Osiyoda maymunchechakdan birinchi oʻlim holati qayd etildi

Saqlash
17:02 / 02.08.2022 1387 0

Maymunchechak uchun testi ijobiy chiqqan hindistonlik erkak BAAdan qaytganidan bir necha kun oʻtib, xususiy shifoxonada vafot etdi. Bu haqida mamlakat sogʻliqni saqlash vazirligi xabar bergan.

 

Qayd etilishicha, bemorda virus xorijda boʻlganida aniqlangan, biroq uning oila aʼzolari test natijalarini Hindiston shifoxonasiga oʻz vaqtida yubormagan.

 

“Avvaliga 22 yoshli yigitda maymunchechak alomatlari boʻlmagan. U Birlashgan Arab Amirliklaridan (BAA) Hindistonga qaytib kelgan va u erda 19-iyul kuni maymunchechak uchun test sinovi oʻtkazildi va u ijobiy chiqdi. Uning qarindoshlari test natijalarini juda kech berishgan. Uyga kelganidan keyin biroz vaqt oʻtgach, isitmasi koʻtarilgan. Shundan soʻng bemor kasalxonaga yotqizilgan va keyinroq ventilyatorga ulangan. Yigit 30-iyul kuni vafot etdi. Oʻlim boʻyicha tergov oʻtkaziladi, chunki maymunchechakdan oʻlim darajasi juda past”,– deydi Kerala shtati sogʻliqni saqlash vaziri Vina Jorj.

 

Shuningdek, hozirda vafot etgan bemor bilan aloqada boʻlgan shaxslar va uning yaqin qarindoshlari shifokorlar nazorati ostiga olingan.

 

Maʼlumot uchun, maymunchechak kamdan-kam uchraydigan virusli infeksiya boʻlib, u odamlar orasida ham yuqadi. Bu odatda yengil holat boʻlib, koʻpchilik bir necha hafta ichida tuzalib ketadi, ammo baʼzilarida asoratlar paydo boʻlishi mumkin. Maymunchechakning dastlabki belgilariga isitma, bosh ogʻrigʻi, mushak ogʻrigʻi, bel ogʻrigʻi, shishgan limfa tugunlari, titroq va charchoq kiradi.

 

Shuningdek, baʼzi joylarda toshma paydo boʻlishi mumkin, koʻpincha yuzdan boshlanadi va keyin tananing boshqa qismlariga tarqaladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//