Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Davlat dasturi ijrosi boʻyicha qilingan ishlar yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazdi

Saqlash
21:53 / 10.08.2022 754 0

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan OAV vakillari va blogerlar uchun matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni hamda ushbu farmon bilan tasdiqlangan taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturining tegishli bandlari ijrosi boʻyicha Markaz tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida bajarilgan ishlar haqida maʼlumotlar berildi.

 

Maʼlumki, “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida Maʼnaviy yangilanish, maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash, ushbu sohani yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan 8 ta maqsad, 29 ta muhim vazifa belgilangan. Shundan kelib chiqib Markaz qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

 

Xususan, “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha Milliy dasturni (257-band) ishlab chiqish Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markaziga yuklatilgan. Tadbirda ushbu dastur loyihasini tayyorlash boʻyicha mamlakatimizdagi yetakchi olimlar, mutaxassislar, shuningdek, hamkor vazirlik va idoralar masʼul xodimlaridan iborat ilmiy-ijodiy guruh shakllantirilgani maʼlum qilindi. Konsepsiya va uni amalga oshirish boʻyicha Milliy dastur loyihasi muhokamasi uchun ilmiy-ijodiy guruh aʼzolari shuningdek, soha boʻyicha yetakchi mutaxassislar ishtirokida “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi va maʼnaviyat: jamoatchilik nigohida” mavzusida ilmiy-maʼrifiy anjuman oʻtkazilgan. Ayni vaqtda “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi va milliy dastur loyihasi, shuningdek, ushbu hujjatlarni tasdiqlash boʻyicha Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan qator ishlar amalga oshirib kelinyapti. “Yoshlar – Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” shiori ostida Samarqand viloyatida oʻtkazilgan “Maʼnaviyat festivali”, “Yangi Oʻzbekiston – inson qadri ulugʻlangan yurt” shiori ostida boʻlib oʻtayotgan madaniy-maʼrifiy tadbirlar doirasida “Oʻzbekiston Qaxramonlari” kitobining taqdimoti shular jumlasidan. 15 ming adadda chop etilgan “Maʼnaviyat: asosiy tushunchalar lugʻati” kitobi ham jamoatchilik va mutaxassislar tomonidan eʼtirof etildi.

 

Davlat dasturining “Maʼnaviy jihatdan sogʻlom axborot makonini shakllantirish” bandi boʻyicha ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda xolis axborotlarni oʻz vaqtida berib borilishini taʼminlash, yolgʻon va destruktiv maʼlumotlarni tarqatilishini oldini olish maqsadida oyina.uz portalida xabar-yangilik, maqola, infografika va videoroliklar eʼlon qilib borilmoqda.

 

Shuningdek, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xorijiy davlatlarda oʻzbek tili, madaniyati va milliy anʼanalarimizni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlash bilan shugʻullanuvchi Alisher Navoiy xalqaro institutini tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublika Fanlar Akademiyasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Akademiyaga Alisher Navoiy xalqaro institutini tashkil etish boʻyicha 3 ta yoʻnalishda jami 21 ta banddan iborat takliflar yuborilgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//