Kelgusi yilni “ShHT makonida turizmni rivojlantirish yili” deb nomlash taklif etildi

Saqlash
21:28 / 16.09.2022 698 0

Prezident madaniy-gumanitar aloqalar anʼanaviy ravishda hamkorligimizning mustahkam asosi ekanini taʼkidladi. Xalqlarimiz oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik va bir-birini oʻzaro toʻgʻri tushunish ShHT mintaqasidagi tinchlik va keng qamrovli sheriklikning garovidir.

 

Bugun qabul qilinayotgan Uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani amalga oshirish boʻyicha kompleks reja aynan shu maqsadlarga qaratilgan. 

 

ShHT doirasida universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qoʻshma sport tadbirlari va universiadalar singari qoʻshimcha formatlarni taʼsis etish zarurligi qayd etildi. 

 

Madaniyatlararo muloqotning raqamli platformalarini ishga tushirish taklif etildi.

 

Oʻzaro turistik oqimlarni koʻpaytirish, sayyohlik sohasida qoʻshma dasturlar va loyihalarni amalga oshirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi. Ushbu ustuvor yoʻnalishdagi hamkorlikni faollashtirish uchun davlatimiz rahbari kelgusi yilni SHHT makonida turizmni rivojlantirish yili, deb eʼlon qilishni taklif etdi.

 

“Samarqand – biz SHHTni tuzishda asos qilib olgan bagʻrikenglik va turli xalqlarning anʼana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida hayotga tatbiq etilgan jonli namunadir”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

 

Hozirgi kunda geosiyosiy raqobat, mafkuraviy ziddiyat va bahslardan xoli boʻlgan bunday muloqot favqulodda zarurligi bois Oʻzbekiston sheriklarga umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlidagi Samarqand birdamligi tashabbusini taqdim etadi.

 

Bu tashabbusning maqsadi – bizning umumiy kelajagimizga befarq boʻlmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondashuvlar va qarorlarni izlashga tayyor, “Samarqand ruhi” tamoyillariga hamfikr boʻlganlarning barchasini global sivilizatsiyalararo muloqotga jalb qilishdir.

 

Uning amaliy ijrosiga doir masalalarni siyosiy yetakchilar, jamoatchilik, ishbilarmonlar, akademik va ekspert doiralarining nufuzli vakillari ishtirokida kelgusi yili Samarqand xalqaro forumida birgalikda koʻrib chiqish taklif etildi.

 

Davlat rahbari soʻzining yakunida Oʻzbekiston raisligidagi maqsadlarga erishishda faol koʻmak uchun hamkasblariga samimiy minnatdorlik bildirdi.

 

“Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va qarorlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligi yoʻlida mintaqaviy va global xavfsizlikni taʼminlash maqsadida Shanxay hamkorlik tashkiloti yanada izchil rivojlanishiga hamda Tashkilotimiz nufuzining yuksalishiga munosib hissa boʻlib qoʻshiladi”, dedi Prezident.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//