Yangi janrda yozilgan yangicha asar – yozuvchi dardlarini qora yumorga yashirgan “Dardisar” romani tahlili


Saqlash
10:05 / 07.05.2024 657 0

Yangi nomiga unchalik tilim kelishmaydigan eski G‘afur G‘ulom nomidagi bolalar bog‘iga bolalarimni aylantirishga olib borib, kitob yarmarkasi ustidan chiqib qoldim. Boshqalaridan ko‘ra anchayin sifatli kitoblar bosadi, deb hisoblaydiganim “Akademnashr” pavilonini izladim. Yangi chiqqan roman deya tutqazilgan ushbu kitobni qo‘limga oldim-u, rosa dardisar bo‘ldi. Uyga kelguncha metroda, undan chiqib avtobusda o‘qib keldim. Jinning hayratomus sarguzashtlaridan ta’sirlanib, kechki ovqat mahali ham kitobni qo‘limdan qo‘ymasam, deng... Ayolim hayron, yaxshiyam, bog‘da rosa o‘ynab, charchagan bolalar tezda uyquga ketdi. Bir asabiylashib, kitobni otib qolaman, bir sharaqlab kulib yuboraman. Xullas, Xurshidning qariyb bir yil davomida yozganini bir kechada bitirib, so‘nggi satrlarni o‘qiyotganimda bomdod azoni elas-elas eshitilayotgan edi. Meni bunchalik o‘ziga tortgan, uyqudan qoldirgan narsa nima edi? Keling, birma-bir aytib beray...

 

Romanda biroz mistika, biroz fantastika, biroz sarguzasht, ko‘proq realistika aralashgan bo‘lsa-da, juda katta qora yumor yashiringan. Bugungi jamiyatdagi muammolar, odamlar orasidagi munosabat, davlat boshqaruvidagi, ijtimoiy hayotdagi kamchiliklar ro‘y-rost ochib berilgan. Ishsizlikning og‘ir yuki, pul topish uchun har nega tayyor odamlar, turli kasbdagi turfa taqdirlar, xullas, siz-u bizning oramizdagi odamlarning tipik umumlashma obrazlari misolida o‘zimizga oyna tutilgan.

 

Romandagi tagma’nolarni, kinoya-yu qochirimlarni anglash uchun kitobxon ijtimoiy faol va bugungi jarayonlardan, hazillardan boxabar bo‘lishi talab etiladi. Yo‘qsa, kosa tagidagi nimkosani ming urinmasin, ko‘rolmaydi. Masalan, oxirgi yillarda internet tarmog‘ida, ommaviy axborot vositalarida shov-shuvlarga sabab bo‘lgan voqealardan bexabar odam romandagi matematika fanidan chempion bo‘lgan bolaga qovun-tarvuz sovg‘a qilingani, shifokorning kaltaklangani, hofizning kayf-safoga berilgani, “Zakovat” o‘yini boshlovchisining shkaf izlab qolgani, Ixtiyorning “Shunchaki kulib qo‘ydim”, degan gaplarini jo‘ngina to‘qima voqelik deb qabul qiladi va  tagidagi katta fojialarni anglamaydi. Demak, bu kitob jamiyatimizning faol odamlari uchun, ziyrak ziyolilar uchun yozilgan, degan xulosaga kelish mumkin.

 

Asardagi joy, partiya va gazeta nomlari, ismlar to‘qima bo‘lsa-da, ularning ortida bugungi kun odamlari turganini sezish qiyin emas. Sinchiklab e’tibor qilgan o‘quvchi real shaxslarni, zamondoshlarini ham bemalol taniy oladi. Hatto, qaysidir qahramon siymosida o‘zini ko‘rib qolib hayratlanishi ham turgan gap. Masalan, shifokor Jo‘lomonovga o‘xshagan doktorlar bizning mahallada ham bor. Kunda bo‘lmasa ham oyda bir-ikki qaysidir hududda shifokorning kaltaklangani haqidagi xabarlarga duch kelamiz. Ularning huquqiy himoyasini ta’minlash bo‘yicha ishlar qilinayotgan bo‘lsa-da, bunday xunuk holatlar ortsa ortyaptiki, kamaymayapti. Yoki Asad muallimga o‘xshagan o‘qituvchilar ozmi? O‘zbekistonda eng kam maosh oladigan soha vakillari orasida eng oxirgi o‘rinda o‘qituvchi va shifokorlar turgani hech kimni hayratlantirmayaptidi-ku... Bo‘taqul Botirga mengzaladigan mahalla raislari ham hujjatbozlik va majlisbozlikdan bezib, boshini qay toshga urishni bilmay yurgani ayni haqiqat emasmi? Qo‘ylibek Qultoyev singari deputatlarning saylovlar arafasida turli bema’ni takliflar berib “qovun tushirishi” ham hammamizni ko‘niktirib qo‘ygan. Tursunboy kabi talabalarning telefondan bosh ko‘tarmasligi, o‘qishga qiziqmasligi-da kunday ravshan. Ammo bu qahramonlarni yozuvchi shunchalik mahorat va badiiy bo‘yoqdorlik bilan beradiki, kulib turib yig‘laysiz, nafratlanib turib, rahmingiz keladi, “battar bo‘l”, deysiz-u, joningiz achiydi.

