Pensiyalarni oshiradigan qonun maʼqullandi

Saqlash
14:32 / 14.09.2022 684 0

13-sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining 32-yalpi majlisida “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun koʻrib chiqildi.

 

Qonun bilan 2023-yilning 1-yanvaridan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobariga oshirish nazarda tutilyapti.

 

Senatorlarning qayd etishicha, kiritilayotgan oʻzgartishga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab fuqarolarga pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olinadigan oʻrtacha oylik ish haqi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan ortiq boʻlmagan, yaʼni 3 888 000 soʻm miqdoridagi oʻrtacha oylik ish haqidan hisobga olish belgilanmoqda.

 

Natijada 352 ming nafar fuqaroning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinib, oʻrtacha oylik pensiya miqdori 400 ming soʻmgacha oshadi. Shulardan, 304 ming nafari yoshga doir pensiya oluvchilar, 25,2 ming nafari nogironligi boʻlgan shaxslar va 23 ming nafari boquvchisini yoʻqotgan shaxslardir.

 

Qonunga muvofiq koʻzda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda Pensiya jamgʻarmasidan qoʻshimcha ravishda 1,5 trillion soʻmdan ortiq miqdordagi mablagʻlar talab etiladi.

 

Mazkur qonun bilan taklif etilayotgan tartibning joriy etilishi ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholining unumli mehnat qilib, koʻproq haq olishiga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.

 

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//