2023-yilgi Oʻzbekiston siyosiy sahnasi. Shov-shuvli “keldi-ketdilar”


Saqlash
17:12 / 26.12.2023 642 0

Siyosat katta maydon. Unda topish ham yoʻqotish ham ulkan boʻladi. Yakuniga yetayotgan 2023-yil siyosiy sahnamizda ham oʻzgarishlar koʻp boʻldi. Qaysidir amaldor siyosiy pillapoyalardan koʻtarildi, yana biri tushdi. Oyina.uz yil tayinlovlari va ketishlarini bir maqolaga jamlashga harakat qildi.

 

Anomaldan “chiqolmagan” Ortiqxoʻjayev

 

Oʻz faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygani sababli 16-yanvar kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev lavozimidan ozod etildi.

 

 

Davlat rahbari energiya resurslari taʻminoti yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda Ortiqxoʻjayevni tanqid qildi.

 

“Shuncha gapirganimiz bilan Vazirlar Mahkamasi masʻullari qayerga qarayapti, degan savol meni qiynayapti. Shu bois qish mavsumiga lozim tarzda tayyorgarlik koʻrmagani uchun Toshkent shahar hokimi Ortiqxoʻjayevni ishdan oldim. Kechasi shtabda men uni ishdan oldim. Quruq gap, yolgʻon hisobot bilan, pastga tushmagani uchun, noinsof, oyogʻi yerdan uzilgani uchun ishdan oldim”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Maʻlumot uchun, 2018-yil hokimlikka tayinlangan Ortiqxoʻjayev bungacha davlat ishida faoliyat yuritmagan, tadbirkor sifatida tanilgan.

 

Tayinlovdan avval Prezident Ortiqxoʻjayevni mutlaqo boshqa muhitdan yetishib chiqqani, byurokratiya tizimida ishlamagani, haqiqiy tadbirkor ekanligini aytgandi. “Birinchi marta Oʻzbekiston tarixida ishbilarmon, oʻzim ishongan ishbilarmonni Toshkent shahar hokimi qilib tayinladim. Bu tarixda boʻlmagan”, degan edi Mirziyoyev.

 

Soʻkongʻich hokim yangi lavozimda

 

Yil boshida Shuhrat Gʻaniyev prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.

 

 

Fargʻona viloyati hokimi lavozimida faoliyat yuritgan vaqtida Shuhrat Gʻaniyevning ayollar roʻmoli haqida aytgan gaplari tushirilgan audioyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab boʻlgan edi. Senatning Reglament va odob-axloq komissiyasi Gʻaniyevni Toshkentga chaqirtirib, masalasini majlisda koʻrdi. Gʻaniyev kechirim soʻradi, Senat unga muhlat berdi. Shu voqealar sabab jamoatchilik uchun Gʻaniyev soʻkongʻich rahbarlar orasida “peshqadam”.

 

Maslahatchi oʻrinbosari lavozimigacha u bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi.

 

Poytaxtga yangi hokim

 

Mart oyida Shavkat Umurzoqov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

 

 

Sh.Umurzoqov bunga qadar, “Oʻzavtosanoat” kompaniyasi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

 

Ma’lumot uchun, 2023-yil yanvarida Jahongir Ortiqxoʻjayev ishdan olingach, Baxtiyor Rahmonov vaqtinchalik hokim vazifasini bajarib kelayotgan edi.

 

Nodir Jonuzoqdan uzoq kutilgan tayinlov

 

Joriy yilning iyun oyida Nodirjon Xolboʻtayev Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri lavozimiga tayinlandi. Uning tayinloviga alohida urgʻu berilishining asosiy sababi shundaki, 2022-yil aprel oyida prezidentning yoshlar, fan, taʻlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan Xolboʻtayev shu yilning dekabr oyida yana Yozuvchilar uyushmasiga qaytib, raisning ijodiy ishlar boʻyicha birinchi oʻrinbosari sifatida ishlay boshlagan edi. Yaʻni ijodkor Prezident Administratsiyasida juda qisqa muddat ishlagan mulozimlardan hisoblanadi. Shuningdek u Yozuvchilar uyushmasida ham yarim yilga yaqin muddat faoliyat olib borib yana oʻz faoliyatini oʻzgartirdi.

 

 

Nodirjon Xolboʻtayevning Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri lavozimiga tayinlanganidan soʻng uzoq vaqt toʻxtab qolgan alifbo islohoti yana kun tartibiga chiqdi. Yaqinda esa davlat rahbari milliy sertifikatga ega boʻlgan oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchilariga ham qoʻshimcha haq toʻlanishi haqida ma’lum qildi.  Mazkur oʻzgarishlar jamoatchilik, faollar tomonidan iliq qarshi olinmoqda.

