Prezidentning ShHT majlisidagi nutqi eʼlon qilindi

Saqlash
22:26 / 16.09.2022 1906 2

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining majlisidagi nutqi.

 

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

 

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

 

Xonimlar va janoblar!

 

Sizlarni Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida chin dildan qutlayman.

 

Qadimiy va mehmondoʻst Samarqand shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar rahbarlarini, faxriy mehmonlarimiz va xalqaro tashkilotlar vakillarini shaxsan qabul qilish sharafiga muyassar boʻlganimdan mamnunman.

 

Buyuk ipak yoʻlining qoq yuragida joylashgan bu muazzam shahar ming yillar davomida millatlararo muloqot, oʻzaro madaniy va maʼnaviy hamkorlik, savdo va ilmiy almashinuvlar markazi sifatida xizmat qilib kelgan.

 

Bugungi kunda pandemiya va dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, Samarqand yana bir bor Yevroosiyoning ulkan makoni yetakchilarini birlashtirgani, xalqaro siyosat va iqtisodiyot markaziga aylangani quvonarlidir.

 

Men anjumanimizda birinchi marotaba ishtirok etayotgan davlat rahbarlari – Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri janob Shahboz Sharif, Turkiya Respublikasi Prezidenti janob Rejep Tayyip Erdogʻan, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti janob Ilhom Aliyev, Turkmaniston Prezidenti janob Sardor Berdimuhamedovni samimiy qutlayman.

 

Oʻzbekistonga xush kelibsiz!

 

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!

 

Biz ShHTga raislik davrimizda Tashkilotimiz doirasidagi amaliy hamkorlikni faollashtirish, uning salohiyati va xalqaro nufuzini oshirishga intildik.

 

Xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirishga ustuvor eʼtibor qaratildi.

 

Tashkilot faoliyatining barcha sohalarida koʻplab tashabbuslar amalga oshirildi. Pandemiya va global inqiroz oqibatlariga qaramasdan, Raislik rejasini birgalikda toʻliq amalga oshirishga muvaffaq boʻldik. 80 dan ortiq yirik tadbirlar oʻtkazildi. Hamkorlikdagi saʼy-harakatlarimiz bugun qabul qilingan 40 dan ortiq hujjatda oʻz ifodasini topgan.

 

ShHTning barcha davlatlari, shuningdek, Tashkilot Kotibiyati va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasiga raisligimizga faol yordam bergani uchun yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.

 

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

 

Dunyoda ishonch va oʻzaro bir-birini tushunish taqchilligi sezilayotgan, qarama-qarshiliklar va mojarolar kuzatilayotgan bugungi sharoitda barqarorlik va xavfsizlikka nisbatan koʻplab tahdidlar kuchaydi.

 

Iqlim oʻzgarishi, suv va tabiiy resurslarning yetishmasligi, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi kabi zamonamiz muammolari barqaror rivojlanish uchun jiddiy xavf tugʻdirmoqda.

 

Oʻzaro ishonch, adolat va hamjihatlikka talab global miqyosda tobora ortib bormoqda. Shu munosabat bilan ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish har qachongidan ham koʻproq talab etilmoqda.

 

Tashkilotimiz faoliyati shunday muloqotni amalga oshirish mumkinligini dunyoga namoyon etmoqda.

 

ShHT ochiqlik va bloklarga qoʻshilmaslik tamoyillariga qatʼiy sodiqligi tufayli ishtirokchi mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlab, xalqaro hamkorlikni muvaffaqiyatli tarzda chuqurlashtirmoqda. ShHT tarkibi kengayib, sheriklik munosabatlarimiz rivojlanib bormoqda.

 

Bugun Eron Islom Respublikasining Tashkilotga toʻlaqonli aʼzo sifatidagi majburiyatlari toʻgʻrisidagi Memorandum imzolanmoqda. Ushbu tarixiy voqea bilan Eron Prezidenti janob Ibrohim Raisiyni va barcha hamkasblarimizni chin qalbimdan tabriklayman.

 

Misr Arab Respublikasi va Qatar Davlatiga muloqot boʻyicha sheriklar maqomini berish toʻgʻrisidagi memorandumlar imzolanishini mamnuniyat bilan qabul qilamiz.

