Soliq maslahatiga oid yangi qonun qabul qilindi

Saqlash
19:40 / 05.08.2022 936 0

“Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

 

Qonunga muvofiq, soliq maslahatiga oid faoliyat deganda soliq maslahatchilari tashkilotining yuridik va jismoniy shaxslarga shartnoma asosida soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga doir faoliyat tushuniladi.

 

Soliq maslahati bir qator xizmatlarni, jumladan mijozga soliqlar va yigʻimlarni hisoblash, toʻlash, hisobot tayyorlash boʻyicha maslahat berish, sudlarda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarda vakillik qilishni oʻz ichiga oladi.

 

Soliq solish masalalari boʻyicha advokatlar tomonidan yuridik yordam koʻrsatish, sudda va boshqa davlat organlarida vakillik qilish soliq maslahati hisoblanmaydi.

 

Moliya vazirligi soliq maslahatiga oid faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organidir.

 

Oʻzbekiston Soliq maslahatchilari palatasi soliq maslahatchilarining, soliq maslahatchilari tashkilotlarining ixtiyoriy aʼzoligi asosida tashkil etiladigan kasbiy birlashmasi hisoblanadi.

 

Malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs soliq maslahatchisi boʻladi.

 

Malaka imtihonini topshirish uchun ariza bilan Soliq maslahatchilari palatasiga murojaat qilinadi.

 

Malaka sertifikatini olishga doir malaka imtihonlarida ishtirok etish uchun BHMning 2 baravari (600 ming soʻm) miqdorida yigʻim toʻlanadi.

 

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//