Oʻzbekistonda soliq toʻlovlari ikki yilda 55 foizga oshgani aytildi

Saqlash
17:08 / 30.08.2022 652 0

Moliya vazirligi eʼlon qilgan 2022-yilning I yarim yilligi holatiga Davlat byudjeti daromadlarining ijrosiga oid maʼlumotiga koʻra, byudjet daromadlarida asosiy ulushni tashkil qiluvchi soliq tushumlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 15,7 foizga, 2020-yilning xuddi shu davriga nisbatan esa 54,9 foizga oshgan.

 

«Davlat byudjeti daromadlarining YAIMga nisbati joriy yilning I yarim yilligida 24,5 foizni tashkil etdi va oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1 foiz punktga oshdi. YAIMga nisbatan ulushning oshishi, asosan bilvosita soliqlardan daromadlar va soliq boʻlmagan tushumlarning oʻsishi bilan izohlanadi», deyiladi maʼlumotda.

 

Jumladan, soliq organlari maʼmurchiligidagi tushumlar 2022-yilning I yarim yilligida 71 trln soʻmni tashkil etib, 2021-yilning I yarim yilligiga nisbatan 9,7 trln soʻm (15,7 foiz)ga oshgan.

 

Xususan, yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi boʻyicha tushumlar 43,2 trln soʻmni tashkil etgan (oʻtgan yilning shu davriga nisbatan oʻsish – 2,5 trln soʻm yoki 6,2 foiz).





 

Iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha soliq daromadlari tahlilining koʻrsatishicha, eng katta ulush (64,8 foiz) iqtisodiyotning 5 ta tarmogʻiga, xususan, ishlab chiqaradigan sanoat (39,2 foiz), ulgurji va chakana savdo (8,1 foiz), qurilish (7,4 foiz), tashish va saqlash (5,1 foiz) hamda togʻ-kon sanoati va ochiq konlarni ishlashga (5,0 foiz) toʻgʻri kelmoqda.

 

2022-yilning I yarim yilligida ular tomonidan toʻlangan soliqlar miqdori 3,0 trln soʻmga yoki oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 7,1 foizga oshdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish