Bayram yakshanbaga to‘g‘ri kelsa, dushanba kuni dam olish taklifi ma’qullandi

Saqlash
16:25 / 15.10.2021 1061 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqishdi.

Qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida 50 dan ortiq modda zarur normalar bilan to‘ldirildi, 34 ta modda, 60 ga yaqin moddadagi bandlar chiqarib tashlanib, kodeks 5 ta yangi modda bilan to‘ldirildi. Qonun loyihasidagi chiqarib tashlangan moddalarning aksariyat qismi mazkur qonunning tartibga solish doirasiga kirmasligi, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotida korrupsiyani keltirib chiqarishi tufaylidir.

Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasida ilk bor mehnat sohasida ijtimoiy sheriklik institutining joriy etilishi belgilanmoqda. Bu, o‘z navbatida, ish beruvchi va xodimlar, ularning vakillik organlari o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro manfaatlar muvozanatini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, loyihada xizmat tekshiruvi jarayonining joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu ish beruvchi tomonidan xodimga nisbatan intizomiy jazo qo‘llash jarayonida haqiqatni, ya’ni xodimning aybi bor yoki yo‘qligini aniqlash orqali adolatli qaror qabul qilishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasidagi eng muhim yangiliklardan yana biri – bu dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi kunga ko‘chirilishi belgilanyapti. Ya’ni qonunchilikda belgilangan bayram kunlari yakshanba kuniga to‘g‘ri kelsa, unda dushanba kuni dam olish kuniga qo‘shib beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//