Uzbekistan Airports noqonuniy taksichilar provokatsiya uyushtirayotganini maʼlum qildi

Saqlash
15:33 / 15.09.2022 630 0

Dushanba kuni Toshkent xalqaro aeroportining oʻz taksi xizmati yoʻlga qoʻyilganidan soʻng noqonuniy taksi haydovchilari bir qancha provokatsiyalar uyushtirishdi, deya xabar qildi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

 

12-sentyabr kuni taksi haydovchilaridan biri aeroporti hududiga kiritmagani uchun qorovulni urgan. 14-sentyabr kuni esa taksi haydovchilari aeroport rahbariyatidan oʻzlariga bepul toʻxtash joyi tashkil qilishni yoki faoliyatini davom ettirishlari uchun aeroport oldi maydonga kiritishlarini talab qilib, rasmiy taksi xizmati avtomobillarining terminaliga kirishini toʻsib qoʻygan.

 

“Aeroport xodimlari bu masalada qatʼiy boʻlib, huquq-tartibot idoralariga qoʻngʻiroq qilib, taksi haydovchilariga nisbatan chora qoʻllash va aeroport koʻchasida jamoat tartibini taʼminlash boʻyicha ariza yozishgan”, deyiladi xabarda.

 

«Aeroportlarda taksi haydovchilari bilan bogʻliq muammo dunyoning koʻplab mamlakatlarida boʻlgan va hozir ham mavjud. Oʻta qimmat narxlar, qoʻpol haydovchilar, eski va aksariyati, qoidaga koʻra, aeroportda taqiqlangan gazda yuradigan mashinalar. Ular yoʻlovchilar qoʻllaridan tutib olib, aldab, oʻzlarini odobsiz tutadigan «bombil»lardir», deya izoh berdi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Raʼno Joʻrayeva.

 

“Biz bunday mashinalarning toʻgʻridan-toʻgʻri uchib kelish terminali zinapoyasigacha harakatlanishiga ruxsat bera olmaymiz. Bu nafaqat mamlakatning salbiy imiji, balki yoʻlovchilar xavfsizligiga tahdid hamdir. Muammoning yagona yechimi – rasmiy taksi xizmatiga oʻtish – bu jahon amaliyoti”, degan u.

 

Kompaniya rahbarining alohida taʼkidlashicha: “Aeroportdagi rasmiy taksi shahardagi taksi kabi boʻlmasligini tushunish kerak, chunki u hech boʻlmaganda benzinda ishlaydi, yuqori xizmat koʻrsatadi va faqat aeroportga xizmat qiladi. Biroq, shu bilan birga, biz yoʻlovchilarni tanlashda cheklamaymiz. Tom maʼnoda 100 metrdan keyin siz boshqa har qanday taksiga oʻtirishingiz mumkin”.

 

Vaqt oʻtishi, yoʻlovchilar oqimi oʻsib borishi bilan, soʻzsiz, taksi xizmatlarini koʻrsatadigan yana bir, balki bir nechta kompaniyani tanlash kerak boʻlar. Shu bilan birga, aeroportda rasman faoliyat yuritayotgan taksi xizmatiga qoʻyiladigan talablar hamisha xavfsizlik darajasini ham, xizmat koʻrsatish darajasini ham inobatga olgan holda qatʼiy boʻladi, deya davom etdi Raʼno Joʻrayeva.

 

“«Bombil» deb atalgan narsaga kelsak, albatta, bu masala bir kunda hal boʻlib qolmaydi. Ayrim OAVlar ehtimol Toshkent aeroportida endi «bombil»lar boʻlmaydi degan sarlavhalar bilan shoshib qoʻyishgandir. Afsuski, ular bor va hali bir muddat boʻladi. Lekin biz ular bilan nafaqat Toshkentda, balki viloyatlarda ham oxirigacha kurashish niyatidamiz. Muhimi, hozir biz huquq-tartibot idoralari tomonidan qoʻllab-quvvatlanyapmiz. Aeroportning bir oʻzi bu muammoni yecha olmaydi», deya qoʻshimcha qildi kompaniya boshqaruvi raisi.

 

Aeroportning rasmiy taksi xizmatlari E-auksion.uz platformasida ochiq savdolar orqali tanlab olingan va texnik topshiriqda koʻrsatilgan barcha talablarga javob beradigan Bobur Diyor tomonidan amalga oshiriladi, deya takrorladi kompaniya.

 

Yangi Taxi Airport Tashkent brendi ostidagi avtomobillar faqat benzinda harakatlanadi, yukxonalari keng va bevosita kelish terminalining chiqish joyida turadi. Agar yoʻlovchi rasmiy taksi xizmatidan foydalanishni istamasa, boshqa taksini yoʻlga yoki birinchi 10 daqiqasi bepul boʻlgan toʻxtash joyiga chaqirishi mumkin, deya eslatdi Uzbekistan Airports.

 

“Yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida yaqin kunlarda yoʻl boʻylab bu yer taksi va yoʻlovchilar uchrashadigan joy ekanligini bildiradigan katta yorugʻlik taratuvchi belgi paydo boʻladi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//