 

“Dardisar”ning tili juda yengil, ammo hazmi og‘irligi bilan sizni o‘ziga tortadi. Asarni o‘qirkansiz, Xurshid bilan suhbatlashgandek bo‘lasiz. Ixcham va ortiqcha izohlarsiz ta’riflar, o‘ziga xos portretlar, peyzaj va metaforik o‘xshatmalar, voqealarning ravon va sodda ifodasi, qisqa, ammo ta’sirli diologlar, mazmunga mos she’riy parchalar va hikmatli so‘zlar romanning haqiqiy bezagiga aylangan. “Bo‘taqulning dard-u hasrati g‘ijjakda chalinadigan motam kuyi kabi tobora avjiga chiqib bordi”. “Mobodo qachondir omading kelmay, ishlaring orqaga ketib qolaversa, bir aylanib ol, shunda ishlaring oldinda bo‘ladi”. “Hayotning o‘zi zarbulmasal bo‘lib turganda, bu masaldan ne foyda?” “Zamondan qolmay deb uyatda qolmasak bo‘ldi”. “Agar og‘zingizdan chiqayotgan so‘zlarning shakarini ajratib olib, qayta ishlab chiqarsak, pulning tagida qopketamiz”. Asarda bunday o‘xshatish va topilmalar bisyorki, ularda yozuvchining hassosligi va mahorati namoyon bo‘ladi. Shuningdek, “motivatsiya”, “imidj” kabi yangi so‘zlar ham tez-tez uchrab turadi.

 

Asar qahramonlari tasviri yarim yumoristik, yarim realistik xususiyatga ega. Tursunboyning sevgilisini tasvirlar ekan, adib shunday yozadi: “Ofatxon deganimiz dunyo go‘zali Monika Beluchchi kabi bo‘lmasa-da, har qalay xushro‘ygina qiz edi. Yuzidan upa-elikni, qadamidan noz-u karashmani, labidan tabassumni ayamaydigan qiz edi Ofatxon. O‘rtabo‘y, ozg‘indan kelgan, oppoq va yoqimtoy ko‘rinuvchi bu sanamning oshiqlari bisyor ediki, ular Tursunboy qatori Ofatxonning visoli yo‘lida jidd-u jahd bilan g‘ayrat kamarini belga bog‘lagandilar”.

 

Yozuvchi bugungi davr muammolarini qahramonlar tilidan yengil ifodalar orqali beradiki, yumor va yashirin kulgu orasida zilday gaplarni angab olish u qadar oson emas. Har doim xalq uchun kuyunib yuradigan Bo‘taqul bir o‘rinda shunday deydi: “Ikki uy naridagi qo‘shnim besh harfli so‘zda sakkizta xato qilsa ham, mashina minib yuribdi. Imlo lug‘atining tili bo‘lsa so‘zlasin”. “Kechagina dunyoni yangilayman deb yurgan Jumaniyoz jipiriq bugun oq-qora rangli televizorini yangisiga almashtirolmay halak”. Bu bugungi kun odamlarining badiiy talqini. Bir qarashda sodda va to‘pori ko‘ringan Bo‘taqul faylasuf ham. “Faqirlik yuki mayli, bundan qutulish mumkindir, ammo miyadagi mahdudlikdan xalos bo‘lish mumkinmikan?”, deya yozg‘iradi Jinga. Yoki mudom katta rahbarlar haqida kitob yozib yuradigan Jobir Sobirga qarata “Biror choyxonada yo to‘y-hashamda kitob haqida bahs-u munozara ko‘rmadim. Lekin qayoqdagi bir betayin serial uchun oilasini ham unutib qo‘yganlarni ko‘rdim”, deya jon koyitadi. Asarda bunday ijobiy obrazlar oz emas. Hokim Kattakonov ham odamlar nazdida qattiqqo‘l va poraxo‘r bo‘lib ko‘rinsa-da, aslan ko‘ngli tozaligi ko‘rinib turadi. Ammo shu jamiyat doshqozonida qaynashga majburligi, ilojsizligi vajidan shunday ishlashga mahkum. Ixtiyor 11-01 tomonidan ixtiro qilingan poraxo‘rlikni aniqlaydigan apparat unga rosmana dardisar bo‘ladi. Balki, asar nomi aynan mana shundan olingandir. Chunki boshqa joyda bu nomga bog‘liq vaziyatlarni anglay olmadim. Hokimning yakunda ixtirochi yigitga barcha qurilmalarni yo‘q qilishni buyurib, jahl bilan aytgan quyidagi gapi korrupsiyaning qanchalik xavfli va ko‘p tarmoqli ekanini ko‘rsatadi: “Biz sening ixtironga hali tayyor emasmiz. Axir, korrupsiyaga test topshira turib natijani soxtalashtirish uchun bir-biriga pora berib yurganlarning daragini eshitdim. Bunga chidab bo‘ladimi?”

