Navoiyda Oʻzbekiston-Xitoy dori texnologiyalari parkining qurilishiga rasman start berildi

Saqlash
16:08 / 25.08.2022 561 0

Innovatsion rivojlanish vazirligi va Xitoy Fanlar Akademiyasining “Markaziy Osiyoda dori vositalarini yaratish va amaliyotga joriy etish Markazi” hamkorlikda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 10 mln. AQSH dollariga teng “Farmakologik faol ingrediyentlarni ishlab-chiqarish boʻyicha Oʻzbekiston-Xitoy dori texnologiyalari parki” ni tashkil etish loyihasini amalga oshirmoqda.

 

Loyiha doirasida joriy yilda qurilish ishlarini boshlash rejalashtirilgan boʻlib, xitoylik hamkorlar tomonidan ishlab chiqilgan qurilish loyihasi hozirda mahalliy talablarga moslashtirish ishlari yakunlandi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida 12 gektar yer maydoni ajratilgan.

 

Qurilish ishlarini boshlash uchun rasman start berish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi Milliy ofisi”ning bosh direktori, Xitoy Fanlar Akademiyasi Shinjon fizik kimyoviy texnika institutining vakili Luo YuQin, “China-Uzbekistan Medicine Technical Park” MCHJ XK ning rahbarlari va korxonaning ilmiy ishlar boʻyicha maslahatchisi  ishtirok etdilar.

 

Loyihani amalga oshirish natijasida Oʻzbekistonda dori vositalarining substansiyalarini ilgʻor texnologiyalar asosida ishlab chiqarishga moʻljallangan noyob korxona vujudga keladi. Mazkur korxonaning qurilishi 3 bosqichda amalga oshiriladi va 2024-yilning yakuniga kelib ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Biznes-rejaga koʻra, 16 turdagi dori vositalarining substansiyalari keng miqyosda ishlab chiqariladi va keyinchalik ularning soni bozor talablariga muvofiq ravishda kengayib boradi. 

 

Shuningdek loyihaning boshlangʻich bosqichida 45 ta ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan boʻlib, har yili ish oʻrinlari soni oshirib boriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish