“Afgʻoniston SHHT makonining ajralmas qismi” – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
17:44 / 12.09.2022 631 0

Shak-shubhasiz, Afgʻoniston – “Shanxay hamkorlik tashkiloti makonining ajralmas qismi” va “SHHT doirasida shakllangan ijobiy va muvaffaqiyatli tajribadan Afgʻonistonni rivojlantirish masalasida ham foydalanish oʻta muhim va dolzarbdir”, deya taʼkidladi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev. U bu haqida SHHTning Samarqanddagi sammiti oldidan eʼlon qilgan maqolasida qayd etdi.

 

“Bugun afgʻon xalqi qoʻshni va xayrixoh davlatlar koʻmagiga har qachongidan ham muhtoj. Afgʻonistonga birgalikda yordam qoʻlini choʻzishimiz, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga koʻmaklashishimiz va shu orqali ushbu davlatning koʻp yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratib berish bizning maʼnaviy burchimizdir”, – deya qayd etdi davlat rahbari.

 

“Asrlar davomida global miqyosdagi davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari oʻrtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer rolini oʻtab kelgan Afgʻoniston endilikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi koʻprik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida oʻzini namoyon etmogʻi lozim”, – dedi u.

 

Bunday oʻzaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikning namunaviy ramzi sifatida Transafgʻon koridorining qurilishi loyihasini aytish mumkin. “Shuni ham anglash muhimki, „Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar“ temir yoʻli kabi qoʻshma infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali, biz ijtimoiy-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya vazifalarini hal etibgina qolmasdan, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga ham salmoqli hissa qoʻshishimiz mumkin”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

“Oʻzaro pozitsiyalarimizni yaqinlashtirib, tinch, barqaror va farovon Afgʻoniston uchun SHHTning yangi kun tartibini birgalikda ishlab chiqa olishimizga aminman. Shundagina tom maʼnoda barqaror va izchil rivojlanayotgan, yaxlit xavfsizlikka ega boʻlgan SHHT makonini barpo eta olamiz”, deya ishonch bildirdi Prezident.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishdek masʼuliyatli vazifani oʻz zimmasiga olgach, asosiy eʼtiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi mamlakatning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali Tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga qaratdi, deyiladi maqolada.

 

«Bizning asosiy shiorimiz – „Har birimiz kuchli boʻlsakkina SHHT kuchli boʻladi“. Uni amalda roʻyobga chiqarish yoʻlida Tashkilotni yanada kuchli va xalqaro hamkorlarimiz uchun yanada jozibador boʻlishiga erishish uchun jiddiy harakat qildik», – deb yozdi Prezident.

 

“Shuni alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonning SHHTga raisligi – yurtimizda keyingi olti yilda amalga oshirib kelinayotgan faol va ochiq tashqi siyosatning mantiqiy davomi boʻldi. Bu siyosat, eng avvalo, SHHTning geografik oʻzagi boʻlmish, bugungi kunda yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy va ortga qaytmas jarayonlar roʻy berayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshmoqda”, – deya qayd etdi u.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//