Oliygohlar talabadan “aylanma varaqa” talab qilishi prezident farmoniga zid – Adliya vazirligi

Saqlash
01:52 / 14.07.2022 1016 0

Adliya vazirligi OTMlar talabalardan “aylanma varaqa” talab qilgani haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

 

Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–6191-son farmoni qabul qilingan.

 

Farmon bilan tasdiqlangan ayrim turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomillarini soddalashtirish va optimallashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 9-bandida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga, Xalq taʼlimi vazirligiga hamda tizimida taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarga 2021-yil may oyiga qadar taʼlim muassasalarini tugatganda yoki oʻqishni bir taʼlim muassasasidan boshqasiga koʻchirganda aylanma varaqani toʻldirish amaliyotini bekor qilish, bunda, vazirlik va idoralarning ichki hujjatlarini muvofiqlashtirish, taʼlim muassasalari tomonidan oʻquvchi-talabalar taʼlim muassasasini tugatganda yoki koʻchirganda taʼlim muassasasi ichida turli majburiyatlar bajarilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlarni (toʻlov shartnomasi boʻyicha majburiyat bajarilganligi, axborot resurs markazidan qarzi yoʻqligi, oʻquv boʻlimidan akademik qarzdor emasligi, talabalar turar joyidan qarzdor emasligi kabilar) ichki idoralararo elektron hamkorlik yoki oʻzaro axborot almashinuvi yoʻli bilan olish evaziga oʻquvchi-talabalardan talab qilishni bekor qilish boʻyicha kompleks tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklatilgan.

 

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan 2021-yil 28-aprelda Adliya vazirligiga taqdim etgan 84-01-505-son xatida Farmonda yuklatilgan mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2021-yil 31-maydagi 241-son buyrugʻi qabul qilinganligi, buyruq bilan barcha davlat oliy taʼlim muassasalarida 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab talabalar taʼlim muassasasini tugatganda yoki oʻqishini koʻchirganda taʼlim muassasasi ichida turli majburiyatlar bajarilganligi toʻgʻrisidagi aylanma varaqani toʻldirish amaliyoti bekor qilinganligi va zaruratga koʻra Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining HEMIS axborot tizimida tashkil etilgan “aylanma varaqa” moduli asosida elektron shaklda amalga oshirish yoʻlga qoʻyilganligi maʼlum qilingan.

 

Biroq, oʻtkazilgan tahlillar va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinayotgan maqolalar ayrim oliy taʼlim muassasalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonida belgilangan talablar bajarilmayotganligini hamda farmon talabiga zid ravishda aholidan ortiqcha va asossiz hujjatlar talab qilinayotganini koʻrsatdi.

 

Oliy taʼlim muassasalarining talablardan “aylanma varaqa”ni barchadan birdek “qogʻoz shaklda” toʻldirib kelishni talab qilishi notoʻgʻri va farmon talablariga nomuvofiq hisoblanadi.

 

Adliya vazirligi tomonidan mazkur holatlar tahlil qilinib, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga Oʻzbekiston Prezidentining PF–6191-son farmonida belgilangan talablar ayrim oliy taʼlim muassasalari tomonidan bajarilmayotganligini koʻrsatib, qisqa muddatda farmonda yuklatilgan vazifalar ijrosini soʻzsiz taʼminlash choralarini koʻrish, bu boʻyicha barcha davlat oliy taʼlim muassasalariga koʻrsatmalar kiritish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritilmoqda.

 

Adliya vazirligi barcha oliy taʼlim muassasalarini hamda tizimida taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirlik va idoralar rahbarlarini aholini ovora qilmaslikka, ulardan qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan hujjatlarni, shu jumladan “aylanma varaqa”ni qogʻoz shaklda toʻldirishni talab qilmaslikka, farmonda belgilangan talablar ijrosini soʻzsiz taʼminlashga chaqiradi. Shuningdek, aholidan asossiz va ortiqcha hujjat talab qilinishi yoki ularning ovoragarchiligiga yoʻl qoʻyilishi mansabdor shaxslar uchun javobgarlikni keltirib chiqarishi toʻgʻrisida ogohlantiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//