Talabchan ota, mehribon aka, jonkuyar doʻst va samimiy hamkasb – Uygʻoq qalbli insonlarni xotirlab...


Saqlash
11:05 / 08.05.2024 655 0

Hayotda koʻp narsa unutiladi, esdan chiqadi. Ammo shunday insonlar borki, ezgu fazilati, amallari bilan koʻpchilik qalbida muhrlanib qoladi. Oyina.uz turli sohalarda faoliyat yuritib, vatanparvarligi va fidoyiligi bilan jamiyatda, oilada, doʻstlar qalbida oʻchmas iz qoldirgan oʻzbekistonliklar xotirasini yod etadi.

 

 

Abdusaid Turdiyev,

Oʻzbekiston Qahramoni, marhum Jonsaid Turdiyevning ukasi:

 

Eslayman, 1969-yilda qish juda qattiq kelgan edi. Men u paytlar oʻquvchi edim. Bir kuni maktabga ketayotib, oyogʻimning tizza qismigacha qorga botib qoldim. Izgʻirin shamoldan yuzim qizarib, koʻzlarimni ocha olmay yarim yoʻldan qaytib keldim.

 

Uyga kirib, maktab papkamni yerga otib, “darsga bormayman” deb janjal qildim. Shunda akam “havo sovuqligi maktabga bormaslikka bahona boʻlolmaydi, qani yur”, deb meni yetaklab, papkamni yelkasiga osib, sinfxonamgacha kuzatib qoʻygan.

 

Akam hazilkash, xushchaqchaq, bolalarga mehri oʻzgacha inson edi. Armiyaga ketganida biz 4 yil koʻrisha olmaganmiz. Harbiy xizmatni oʻtab, uyga qaytganida turli qiziqarli voqealarni aytib, bizni rosa kuldirgan.

 

 

Aytishicha, uydagilar akamga pochta orqali turli yeguliklar joʻnatganda xizmatdosh oʻrtoqlari ularni darrov yeb qoʻyishar ekan. Ayniqsa, onam oʻzi sogʻgan sigirning qatigʻidan tayyorlagan qurtlarning mazasi akamning quroldoshlariga juda yoqqan ekan. Xizmatdagi boshqa millat yigitlari “bu qanday tayyorlanadi?” deb soʻrashganida, akam “suzmadan oz-ozdan olinib, qoʻltiqning tagiga qoʻyilib, yumaloq qilinadi” deb hazillashgan. Shundan keyin oʻsha yigitlar qurtga qaramay ham qoʻygan ekan. Akam esa onam oʻz qoʻllari bilan tayyorlagan qurtlarni maza qilib oʻzi yegan.

“Bu – qizgʻanchiqlik yoki oʻz nafsini oʻylash emas edi. O‘sha yeguliklarda onamning mehrini, issiq taftini his qilardim. Yozda dalada sigir boqqanim esimga tushib, bundan oʻzgacha kuch olardim”, degan edi akam.

 

Keyinchalik “Qolmoqqir” koniga ishga kirgach, yillar davomida biror marta ham kasallik taʼtiliga chiqmagan va rejani hammadan oldin ortigʻi bilan bajargan. Bu ishga boʻlgan mehr va masʼuliyatning namunasi edi.

 

Soʻnggi yillarda barcha oila aʼzolarimizni bir joyga jamlab, yurtimizning eng goʻzal maskanlariga sayohatga olib borardi. Biz akamdan mehr-oqibat, fidoyilik, masʼuliyat va vaʼdaga vafo singari ezgu fazilatlarni oʻrgandik.

 

 

Hotamjon Hakimjonov,

Askiya sanʼati ustasi, marhum Mamasiddiq Sherayevning shogirdi:

 

Oʻz sohasining ustasini koʻrganimizda “xudo bergan” degan soʻzni ishlatamiz. Ustozim Mamasiddiq akaning ham xudo bergan isteʼdodi bor edi. Aslida askiya – nodir sanʼat. Unda mavzu, sarlavha boʻlsa boʻldi, davom etaveradi.

 

Ustozimning kursdoshi u kishi haqida bir voqea aytib bergandi.

 

Talabalik yillari dars jarayonida repetitsiya mashgʻulotlari ham oʻtkazilar ekan. Mamasiddiq aka sahnaga chiqsalar dars oʻtayotgan oʻqituvchining oʻzi ham yuzini burib, kulib-kulib olar ekan.

 

Dastlab rus tilida yaratilgan “Vodillik kelin” filmida kichik askiya parchasi bor. Oʻsha askiya parchasi Mamasiddiq akadan boshlanadi. Ana shu kino dunyo qiziqchilari orasida mashhur boʻlgan. Askiya sanʼati boshqa mamlakatlarda boʻlmagani uchun ushbu kinoni koʻrgan dunyo qiziqchilari askiya sanʼatiga katta baho bergan.

