Prezident Oʻzbekiston metallurgiya kombinatidagi yangi loyihalar bilan tanishdi

Saqlash
19:37 / 12.08.2022 735 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti va sanoat loyihalari bilan tanishish maqsadida Bekobod shahriga keldi.

 

Bu yerning iqtisodiy-ijtimoiy rivojida Oʻzbekiston metallurgiya kombinatining oʻrni katta. 11 ming kishi ishlaydigan kombinatda soʻnggi yillarda qator investitsiya loyihalari amalga oshirilib, yangi sexlar ishga tushirildi, borlari modernizatsiya qilindi.

 

Ulardan biri - navli prokat majmuasi. Qariyb 5 million dollarlik loyiha evaziga bu yerga xorijdan termo-mustahkamlash liniyasi keltirilib, joriy yil fevralda ishga tushirildi. Bu orqali yiliga 500 ming tonna A500-A800 markali armatura ishlab chiqarish quvvati yaratilgan.

 

Davlatimiz rahbari kombinatga tashrifi chogʻida ushbu majmuani kirib koʻrdi, loyihaning iqtisodiy samaradorligi bilan qiziqdi.

 

Avvalo, termo-mustahkamlash jarayonida kimyoviy moddalar tejalgani hisobiga armatura tannarxi kamaygan. Yiliga 300 million dollarlik import oʻrnini toʻldirish hisob-kitob qilingan.

 

Yana bir muhim jihati, bu armatura xalqaro DIN standarti sertifikatini qoʻlga kiritgan. Endi ushbu mahsulotni Yevropaga eksport qilish rejalashtirilgan.

 

Prezident kombinatdagi yana bir muhim loyiha – Quyuv prokat majmuasining qurilish maydonida boʻldi.

 

672 million yevrolik ushbu loyiha natijasida yiliga 1 million tonna poʻlat listlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Mazkur loyiha ishga tushgach, kombinat quvvatlari 2 baravarga oshadi.

Bugungi kunda majmua uchun temir yoʻl va avtomobil yoʻli qurilishi yakunlanib, temir-beton konstruksiyalari oʻrnatilmoqda. Italiyaning “Danieli” kompaniyasi tomonidan zarur uskunalar keltirilmoqda. Uni 2024-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

 

Davlatimiz rahbari buni jadallashtirish va korxonani kafolatlangan xomashyo bilan taʼminlash zarurligini taʼkidladi.

 

- Oʻz vaqtida bu kombinat uchun 800-900 ming tonna ikkilamchi qora metallni qayta ishlash yetarli edi. Lekin bugungi kunda iqtisodiyotimizda qora metallga boʻlgan talab 4 million tonna. Uning ham 50 foizi import hisobidan qoplanmoqda. Shuning uchun bu korxonani tezroq ishga tushirsak, iqtisodiyotimizga katta manfaat beradi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Davlatimiz rahbari ushbu loyihada ishtirok etayotgan Turkiyaning “Renaissance Heavy Industries” va Italiyaning “Danieli” kompaniyalari rahbarlari bilan ham suhbatlashdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//