 

Romandagi eng yumoristik qahramonlardan bir Chori Chopradir. U matematika o‘qituvchisi bo‘lsa-da, adabiyotga ixlosi baland, ajib hazil she’rlar bitadi. Shu orqali o‘z ko‘nglini ko‘tarib, dilidagi dardlarini to‘kadi.

 

Tur, Choriqul, axir ish vaqti bo‘ldi,

Ishlamay ishlashni do‘ndirish vaqti bo‘ldi.

 

Uning yumor va kinoya aralashib she’rlari XIX asr oxiri XX asr boshlarida ijod qilgan Zavqiy va Maxmurlarning g‘azallarini yodga solib yuboradi. Bu she’rlarni zukko kitobxon oldin ham ijtimoiy tarmoqlarda o‘qigan bo‘lib chiqar.

 

Men Xurshid Abdurashidni shoir sifatida taniganman. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Birinchi kitobim” rukni ostida chiqqan “O‘sha men edim”, “Akademnashr” tomonidan “Izlam” turkumiga kiritilgan “Faqat u qoldi” kabi she’riy to‘plamlaridagi bitiklarini o‘qib, havaskorlik bosqichidan o‘tgan katta bir shoirni kashf etgan edim. Uning shoirligi “Dardisar” romanida ham o‘z ta’sirini o‘tkazgani yaqqol seziladi. Ba’zan shunday holatlar bo‘ladiki, uni yuz varaqli ta’rif bilan ham tasvirlab bo‘lmaydi, ammo to‘rt qator she’r vaziyatni his etishingizga yordam beradi. Buni chuqur anglagan muallif shunday yo‘l tutadi. Goh Usmon Azimdan, goh Abdulla Oripovdan, goh Farhod Arziyevdan to‘rt qator she’r keltirish orqali qahramonlar holatini ifoda etib qo‘yadi.

 

...Goho savdo-sotiq rastama-rasta,

Yelkangiz tirishdi aylanib kelib.

Molingiz bo‘lmasa sotishga agar,

Do‘stingizni soting, masalan, meni...

 

Farhod Arziyev qalamiga mansub o‘shbu she’r orqali yozuvchi qahramonining o‘sha vaqtdagi vaziyatini ifoda etadi. She’rga hech qanday izoh ham, ta’rif ham bermaydi. Inchunin, o‘quvchi o‘qib, tushunib olaveradi.

 

Asarda tishga tegadigan jumlalar, ensangizni qotiradigan tasvirlar bo‘lmasa-da, ayrim syujetlarni yanada boyitish, ayrim tasvirlarni biroz tahrir etish mumkin. Kitobning keyingi nashrlari oldidan yozuvchi romanga tanqidiy nigoh bilan yana bir qur ko‘z tashlab chiqsa yomon bo‘lmaydi.

 

Romanning syujetiga, uning asosiy qahramoni bo‘lgan janob Jinga atay ko‘p to‘xtalmadim. Kitobni o‘qigan o‘quvchiga eng qiziq joylari qolsin, dedim. Binobarin, tuni bilan o‘qib chiqib, ertasi kuni dardisar bo‘lgan, boshimni og‘ritib yurgan narsa ham uyqusizlik emas, balki Jinning biz haqimizda o‘ylaganlari edi, jamiyatimizga tutilgan ko‘zguga qarab, qalbimni tirnagan hayratlar edi.

 

Xurshid Abdurashidni yangicha bir uslub yaratish yo‘lidagi izlanishlari muvaffaqiyatli chiqqani bilan bemalol tabriklasak bo‘ladi. O‘zbek kitobxoniga o‘qisa bo‘ladigan yana bir asar muborak bo‘lsin!

 

Begzod IBRAGIMOV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat

o‘zbek tili va adabiyoti universiteti

mustaqil tadqiqotchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19456
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi