Jamiyat
Senatning oʻttiz ikkinchi yalpi majlisida “Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik, Oʻzbekiston, Dangʻara, Qoʻshtepa, Toshloq, Fargʻona tumanlari va Qoʻqon, Margʻilon, Fargʻona shaharlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi qaroriga oid masala koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanishicha, bugungi kunda Fargʻona viloyati shaharlari va tumanlarining chegaralarida muammoli masalalar mavjud boʻlib, ushbu hududlarda istiqomat qilayotgan aholining hayotida turli qiyinchiliklarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.
Xususan, Fargʻona viloyatining Qoʻqon, Margʻilon va Fargʻona shaharlari tarkibiga kiritilishi rejalashtirilgan hududlarda yashovchi aholining aksariyat qismi shaharlardagi ijtimoiy soha (maktab, bogʻcha, kasalxona) muassasalariga qatnashiga toʻgʻri kelmoqda.
Shu bilan birga, muhandislik-kommunikatsiya tizimlari (elektr tarmoqlari, tabiiy gaz, ichimlik suvi taʼminoti) korxonalari ham shaharlar hududidan tortilgan boʻlib, Qoʻqon, Margʻilon va Fargʻona shaharlari tarkibiga oʻtkazilayotgan hududlarga ushbu korxonalar tomonidan xizmat koʻrsatilmoqda.
Shuningdek, Qoʻqon, Margʻilon va Fargʻona shaharlarida aholi juda zich joylashganligi bois shaharlarni rivojlantirish, ularning hududini yanada kengaytirish kabi muammoli masalalarni yuzaga chiqarmoqda. Shu sababli Oʻzbekiston Konstitutsiyasi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi qonunga asosan Fargʻona viloyatining yuqorida qayd etilgan tuman va shaharlari chegaralarini oʻzgartirish taklifi ilgari surilmoqda.
Qayd etilganidek, Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston, Dangʻara va Uchkoʻprik tumanlaridan jami 2,6 ming gektar yer maydoni Qoʻqon shahri tarkibiga, Fargʻona, Qoʻshtepa va Toshloq tumanlaridan jami 1,1 ming gektar yer maydoni Margʻilon shahri tarkibiga, Fargʻona tumanidan 812 gektar yer maydoni Fargʻona shahri tarkibiga oʻtkazilmoqda.
Bunda ushbu shaharlar hududi tarkibiga qoʻshimcha kiritilayotgan fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjalik korxonalariga qarashli 1673 gektar yerlar vaqtincha qishloq xoʻjaligi korxonalari ixtiyorida qolishi va ushbu yerlarni qishloq xoʻjaligi ehtiyojlaridan boshqa maqsadlar uchun ajratish shaharlar bosh reja loyihasi, bosqichma-bosqich Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Fargʻona, Qoʻqon va Margʻilon shaharlari chegaralarini oʻzgartirilishi viloyatda zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilishi va aholiga xizmat koʻrsatish tizimi yanada rivojlanishiga va eng asosiysi aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Tumanlardan shaharlarga oʻtkazilayotgan aholining uy-joy kadastr hujjatlari va propiskasini qayta rasmiylashtirish talab etiladi. Bunda kadastr hujjatlari va propiskani rasmiylashtirishda fuqarolardan qoʻshimcha mablagʻlar talab etilmaydi. Muhokama etilgan masala boʻyicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q