

 

Azim Latipov 2004-yildan hozirga qadar Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati, 2004-2019-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv masalalari va ekologiya qoʻmitasi aʼzosi.

 

– Men qayerda ishlamay, eng avvalo, oʻzimning yelkadoshlarimga eʼtiborni qaratganman. Halol, mehnatkash odamlar bilan maqsadga tez erishasan kishi. Xoʻjaligimiz ishchilari 40 nafar. Ularning turmush tarzi bir-birinikidan kam emas, mehribon, inoqlikda aka-ukadaymiz. Bir burda nonni teng boʻlib yeyishga odatlanganmiz, – deydi Azimjon aka, – Allohga shukr, 4 qiz, bir oʻgʻlim bor. Oʻgʻlim ham shu fermer xoʻjaligida ishlaydi. Bugun mamlakatimizda barcha jabhalar, jumladan, qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Har qanday islohot samarasi amaliy ishlarda namoyon boʻladi. Biz, fermerlar ham buni faoliyatimizda koʻrib, his etib turibmiz. Masalan, paxta va donning xarid narxi bozor talablariga mos oshirildi. Ekinlarni sugʻorishda elektr nasoslaridan foydalanadigan fermer xoʻjaliklari sarflaydigan elektr energiyasi xarajatlari davlat tomonidan qoplanmoqda. Bu esa yuqori hosildorlikka erishishga ragʻbat etayotir. Xoʻjaligimiz har yili don va paxtadan barakali xirmon koʻtarmoqda. Shunga yarasha daromadimizga ham baraka kirmoqda.

 

Изоҳ йўқ

Изоҳ қолдириш

//