Akademik Abdulla Aʼzamov davlat mukofotiga nomzodlikdan voz kechdi

Saqlash
23:18 / 11.08.2022 983 0

Bugun akademik Abdulla Aʼzamov feysbukdagi shaxsiy sahifasida Davlat mukofotiga tavsiya qilinganlar roʻyxatidan chiqarilishni soʻrab, bayonot berdi. Unda taʼkidlanishicha, “Xalq soʻzi” gazetasining 11-avgust sonida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlariga nomzod ishlar roʻyxati eʼlon qilingan boʻlib, unda adabiyot sohasida ikkita ish koʻrsatilgan:

 

1. A. Aʼzamov, Z. M. Mashrabov, V.Rahmonov, H.Boltaboyev, A.A. Madrahimov. “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” asari. Ensiklopediya. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan.

 

2. N.F.Karimov. “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” asari. Ilmiy-ommabop nashr. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan.

 

Abdulla Aʼzamov Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi nomzodini koʻrsatish toʻgʻrisida uning roziligini olmagani, bu haqida xabardor ham qilinmaganini yozgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi davlat mukofotlari boʻyicha kengash ham akademikdan rozilik olmagan va qarori toʻgʻrisida xabardor qilmagan.

 

Bayonotda aytilishicha, mukofotga koʻrsatilayotganlar xolislik asosida tanlanmagan.

 

“Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” Xalqaro Bobur xayriya fondining tashabbusi, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashi, tashkiliy koʻmagi bilan ensiklopediya ishchi guruhining mehnati tufayli nashrga tayyorlangan, unda yuzdan ziyod muallif oʻz maqolalari bilan ishtirok etgan. Albatta, bu maqolalarning saviyasi ham, har bir muallifga tegishli maqolalarning jami hajmi ham turlicha. Biroq nima uchun mazkur ensiklopediya uchun maqolalar yozgan mualliflar va uni nashr etishga hissa qoʻshganlar ichidan bir necha kishi ajratib olingani savol tugʻdiradi. Butun masʼuliyatni oʻz zimmamga olib qayd etamanki, bu saralash xolis yondashuvga asoslanmagan. Bu masalada biror kishi, biror idora “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” bosh muharriri bilan kelishish u yoqda tursin, hatto soʻragani ham yoʻq. Mukofotga koʻrsatilayotgan nomzodlarning bir nechasiga nisbatan beqiyos koʻp hissa qoʻshgan shaxslar bor boʻlib, ular roʻyxatga kiritilmaganki, bu adolatsizlikdir;

 

Ensiklopediya bu – ilmiy nashr, badiiy nashr emas, shuning uchun uni Fan va texnologiyalar sohasi oʻrniga adabiyot sohasi boʻyicha koʻrsatilishi toʻgʻri emas.

 

Mening ism-familiyam bu roʻyxatga kiritilishiga mutlaqo qarshiman va mutasaddi organlardan mening familiyamni undan chiqarishlarini qatʼiy iltimos qilaman”, deydi akademik bayonotida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//