1-yanvardan qon donorlari uchun bir qator imtiyozlar beriladi

Saqlash
17:13 / 10.08.2022 733 0

Oʻzbekiston prezidenti 9-avgust kuni “Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish choralari toʻgʻrisida”gi qarorga imzo chekdi. Bu haqida Prezident Administratsiyasiga yaqin boʻlgan Nigoh Telegram-kanali xabar bermoqda.

 

Hujjat bilan Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

 

Bundan tashqari, 2022−2025-yillarda qon bilan ishlash xizmati muassasalarini jihozlash parametrlari hamda Aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari ham qabul qilindi.

 

Hujjat bilan 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

 

  • “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryoʻla beriladigan pul mukofoti summasi BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha (1,5 mln soʻmdan — 4,5 mln soʻmgacha) oshiriladi;

 

Qolaversa, shu sanadan “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:

 

– ular uchun qulay boʻlgan vaqtda yillik asosiy mehnat taʼtiliga chiqish;

– shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;

– davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yoʻllanmalarni navbatsiz olish.

 

Bundan tashqari, doimiy (yiliga kamida 3-marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari (ota-onalari, turmush oʻrtogʻi, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, turmush oʻrtogʻining ota-onalari) statsionar davolanish jarayonida, zarurat tugʻilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul taʼminlanadi.

 

Donorlarni bepul ovqat bilan taʼminlash boʻyicha xarajatlarning qiymati respublika boʻyicha bir xil — mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3 foizi miqdorida belgilanadi.

 

Immun donorlarga oʻtkazilgan immunizatsiya va topshirilgan plazmasi uchun haq toʻlash miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining (920 ming soʻm) oshirilishi darajasi doirasida mutanosib ravishda indeksatsiya qilib boriladi.

 

Shoshilinch holatlarda donor qonining tarkibiy qismlarini tashish uchun tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishga ruxsat beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//