Jamiyat
Oʻzbekiston milliy axborot agentligi bosh direktori oʻrinbosari, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev “Osmondagi bolalar” loyihasiga bergan intervyusida Oʻzbekistonda eng katta muammolardan biri kadrlar yetishmovchiligi ekani haqida gapirdi.
«Bizni oldinda juda katta kadrlar yetishmovchiligi muammosi kutib turibdi. Bu haqida oʻylasam, qoʻrqib ketaman, uxlolmayman. Nimadir qilishimiz kerak. Eng yomoni, nimadir qilsak ham, kadrlar siyosati bir-ikki yilda meva bermaydi. Biz juda ogʻir vaziyatdamiz. Men shularning ichida yurganim, koʻrib turganim uchun aytaman, biz yaqin besh-oʻn yillikda juda qiynalamiz. Hozirdan harakat qilmasak, bu qiyinchilik choʻzilib ketaveradi. Oʻzi shundoq ham ijtimoiy, iqtisodiy tomondan ogʻir ahvoldamiz. Vaziyatdan chiqib ketishimiz uchun bizga zoʻr kadrlar, liderlar, geniylar kerak. Lekin ular yoʻq! Borlari kam, yetmaydi, aravani tortolmaydi. Biz aravani tortishda yana oʻrtamiyona otlardan noiloj foydalanyapmiz, shunga majburmiz.
Iqtidorlilar, harakat qiluvchilar koʻp. Lekin gap yaxshi kadr haqida ketyapti. Iqtidorli degani bu yaxshi kadr degani emas, uni tayyorlash kerak. Ammo bu tizimda ham muammomiz bor.
Olmos ham oʻzidan oʻzi olmos boʻlmaydi. Unga ishlov berilib brilliantga aylantiriladi. Olmosdan brilliantni farqi ham shunda. Oʻsha ishlov berish tizimimiz... Bormi shunday zargarlar, zargarxonalar? Mana, bitta “olmos” qishloqdan chiqdi, olib keldik, zoʻr qilib beringlar, desak. Bormi? Yoʻq emas, ammo juda kam. Lekin nechta ular? Biz nechta olmosni ishlov beramiz deb sindirib qoʻydik. Nechta olmosni bir tiyinga qimmat toshga aylantirdik yoki nechtasi ishlov berilmay qolib ketdi?! Juda koʻp, bizni juda ogʻir vaziyat kutyapti», deydi huquqshunos.
Bloger, shuningdek, kadrlar seleksiyasi tizimi yaxshi ishlamasligini tanqid qilgan. Xususiy taʼlimni rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, sud tizimidagi oʻzgarishlar kabi masalalarga ham toʻxtalgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q