Shveysariyada Gulnora Karimovaning jami 686 mln dollarlik noqonuniy boyliklari musodara qilinadi

Saqlash
17:33 / 13.09.2022 734 0

Oʻzbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarining tergov doirasidagi hamkorligi natijasida Gulnora Karimova va uning boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh aʼzolarining aktivlarini musodara qilish boʻyicha ishlar Shveysariya sud organlariga oshirilgan.

 

Qayd etilishicha, undirilishi lozim boʻlgan jami summa davom etayotgan jinoiy ish jarayoniga bogʻliq boʻladi, lekin taqriban 686 million AQSH dollar teng.

 

Ushbu ishlar Shveysariya sudlarida koʻrib chiqilib, taqriban 336 million AQSH dollar uzil-kesil musodara qilingan. Shundan 131 mln AQSH dollari Oʻzbekistonga qaytishi hal boʻldi, 205 mln AQSH dollari boʻyicha esa yakuniga yetmoqda.

 

Hozirgi kunda, qoʻshimcha taqriban 350 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni musodara qilish masalasi Shveysariya sudlarida koʻrib chiqilmoqda.

 

Xabaringiz bor, joriy yilning 16-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi oʻrtasida “Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni Oʻzbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yoʻllari toʻgʻrisida”gi bitim imzolandi.

 

Mazkur bitim noqonuniy orttirilgan taqriban 131 mln AQSH dollariga teng aktivlarni Oʻzbekistonga qaytarishni, qaytarishning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi.

 

Xususan, mablagʻlarni qaytarish Birlashgan millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fondi”deb nomlangan koʻp sheriklik trast jamgʻarmasi orqali amalga oshiriladi.

 

Adliya vazirligiga koʻra, mazkur jamgʻarma mablagʻlarni sarflashda korrupsion xavf-xatarlarni oldini olishga, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Qaytarilayotgan mablagʻlar pirovardida ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilishi, asosan sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarini rivojlantirishga ishlatilishi rejalashtirilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//