 

Qoʻmita rahbarligidan prorektorlikka

 

2023-yilning iyun oyi tayinlovlarga boy oy boʻldi desak adashmagan boʻlamiz. Xususan, Davlat ekologiya qoʻmitasining sobiq boshligʻi, Ekopartiyaning sobiq rahbari, 2021-yilgi saylovda prezidentlikka nomzodi qoʻyilgan Narzullo Oblomurodov Toshkent moliya instituti prorektori etib tayinlandi. 

 

 

2021-yilgi saylovda O‘zbekiston prezidentligiga nomzodini ko‘rsatgan va yakunda 4,1 foiz ovoz olgan Oblomurodov o‘sha yilning dekabr oyida Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

 

2022-yil dekabr oyida O‘zbekiston vazirlik va idoralari soni qisqartirilib, qayta tashkil etilganidan so‘ng u tabiat resurslari vazirining o‘rinbosari etib tayinlangandi. Iyun oyida u boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.

 

45 yillik faoliyatdan soʻng nafaqa

 

Iyun oyida Vladimir Norov 45 yillik faoliyatidan soʻng nafaqaga chiqdi. U 2022-yil dekabridan buyon Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori sifatida ishlab kelayotgandi. Diplomat bu haqida Twitterʻdagi sahifasida eʼlon qildi.

 

 

“Davlat muassasalari va xorijiy diplomatik missiyalardagi 45-yillik faoliyatimdan soʻng nafaqaga chiqishga qaror qildim. Qarorimni qoʻllab-quvvatlagani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevdan chin dildan minnatdorman”, — deb yozgan Norov.

 

U oʻrnatgan barcha aloqalaridan Oʻzbekistonning tashqi siyosatini ilgari surish, mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga investitsiyalar, innovatsion texnologiyalar va raqamli yutuqlarni jalb qilish uchun foydalanish niyatida ekanini taʼkidladi. “Buning uchun men Silk Road Advisory konsalting kompaniyasini tashkil qildim”, — deyiladi tvitda.

 

 

Norov Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri, elchi, SHHT bosh kotibi lavozimlarida ishlagan. Uning nafaqaga chiqqani haqidagi xabar jamoatchilik tomonidan qizgʻin muhokama qilindi. Amaldorlar nafaqadan soʻng ham uzoq yillar lavozim, rahbarlik kursisida oʻtirishi odatiy holga aylangan Oʻzbekiston sharoitida Norovning mazkur qarori ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan olqishlandi.

 

Viloyat hokimligidan tuman hokimligiga

 

3-yil Surxondaryo viloyatida hokimlik qilgan Toʻra Bobolov faoliyati ham 2022-yilning dekabr oyida yakunlangan edi.

 

 

Maʻlum muddatdan soʻng sobiq hokim avval Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari sifatida koʻrinish bergan boʻlsa, soʻngra avgust oyida yana hokimlikka tayinlandi. Farqi shundaki avval butun boshli viloyatni boshqargan shaxsga endilikda birgina Oqqoʻrgʻon tumani ishonib topshirildi.

 

Soliqdan soliqqa

 

Avgust oyida ham talaygina tayinlovlar amalga oshirildi. Xususan, Sherzod Kudbiyev Oʻzbekiston Soliq qoʻmitasi raisi etib qayta tayinlandi.

 

 

2022-yilda amalga oshirilgan maʻmuriy islohotdan soʻng Kudbiyev iqtisodiyot va moliya vaziri boʻlgan edi. U maʻlum muddat Moliya va iqtisodiyot vazirliklarining vazifalarini, Bojxona qoʻmitasi hamda Soliq qoʻmitasini oʻzida birlashtirgan “supervazirlik”ni boshqardi.

 

Kudbiyev Davlat soliq qoʻmitasini 2020-yil may oyidan 2022-yil oxirigacha boshqargan.

 

Vazirdan oʻrinbosarlikka qaytish

 

Sobiq sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Toshkent tibbiyot akademiyasi rektorligiga tayinlangan edi. Oradan 3-yil oʻtib oʻzi faoliyat yuritgan vazirlikka vazirning birinchi oʻrinbosari lavozimida qaytdi.

 

 

U 2020-yildan Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, ungacha esa sogʻliqni saqlash vaziri (2017−2020) lavozimlarida ishlab kelgan. Shodmonov 11-avgust kuni prezident bilan birgalikda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi binosiga tashrif buyurgandi.