 

Bundan tashqari, biz Belarus Respublikasiga SHHTning toʻlaqonli aʼzosi, Bahrayn Podshohligi, Kuvayt Davlati, Maldiv Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va Myanma Ittifoqi Respublikasiga – muloqot boʻyicha sheriklar maqomini berish boʻyicha protseduralarni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilmoqdamiz.

 

ShHTning geografik qamrovi kengayayotgani oʻz misolida samaradorlik, oʻzaro bir-birini tushunish va amaliy saʼy-harakatlarni namoyish etayotgan Tashkilotimiz faoliyatining dolzarbligini yana bir tasdiqlamoqda.

 

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

 

ShHT oʻz taraqqiyotining yangi, yanada masʼuliyatli bosqichiga qadam qoʻymoqda. Zimmamizda hamkorlikning koʻplab ustuvor vazifalarini birgalikda hal etish masʼuliyati turibdi.

 

Bizning fikrimizcha, avvalambor, Tashkilotning bloklarga qoʻshilmaslik maqomini va uning ochiqligini saqlab qolish muhimdir.

 

Biz xavfsizlikning yaxlitlik tamoyiliga qatʼiy rioya qilamiz. SHHTning faoliyati keng hamkorlikka yoʻnaltirilgan boʻlishi lozim. Markaziy Osiyo ShHTning “geografik yadrosi” maqomini saqlab qolishi kerakligiga ham ishonchimiz komil.

 

“Shanxay ruhi” tamoyillari asosida birdamlik, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash yana bir asosiy vazifa hisoblanadi. Biz faqat shu yoʻl bilangina ShHT mintaqasida tinchlik, barqarorlik va farovonlikni taʼminlashimiz mumkin.

 

Ushbu prinsipial yondashuvlardan kelib chiqib va bugungi xalqaro vaziyatni hisobga olgan holda, SHHTni 2040-yilgacha Rivojlantirish strategiyasini tayyorlashga kirishishimiz mumkin, deb hisoblayman. Ushbu dasturulamal hujjat koʻp qirrali hamkorligimizning barcha yoʻnalishlarini qamrab olishi, ShHTni uzoq muddatli rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berishi lozim.

 

Avvalo, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlikning amaliy taʼsirchanligini oshirish gʻoyat muhimdir.  Bu masala mintaqada barqarorlikni taʼminlash va mamlakatlarimiz aholisi farovonligini oshirishning asosiy shartlaridan biridir.

 

Koʻrinib turibdiki, koʻproq iqtisodiy barqarorlikka erishish uchun mintaqaviy hamkorlikning ishonchli modellaridan foydalanish zarur. SHHT mamlakatlari oʻrtasida qisqaroq “taʼminot tayanchi”ga ega ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish uchun amaliy harakatlarga oʻtish oʻta muhimdir.

 

Biz ShHT mamlakatlari iqtisodiyotlarining bir-birini oʻzaro toʻldirib borishdagi afzalliklarini hisobga olgan holda, mavjud salohiyatni maksimal darajada oshirishdan manfaatdormiz. Shu munosabat bilan ShHTning yangi iqtisodiy muloqotini boshlash asosida sanoat va texnologik hamkorlikning umumiy makonini shakllantirishni taklif etamiz.

 

Uning asosiy vazifasi savdo va bojxona toʻsiqlarini bartaraf etishga, kafolatlangan va barqaror ishlab chiqarish va taʼminot zanjirlarini shakllantirish, mahalliylashtirish va import oʻrnini bosishga qaratilgan qoʻshma dasturlarni ragʻbatlantirishni koʻzda tutadi.

 

Shuningdek, bu vazifa oʻzaro sarmoyalarni himoya qilish va ragʻbatlantirish, ularni birinchi navbatda, infratuzilmani rivojlantirish, raqobatbardosh sanoat va xizmat koʻrsatish sohasiga yoʻnaltirish orqali biz yaratgan savdo-iqtisodiy hamkorlikning barcha mexanizmlarini birlashtirish va faollashtirishdan iborat boʻladi.

 

Mamlakatlarimiz oʻrtasida keng koʻlamli iqtisodiy hamkorlikni taʼminlash va amaliy hamjihatlikning aniq natijalariga erishish maqsadida Oʻzbekistonda ShHT mintaqalarining biznes sherikligi haftaligini oʻtkazishni taklif etamiz.