 

“Askiya sanʼati doimiy hozirjavoblikni talab qiladigan, faqatgina Fargʻona vodiysiga xos boʻlgan benazir sanʼat ekanligidan yana bir bora hayratga tushdim. Ayni paytda askiya sanʼatining mohir ustasi Muhammadsiddiq Sherayev oʻz shogirdlarini tarbiyalayotganidan mamnunman”, deb yozgan Rossiya xalq artisti Vladimir Vinokur. Bu eʼtirofni oʻqib ustoz rosa xursand boʻlgan edilar.

 

 

Ustozimning onalari Maqsudaxon aya doʻppi tikardilar. Mamasiddiq aka oilada yagona farzand boʻlgani uchun Fargʻonadan Toshkentga kelib ijod qilmagan. Yaʼni, onalarining raʼyiga qarshi chiqa olmagan.

 

“Oʻta zukko odamgina askiyachi boʻla oladi. Asosiy maqsad kuldirish emas, tarbiyalashdir, askiya  sanʼati kelajakda ham davom etsin”, deb harakat qilardilar ustoz.

 

“Qaysi odamning qalbida dardi boʻlsa, mazmunli ashulalar yoki askiyalarni eshitganida ‘dooodʼ deb yuboradi”, degan soʻzlari hech esimdan chiqmaydi. Umrimning eng gullagan davrlarida, oʻttiz yildan ortiq vaqt davomida yonlarida shogird sifatida Muhammadsiddiq akadan juda koʻp fazilatlarni, jumladan, ustozga hurmat, ardoqni oʻrganganmiz.

 

 

Shodi Otamurod,

Yozuvchi, marhum Luqmon Boʻrixonning hamkasbi:

 

Menga Luqmon Boʻrixon bilan birga ishlash nasib qilgan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida ijodiy kengashlar kotibiyati xodimlari – Sobir Oʻnar, Luqmon Boʻrixon va men bitta xonada oʻtirardik. Odatdagi ish tartibi bir xil edi: ertalab kimdir barvaqtroq, kimdir sal kechroq keladi. Muhimi, xonamizda har kungiday jam boʻlamiz. Ishimiz duodan boshlanadi.

 

 Ayting, eshon bobo, – deydi Sobir aka kaftlarini duoga ochib. Sobir akaning biroz jaydari, biroz daʼvatkorona, biroz qadrdonlarcha murojaatidan keyin Luqmon aka har doimgi “vazifa”sini mahorat bilan uddalaydi...

 

Ishga shoʻngʻiymiz. Ishini kelgan joyidan davom ettirayotgan Luqmon aka allamahal oʻtgach, tanaffus qilgan boʻladi. Avval menga, keyin Sobir akaga yuzlanadi. “Yangiliklardan gapiring, Sobir Hamzayevich” deb qoladi.

Akaning “Sobir Hamzayevich” deb hazil aralash, erksinib gapirishida ham oʻzgacha samimiyat bor edi. Bu gapdan “keling, birpas suhbatlashaylik, undan-bundan gaplashaylik” degan istak bilinib turardi. Sobir aka ham shuni kutib turganday, gap xaltasi ochilib ketardi. Keyin yana ish.

 

Ikki qadrdon doʻstning bir-birini gap-soʻzsiz tushunishini, bir-birini avaylashini koʻrib, ochigʻi, havasim kelardi. “Yoshlik” jurnali va boshqa tahririyatlarda xuddi egizakday boʻlib, yelkama-yelka ishlashgan bu ikki joʻra oʻtmishini oʻzgacha orziqish bilan eslaganida, ana shu qadrdonlik yanada sezilardi...

 

 

Luqmon aka otasidan ayrilib, Qashqadaryodan qaytganda, Sobir aka shifoxonada komada yotgandi. “Otamdan ayrilganim yetmaydimi, doʻstimga ne boʻldi”, deya koʻziga yosh oldi. Sobir akani qabrga joylab, qaytganimizda Luqmon aka ogʻir xoʻrsindi. “Eng yaqin doʻstim hech narsa demay, indamay meni tashlab ketdi”, degandi yigʻlamsirab. Oradan sakkiz oy oʻtib, doʻstining oldiga shoshdimi, Luqmon aka ham hammamiz bilan manguga xayrlashdi.

 

Bu yoʻqotish biz kabi ukalarini qattiq qaygʻuga soldi.

 

Oʻzbek nasrida Luqmon Boʻrixon degan nom qoldi. Uning asarlarini xalqimiz sevib oʻqiydi. Yozuvchi ijodini kuzatsangiz, uning har bir yozgan asari darrov mashhur boʻlgan, tez tilga tushgan. Buning yagona sababi, albatta, Luqmon Boʻrixon katta isteʼdod egasi ekanligidadir. Umrining oxirida yozgan “Imom Moturidiy” romanini adabiyot ahli, olimlar va oʻquvchilar katta mamnuniyat bilan qabul qildi.

 

Ulugʻ ajdodlarimizdan biri, mashhur alloma Abu Mansur Moturidiyning badiiy siymosini aks ettirish aslida oson ish emasdi. Luqmon aka shu mashaqqatli ishning uddasidan chiqdi.  Luqmon Boʻrixon ijodi haqida katta olimlar, adabiyot namoyondalari salmoqli gaplar yozdi va yozyapti. Mening yozganlarim esa, uning hayotidan bir tomchi, xolos.

 

Oʻylab qarasam, oldimizdan katta daryolar oqib oʻtgan ekan...

 

 

Sadoqat Samandarova,

Jurnalist, marhum Sohibjon Alijonovning qizi:

 

“Davr intervyu” koʻrsatuvida ishlab yurgan kezlarida dadamning yaxshi bir odati bor edi. Har yakshanba, albatta, oʻz qoʻllari bilan biron tansiq taom tayyorlardi. Ovqatlanishdan yarim soatlar oʻtgach, oilaviy futbol oʻyinimiz boshlanardi. Men koʻpincha dadamning darvozaboni boʻlganman. Uyimizning uzun yoʻlagi oxirida esa opam va ukamdan iborat jamoaning darvozasi boʻlardi. Men hujumda oʻynaganimni eslolmayman, oʻshanda ham dadam menga yengilroq, ammo oʻta masʼuliyatli vazifani topshirgan ekan.

 

Futbolning sharti yutqizgan jamoa gʻolib jamoaga muzqaymoqqa “erishi” kerak boʻlardi. Axir qanday qilib biz bolalar muzqaymoqqa “erishi”miz mumkin? Tabiiyki, har ikki holatda ham “mukofot”ni sotib olish dadamning chekiga tushardi. Faqat yutgan emas, hamma, bir chetda bizga tomoshabinlik qilib turuvchi, goh u, goh bu jamoaga “balet” qilguvchi onam ham muzqaymoqdan bahramand boʻlgan.

 

Puli dadamdan, muzqaymoqni olib kelish esa “ship” etib borib-kelishni eplaydigan mendan edi. Garchi oʻsha paytlarda dadam koʻplarning nazariga tushgan mashhur telejurnalist Sohibjon Alijonov sifatida tanilgan boʻlsa-da, xuddi yosh boladek muzqaymoqni nonidan ajratib, kosaga solib, eritib yeyish odati kechagidek koʻz oʻngimda...

 

 

Dadamning salobatlaridan hayiqardik. Avval oyim orqali qanday kayfiyatda ekanliklarini bilib, keyin qoʻngʻiroq qilardik. Menga har doim: “Sen opang va ukangga koʻp ham oʻxshamaysan. Haqiqatparastsan, oʻylaganingni gapirmasang turolmaysan”, derdilar.

 

Biror fikrlarini inkor etsam, “haaa, mayli hamma ham oldin mening baʼzi gaplarimni qabul qila olmaydi, keyinchalik, ‘omaʼ toʻgʻri aytgan ekansiz, deb keladi oldimga”, deya qosh qoqib qoʻyardilar. Yoʻqotganimizga 1 yildan oshdi. Bugun dadamning har borada haq boʻlganliklarini kun sayin, soat sayin anglayapman.

 

Aksar “munozaralarimiz” mening “xoʻp, unda nima qilish kerak?” degan soʻrogʻimga dadamning eng odil javob berishi bilan tugardi. Qancha qaysarligim tutmasin, fikrlariga osongina rozi qilib qoʻyardilar. Qanday qilib “taslim boʻlib” qolganimni bilmay ham qolardim. Dadam har qanday vaziyatda ham kuchli edilar. Ojiz boʻlishni istamasdilar.

 

Dadamning ishxonasi – Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Media markazi tomon yoʻlim tushsa, birga tushlik qilaylik, deb qoʻngʻiroq qilgim kelardi. Ammo ishlari jiddiy, yana odatiy bahslarimiz boshlanib ketsa, asabiylashtirib qoʻymay, deb botina olmasdim.

 

– “Qizim, koʻp kitob oʻqish baʼzan zarar, hayot kitob emas, ulardan qanday yashashni emas, qanday yashamaslikni oʻrganishing kerak”, derdilar-u, ammo boʻsh boʻlishlari bilan kitob oʻqishga tushardilar. “Har doim ham haqiqat gʻolib boʻlmaydi, haqiqat talashma” deb koyib, oʻzlari bir umr haq soʻzni aytib yashadilar.

 

Dadamning hamkasblari, doʻstlari va shogirdlari uni faqat professional jurnalist, deb emas, asl inson deya alqaganda dilimda oʻzgacha gʻurur joʻsh uradi. Xulosa qilyapmanki, dadam hayotda mansab yoki mashhurlik bilan emas, qilingan ezgu amallar bilan odamlar mehrini qozonish mumkinligini isbotlab ketdilar...

 

Dilfuza MAHKAMOVA,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16822
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi