Xodimni xizmat safariga yuborishning yangi tartibi belgilandi

Saqlash
14:09 / 03.08.2022 1082 0

Hukumat qarori bilan Oʻzbekiston hududida xizmat safarlari toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

 

Nizomga koʻra, xizmat safari muddati tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi. Bunda muddat yoʻldagi vaqtni hisobga olmaganda 30 kalendar kundan koʻp boʻlmasligi lozim.

 

Montaj, ishga tushirish-sozlash, qurilish va qidiruv ishlarini bajarish uchun yuboriladigan xodimlar, rahbarlar va mutaxassislarning xizmat safari muddati 12 oydan koʻp boʻlishi mumkin emas.

 

Tashkilotda xizmat safariga ketayotgan va qaytayotgan shaxslarni roʻyxatga olish maxsus jurnallarda “OʻzASBO” dasturiy majmuasida (yoki buxgalteriya hisobini yurituvchi axborot tizimida) elektron yuritiladi.

 

Xodimga u yuborilgan tashkilotdagi ish vaqti rejimi va dam olish vaqtlari taalluqli boʻladi. Xizmat safari vaqtida foydalanilmagan dam olish kunlari xizmat safaridan qaytganda tiklanmaydi.

 

Agar xodim dam olish yoki bayram kunlarida xizmat safariga yuborilgan joyda ishlagan boʻlsa, kompensatsiya toʻlanadi.

 

Agar xodim xizmat majburiyatlarini bajarish uchun dam olish kunida xizmat safariga yuborilsa, unga safardan qaytgach boshqa dam olish kuni beriladi.

 

Tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari ogʻir hududlarga yuborilgan xodimlarga oʻsha hudud uchun belgilangan qoʻshimcha ustamalar ham toʻlab beriladi.

 

Xodimga turar joy bilan bogʻliq xarajatlar (mehmonxona yoki turar joy ijarasi), xizmat safari joyiga borish hamda doimiy ish joyiga qaytish yoʻl xarajatlari qoplanadi, shuningdek, kundalik xarajatlar uchun haq toʻlanadi.

 

Mehmonxona xarajatlarining bir kunlik qoplash miqdori tegishlicha BHMning 1,5 barobaridan 3 barobarigacha miqdordan oshmasligi lozim.

 

Turar joyda yashaganligi boʻyicha xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan hollarda har bir sutka uchun BHMning 20 foizi miqdorida qoplanadi.

 

Qarorga koʻra, xizmat safarlari xarajatlari hisobini yuritish boʻyicha dasturiy taʼminot va uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//