Jamiyat
Ijtimoiy tarmoqlarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti 3-kurs talabasi K.M.ga dekan oʻrinbosari Y.B. zoʻrlik ishlatmoqchi boʻlgani, qiz qarshilik koʻrsatgach, derazadan itarib yuborgani aytilmoqda. Poytaxt IIBB holat boʻyicha rasmiy munosabat bildirdi.
Qiz Nemolchi.uz loyihasiga murojaat qilgan va boʻlgan holatni aytib bergan.
«Joriy yilning 18-oktabr kuni u Zulfiya mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari boʻyicha dekan oʻrinbosari Y.B. xonasiga kiradi. Y.B. kutib turishini soʻraydi. Qizning aytishicha, xonadan hamma chiqib ketgach, dekan oʻrinbosari charchaganligini aytib, unga qahva damlab berishni soʻraydi. Qiz qahva damlash uchun chogʻlanganda erkak eshikni ichkaridan qulflab, chiroqni oʻchiradi. K.M. nimanidir sezganday yaqin doʻstiga qoʻngʻiroq qilib, tezroq yetib kelishni soʻraydi. Xonadan chiqay desa, erkak uni ushlab olib, xonasidagi divanga yotqizmoqchi boʻladi.
Qiz qarshilik qiladi. Eshikning u tarafida esa qizning doʻsti kelib, eshikni ochishni soʻraydi. K.M. amallab oyna oldiga kelib, yordamga chaqiradi. Shunda qizning aytishicha, erkak uni derazadan itara boshlaydi. U qanchalik qarshilik koʻrsatmasin kuchi yetmay, oynadan pastga tushib ketadi. Dekan muovini esa derazani yopib, jalyuzini tushiradi va eshikni ochadi. Qizning doʻsti B.ni olib, pastga tushadi. Atrofda yigʻilganlarga Y.B. qiz oynadan oʻzi sakragani va uni oʻzi shifoxonaga olib borishini aytadi.
K.M.ni mashina orqa oʻrindigʻiga yotqizishadi, doʻsti haydovchi oldidagi oʻrindiqqa oʻtiradi. Yoʻlda Y.B. qizning onasiga qoʻngʻiroq qilib, qiz oynadan tushib ketgani va uni shifoxonaga olib borishayotganini aytadi. Svetoforning qizil chirogʻida qizning doʻsti orqa oʻrindiqqa oʻtguncha Y.B. qizga oyna artayotib oʻzi tushib ketganini aytishini tayinlaydi. Shu payt yigit orqa oʻrindiqqa oʻtib, nima boʻlganini soʻraydi. Qiz unga sekin uni itarib yuborishganini bildiradi...» deb yozadi Nemolchi.uz.
Shifokorlar qizga tos suyagi sinishi, gematomalar va miya chayqalishi tashxisini qoʻygan.
«Joriy yilning 18 oktabr kuni taxminan soat 16.00 larda 1984-yilda tugʻilgan Y.B. oʻzining xizmat xonasida 2001-yilda tugʻilgan K.M.ning nomusiga tegmoqchi boʻlganda oʻziga bogʻliq boʻlmagan holatda jinoiy qilmishini oxiriga yetkaza olmagan. Soʻng jinoyatini yashirish maqsadida K.M.ni derazadan pastga itarib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”) va 105-modda (“Qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Y.B.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda», deyiladi poytaxt IIBB rasmiy munosabatida.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q