Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi texnikalari xaridi uchun 10 yilgacha kreditlar beriladi

Saqlash
23:13 / 01.08.2022 898 0

Moliya vazirligi qishloq xoʻjaligi texnikalarini kredit yoki lizing shartlari asosida xarid qilish uchun tijorat banklariga 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdorida mablagʻlarni depozitga joylashtiradi.

 

Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi texnikalari xaridi uchun 10 yilgacha boʻlgan muddatga 10 foiz stavkada milliy valyutada kreditlar beriladi. Bu haqda Prezidentning “Chirchiq shahrida qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterini tashkil etishni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

 

Maʼlum boʻlishicha, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalarini Chirchiq shahrida tashkil qilinayotgan qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteriga koʻchirish, ularni joylashtirish, qurilish ishlarini jadallashtirish, mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar oʻrtasida kooperatsiya tizimini kuchaytirish, texnikalarga servis xizmati koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish hamda ilm-fan bilan ishlab chiqarishni uygʻunlashtirish, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻini yanada rivojlantirish maqsadida bir qancha ishlar amalga oshiriladi.

 

Xususan, Moliya vazirligi ikki hafta muddatda 2022-yilda qishloq xoʻjaligi texnikalarini kredit yoki lizing shartlari asosida xarid qilish uchun tijorat banklariga 10 yil muddatga 7 foiz stavkada 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi milliy valyutadagi mablagʻlarni depozitga joylashtiradi.

 

Bunda tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan resurslar hisobidan qishloq xoʻjaligi texnikalari xaridorlariga kreditlarni (lizingni) 2 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda, 10 yilgacha boʻlgan muddatga 10 foiz stavkada milliy valyutada ajratadi.

 

Shuningdek, har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan istalgan xoʻjalik subyektlaridan hech qanday cheklovlarsiz, raqobat asosida qishloq xoʻjaligi texnikasini xarid qilish imkoniyati yaratiladi. Moliya vazirligi qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilishga ajratiladigan kreditlar uchun mablagʻlar ajratishda tijorat banklariga qoʻyiladigan muvofiqlik mezonlarini belgilaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//