 

Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va oʻzaro savdoni ragʻbatlantirish maqsadida ShHT mamlakatlari Maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzish tarafdorimiz. Biz kelgusi yilda Samarqandda “Oʻzbekiston–SHHT” sanoat zonasi bazasida maxsus zonalar administratsiyalari rahbarlarining birinchi uchrashuvini oʻtkazishga tayyormiz.

 

Yana bir chora-tadbir sifatida har yili ShHT yirik savdo yarmarkasini oʻtkazishni, uning asosida yagona elektron platforma yaratishni taklif etamiz.

 

Biz qabul qilayotgan Mintaqalararo savdoni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi ham bunga yordam beradi.

 

Yana bir muhim masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

 

Shuni tan olish kerakki, mamlakatlarimiz qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining yirik ishlab chiqaruvchilari, eksport va import qiluvchilari boʻlishiga qaramasdan, SHHT maydonchasida oziq-ovqat xavfsizligi masalalari boʻyicha hali jiddiy hamjihatlikni yoʻlga qoʻya olmadik.

 

Davlatlarimiz salohiyati ichki bozorlarni boshoqli ekinlar, chorvachilik va meva-sabzavot mahsulotlari, asosiy oziq-ovqat turlari hamda zarur oʻgʻitlar bilan muntazam taʼminlash imkonini beradi. Bundan tashqari, biz ushbu muammoni global darajada hal qilishga hissa qoʻshishimiz kerak.

 

Shu munosabat bilan Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish zarur, deb hisoblaymiz. Ushbu hujjatda mavjud normativ-huquqiy bazani yaqinlashtirish, birgalikda tadqiqotlar oʻtkazish va yangiliklarni joriy etish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutish muhim ahamiyatga ega.

 

Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash dasturlariga, toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzaro taʼminotning muvofiqlashtirilgan sxemalarini shakllantirishga, yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun samarali logistika, “yashil” va ekspress-yoʻlaklarni tashkil etishga jiddiy eʼtibor qaratish lozim.

 

Ushbu hayotiy masalalarni keng muhokama qilish maqsadida kelgusi yili Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkazishni taklif etamiz.

 

Hurmatli hamkasblar!

 

Bugun biz ShHTning Oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash va samarali transport yoʻlaklarini yaratish konsepsiyasini qabul qilmoqdamiz.

 

Konsepsiyaning asosiy qoidalarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining qoʻllab-quvvatlashi ostida Toshkent shahrida Mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlik markazini tashkil etishni taklif qilamiz.

 

Shuningdek, sammit doirasida Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi toʻgʻrisida uch tomonlama Bitimning imzolanishini ham tarixiy voqea, deb hisoblaymiz.

 

Sizlarni strategik jihatdan yana bir muhim loyiha – Termiz–Mozori Sharif-Kobul–Peshovar temir yoʻli koridori qurilishini ham qoʻllab–quvvatlashga chaqiramiz.

 

Ushbu ikki loyihaning amalga oshirilishi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash, oʻzaro savdo va investitsiyalarni koʻpaytirish, umuman olganda, Tashkilotimiz makonida barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun keng imkoniyatlar ochadi.

 

Transport va kommunikatsiyalar sohasidagi barcha istiqbolli loyihalarni biz kelgusi yili Oʻzbekistonda ShHT Birinchi transport forumi doirasida muhokama qilishimiz mumkin boʻlur edi.

 

Kun tartibidagi ekologik muammolar alohida dolzarblik kasb etmoqda.

 

Bugun Iqlim oʻzgarishiga munosabat boʻyicha qoʻshma Bayonot qabul qilish orqali ShHT ushbu xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda birdamlikni namoyon etmoqda.

 

Shu bilan birga, barchamiz uchun hayotiy oʻta muhim boʻlgan ushbu sohada amaliy hamkorlikning yangi mexanizmlari va shakllari zarurdir.

 

Biz oʻz tarkibida siyosatchilarimiz, jamoat arboblari, olimlar va ekspert-ekologlar, biznes vakillarimizni birlashtira oladigan SHHT Iqlim kengashini tuzishni taklif qilamiz.

 

Bunday format iqlimga moslashish loyihalarini ilgari surish, choʻllanishga va tuproq degradatsiyasiga qarshi kurashish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishdagi hamkorlik samaradorligini oshirishga imkon beradi.

 

Bu masala Orol dengizi ekologik fojeasining halokatli oqibatlarini bartaraf etish nuqtayi nazaridan alohida dolzarb ahamiyatga ega.

 

Xavfsizlik sohasidagi samarali hamkorlik SHHT rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi. Yangi reallik sharoitida mamlakatlarimiz huquq-tartibot idoralari va maxsus xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishni mustahkamlash dolzarb masala hisoblanadi.

 

ShHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi samaradorligini oshirish, jumladan, xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlardan ogohlantirish va  ularga tezkorlikda munosabat bildirishga oid shartnomalarimiz asosida ushbu tuzilmaning faoliyatini takomillashtirishning allaqachon mavridi kelgan.

 

Mamlakatlarimizdagi vaziyatni baholash va bugungi voqelikni hisobga olgan holda majmuaviy qarorlar qabul qilish uchun Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi kengashining yillik sayyor yigʻilishlari amaliyotini yoʻlga qoʻyish muhimdir.

 

Radikalizmning oʻsib borishi xavfli tendensiyaga aylanmoqda. Yoshlarning ekstremistik tashkilotlarga jalb etilishiga yoʻl qoʻymaslik, turli nosogʻlom mafkuralarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlar qabul qilinishi maqsadga muvofiq, deb oʻylaymiz.

 

Shuningdek, koʻp jihatdan allaqachon zamonaviy hayotni belgilayotgan xavfsiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratishni istar edim.

 

Faqat kuchlarni birlashtirish orqali, bir paytning oʻzida, axborot makonidagi tahdidlarni kamaytira borgan taqdirdagina biz raqamlashtirish afzalliklaridan toʻla foydalana olishimiz mumkin.

 

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish uchun qoʻshma platformani yaratish vazifasi tobora dolzarb boʻlib bormoqda.

 

Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish ShHTning eng ustuvor yoʻnalishlaridan boʻlib qolishi lozim.

 

Ushbu masalada yaqinda boʻlib oʻtgan Toshkent konferensiyasini qoʻllab-quvvatlaganliklari uchun hamkasblarimga alohida minnatdorlik bildirishni istar edim.

 

Mazkur anjumanda afgʻon delegatsiyasi, koʻplab davlatlar va xalqaro tashkilotlarning, jumladan, ShHT vakillarining ishtiroki jahon hamjamiyatining ushbu mamlakat bilan hamkorlik boʻyicha muvofiqlashtirilgan yondoshuvlarni ishlab chiqishga boʻlgan  intilishini tasdiqlaydi.

 

Shuni taʼkidlashni istardimki, afgʻon xalqi yaxshi qoʻshnichilik yordamimizga har qachongidan ham koʻproq muhtojdir. Biz oʻtmishdagi xatolarni takrorlamasligimiz va Afgʻonistonni uning muammolari bilan yolgʻiz qoldirmasligimiz lozim.

 

Sanksiyalar siyosatining kuchaytirilishi va Afgʻonistonning hozirgi hukumati yanada yakkalanishi muqarrar ravishda mamlakat ichida radikallashuvning kuchayishiga olib keladi va uni terrorchilik tashkilotlari uchun plasdarmga aylantiradi.

 

Shu bois biz Afgʻoniston muvaqqat hukumati tomonidan ilgari qabul qilingan, shu jumladan, ayollar va bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishi boʻyicha Kobul bilan konstruktiv aloqalarni rivojlantirish tarafdorimiz.

 

Bundan tashqari, Afgʻonistonni gumanitar qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus fondni bizning mazkur mamlakatga chegaradosh boʻlgan Termiz shahrida – u yerdagi mavjud transport-logistika xabining zamonaviy infratuzilmasidan foydalangan holda, birgalikda taʼsis etishni taklif qilamiz.

 

Fond mablagʻlari ushbu mamlakatdagi ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun taʼlim dasturlari va sogʻliqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.

 

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

 

Madaniy-gumanitar aloqalar anʼanaviy ravishda hamkorligimizning mustahkam asosini shakllantiradi. Xalqlarimiz oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik va bir-birini oʻzaro toʻgʻri tushunish SHHT mintaqasidagi tinchlik va keng qamrovli sheriklikning garovidir.

 

Bugun qabul qilinayotgan Uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani amalga oshirish boʻyicha kompleks reja aynan shu maqsadlarga qaratilgan.

 

Madaniyatlar xilma-xilligini hurmat qilish tamoyiliga tayangan holda, Tashkilotimiz millionlab odamlarga madaniyatlararo muloqot va oʻzaro almashuvning yangi  imkoniyatlari eshiklarini ochib beradi.

 

ShHT doirasida universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qoʻshma sport tadbirlari va universiadalar singari qoʻshimcha formatlarni taʼsis etish zarur, deb hisoblayman.

 

Shuni qayd etishni istardimki, zamonaviy texnologiyalar bizga madaniyatlararo muloqotning raqamli platformalarini ishga tushirish imkonini beradi.

 

Bu - virtual muzeylar va ijodiy koʻrgazmalar, ilmiy videokonferensiyalar boʻlib, ular, aholi, jumladan, yoshlarni bunday loyihalarga faol jalb qilish orqali xalqlarimizning yanada yaqinlashishiga koʻmaklashadi.

 

Oʻzaro turistik oqimlarni koʻpaytirish, sayyohlik sohasida qoʻshma dasturlar va loyihalarni amalga oshirish ham shu maqsadga yoʻnaltiriladi.

 

Ushbu ustuvor yoʻnalishdagi hamkorligimizni faollashtirish uchun kelgusi yilni SHHT makonida turizmni rivojlantirish yili, deb eʼlon qilishni taklif etaman.

 

Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan Turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim birgalikdagi ishlarimiz uchun zarur huquqiy zamin yaratadi.

 

Qadrli doʻstlar!

 

Samarqand qadim-qadimdan Sharqiy Osiyodan to Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Yevropagacha boʻlgan makonda yashaydigan xalqlar oʻrtasida maʼnaviy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy almashuvlarning markazi boʻlib kelgan. Asrlar davomida bu yerda turli sivilizatsiyalar vakillari oʻrtasida samarali muloqotning oʻziga xos madaniyati yaralgan.

 

Samarqand – biz ShHTni tuzishda asos qilib olgan bagʻrikenglik va turli xalqlarning anʼana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida hayotga tatbiq etilgan jonli namunadir.

 

Hozirgi kunda geosiyosiy raqobat, mafkuraviy ziddiyat va bahslardan xoli boʻlgan bunday muloqot favqulodda zarurdir.

 

Shu bois bugun Oʻzbekiston sheriklarga umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlidagi Samarqand birdamligi tashabbusini taqdim etishdan mamnundir.

 

Bu tashabbusning maqsadi – bizning umumiy kelajagimizga befarq boʻlmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondoshuvlar va qarorlarni izlashga tayyor, “Samarqand ruhi” tamoyillariga hamfikr boʻlganlarning barchasini global sivilizatsiyalararo muloqotga jalb qilishdir.

 

Uning amaliy ijrosiga doir masalalarni siyosiy yetakchilar, jamoatchilik, ishbilarmonlar, akademik va ekspert doiralarining nufuzli vakillari ishtirokida kelgusi yili Samarqand xalqaro forumida birgalikda koʻrib chiqishni taklif etamiz.

 

Biz tez fursatlarda barcha sheriklarimizga taqdim etadigan sermazmun Harakatlar dasturi forum ishining asosi boʻladi. Sizlarning keng qoʻllab-quvvatlashingizga va tashabbusimizni targʻib qilishdagi ishtirokingizga umid qilaman.

 

Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!

 

Soʻzimning yakunida Oʻzbekiston raisligidagi maqsadlarga erishishda faol koʻmaklashganingiz uchun barchangizga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

 

Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va qarorlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligi yoʻlida mintaqaviy va global xavfsizlikni taʼminlash maqsadida Shanxay hamkorlik tashkiloti yanada izchil rivojlanishiga hamda Tashkilotimiz nufuzining yuksalishiga munosib hissa boʻlib qoʻshiladi.

 

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

2 Izohlar

Abdujalil

12:01 / 01.01.1970

Bu sammit insho olloh O'zbekiston uchun xalqaro miqyosidagi iqtisodiy yo'llarni ochadi.

Рома

12:01 / 01.01.1970

Yurtimizda bo'lib o'tgan mazkur sammit butun dunyo etiborini O'zbekistonga qaratdi. Ushbu sammit ishtirokchi davlatlar o'rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bunday uchrashuvlar mintaqani rivojlantirishda muhim o'rin kasb etadi.

Izoh qoldirish

//