 

Ishdan olingan va lavozimi tugatilgan Umurzoqov

 

Avgust oyida Sardor Umurzoqov Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimidan ketdi. Uning ketishi bilan bu lavozim ham tugatildi. Umurzoqov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus topshiriqlar boʻyicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangani ma’lum qilindi.

 

 

Administratsiya rahbarligidan ketgach Sardor Umurzoqovning jamoatchilikka koʻrinish bermayotgani, unga yaqin amaldorlarning esa lavozimidan boʻshatilgani yoki qamalayotgani sabab turli shubha-gumonlarni oʻrtaga tashlashayotgandi. Ammo joriy yilning dekabr oyida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Suma Chakrabarti Linkedin sahifasiga oʻzining Sardor Umurzoqov bilan tushgan suratini joyladi.

 

 

Maʻlumot uchun, u 2022-yil iyulidan beri Prezident administratsiyasi rahbari, ungacha esa bosh vazirning Investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimida ishlab kelgan.

 

Saida Mirziyoyeva Prezident yordamchisi

 

Yana 2023-yil avgust oyi.

 

Saida Mirziyoyeva Oʻzbekiston Prezidenti yordamchisi lavozimiga tayinlandi.

 

 

Tayinlovgacha 38 yoshli Mirziyoyeva Prezident Administratsiyasining kommunikatsiyalar va axborot siyosati shuʻbasi mudiri lavozimida ishlayotgandi.

 

Aziz Voitov ishdan ketdi, hozir tergovda

 

Oktabr oyida qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov lavozimidan ozod etildi, u 2022-yil avgust oyi oxiridan buyon vazirlikni boshqarib kelayotgandi. Voitovning nima sababdan ishdan olingani va qaysi lavozimga tayinlangani ma’lum muddat noma’lum edi. 

 

 

Dekabr oyining oʻrtalarida sobiq vazirning qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqala boshladi. Ma’lum qilinishicha, u iqtisodiy jinoyatlar bilan bog‘liq ish doirasida tergov qilinmoqda.   Oliy sud jinoiy ish boʻyicha bergan maʼlumotlarga koʻra, Voitov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.

 

Ma’lumot uchun, Voitov o‘z vaqtida “O‘zbekiston sanoat-qurilish banki” ATB boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan. 2020-yilning mart oyida esa oʻsha paytda bosh vazir oʻrinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri boʻlgan Sardor Umurzoqovga birinchi oʻrinbosar boʻlgan, 2022-yil avgust oyidan buyon qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.

 

Nurmat Otabekov ham yangi lavozimda

 

Pandemiya sabab jamoatchilikka yaxshi tanish Nurmat Otabekov ham 2023-yilda oʻz lavozimini oʻzgartirdi. Gap shundaki, u Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisiga birinchi oʻrinbosar boʻldi.

 

 

U bungacha Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori, Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori kabi lavozimlarda ishlagan.

 

3 yil ichida 3 ta vazirlik boshqaruvi

 

Sobiq Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham uch yil dan buyon Yangi yilni har xil vazirlikda qarshilamoqda. U 2 yil avval innovatsion rivojlanish vaziri sifatida faoliyat yuritgan boʻlsa, 2022-yil dekabrda oliy taʻlim, fan va innovatsiyalar vaziri sifatida ish boshlagan. 

 

 

Joriy yilning oktyabr oyida esa qishloq xoʻjaligi vaziri boʻldi. Bu haqda 26-oktabr kuni Qarshi shahrida Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan yigʻilishda maʻlum qilindi.

 

Shou biznesdan “Vaqf” fondigacha

 

1-noyabr kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi aʻzolarining yigʻilishida “Yurak amri” loyihasiga boshchilik qilgan Sardor Rahimxon (Sanjar Rahimov) fond rahbari oʻrinbosari — “Vaqf” xayriya ishlari boʻyicha direktor lavozimiga tayinlangani eʻlon qilindi.

 

 

Uning loyihasi 2020-yilda Oʻzbekistonda boshlangan pandemiya davrida kam taʻminlangan, ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat tarqatish uchun tashkil topgan.

 

May oyiga kelib xayriya loyihasi vaqtincha yopilgan. Oʻshanda Sardor Rahimxon xatolarni isloh qilib, rasmiy faoliyatga tayyorgarlik koʻrish maqsad qilinganini taʻkidlagandi.

 

Sardor Rahimxonni koʻpchilik sanʻatkor sifatida taniydi. Hozirda esa ijoddan ketib xayriya ishlari bilan shugʻullanmoqda.

 

Shahnoza TOʻRAMURODOVA,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19360
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16491
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi