Surxondaryo Eshqobil Shukur tavalludining 60 yillik yubileyini nishonladi

Saqlash
22:59 / 05.08.2022 1378 0

Surxondaryo viloyat hokimligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi tashabbusi bilan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Eshqobil Shukur tavalludining 60 yillik yubileyi nishonlandi. Tadbirda Surxondaryo viloyat hokimi Toʻra Bobolov, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi oʻrinbosari Sherzod Irzoyev hamda professor-oʻqituvchilar, shoir-yozuvchilar, Eshqobil Shukurning safdoshlari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

 

 

Viloyat hokimi Toʻra Bobolov Eshqobil Shukur haqida gapirarkan, shoirning 40 yildirki ilm va ijod yoʻlida barakali qalam yuritib kelishini taʼkidladi. “Maʼmuriyat ishi bilan ijodiy ishni muvozanatda saqlash juda mashaqqat. Buning uchun inson uyqusidan, oromidan voz kechishi kerak. Ustoz bunday muvozanatni saqlay bilganlardan biri. Eshqobil Shukur maʼnaviyat va maʼrifat targʻibotchisi, adabiyotshunos sifatidagi ilmiy, badiiy, publitsistik maqolalari bilan nafaqat Respublika, balki xalqaro konferensiyalarda tanilgan, mamlakatimiz miqyosidagi koʻplab ijodkorlar, ziyolilar uchun namuna vazifasini oʻtaydi” dedi hokim.

 

 

Shuningdek, tadbirda taniqli shoir-yozuvchilar Eshqobil Shukurning uzoq yillik mehnat faoliyati, oʻzbek adabiyotidagi oʻrni haqida fikr bildirishdi. Asarlarida xalq ogʻzaki ijodi nafasi ufurib, milliylikning goʻzal jihatlarini yodga soluvchi shoir sheʼriyatiga monand tadbirda “Badash” etnografik ansambli va xonandalarining chiqishlari yigʻilganlarga taqdim etildi.

 

 

 

Eslatib oʻtamiz, Eshqobil Shukur 1961-yil Surxondaryo viloyatining Qumqoʻrgʻon tumanidagi Boymoqli qishlogʻida tugʻilgan. Hozirgi OʻzMUning filologiya fakultetini bitirgan (1984). Ilk sheʼrlar toʻplami “Yurakni oʻrganish” (1984) nomi ostida nashr qilingan. Shundan soʻng uning “Sochlari sumbul-sumbul” (1988), “Tungi gullar” (1989), “Yashil qushlar” (1995), “Hamal ayvoni” (2003) sheʼriy toʻplamlari va 2005-yilda “Koʻhna bogʻ rivoyatlari” nasriy kitobi chop etilgan. Shoirning “Naqshband”, “Ibtido xatosi” kabi dostonlari, “Nasoyim ul-muhabbatga sayr” turkumi, shuningdek, “Oqibat oqshomi”, “Dunyoning koʻchishi” kabi qissalari ham bor.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//