“Boburnoma” Germaniyada nemis tilida nashr qilindi

Saqlash
22:17 / 06.10.2021 2485 1

 

Joriy yilning 5-oktabr kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Germaniyada nashr etilgan “Boburnoma” asarining nemis tilidagi tarjimasi hamda “Quyoshga intilib” she’riy kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. “Boburnoma” tarjimoni  germaniyalik olim va tarjimon Xelmut Dalovdir.

Aytish kerakki, bugungi kunda “Boburnoma” dunyoning o‘ttizga yaqin tiliga tarjima qilingan. “Boburnoma” nemis tiliga birinchi marta Yulius Klaprat tomonidan 1810-yilda, Kayzer Amadeus tomonidan 1828-yilda tarjima qilingan bo‘lib, ular ingliz tili orqali o‘girilgan. Nemis tilidagi keyingi ancha ma’lum tarjima 1990-yilda Volfgang Shtammler tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, tarjimon “Boburnoma”ni fransuz tili orqali o‘girgan.

Germaniyaning Pforshaym shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan tarixchi olim va tarjimon Xelmut Dalov esa “Boburnoma”ni o‘zbek tilidan o‘girgan bo‘lib, u Hamid Sulaymon tayyorlagan 1970-yilgi nashrdan foydalangan. Kitob Berlin shahridagi “ProBusiness” matbaa kompaniyasi tomonidan chop etilgan bo‘lib, unga nemis tarixchisi Manuella Daho muharrirlik qilgan. Nashrga Bobur davriga oid 15 ta rangli miniatyura suratlari hamda o‘sha davrga oid strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 3 ta xarita ham kiritilgan.

Kitob tarjimonning muqaddimasi bilan ochiladi. Unda Xelmut Dalov nemis kitobxonlariga Bobur va boburiylarni tanishtirar ekan, uning ota tomonidan temuriylar sulolasiga mansubligini aytadi.  

Taqdimotda adabiy jamoatchilikka tanishtirilgan ikkinchi kitob Xelmut Dalovning “Quyoshga intilib” deb nomlangan nemis tilidagi to‘plamidir. Undan muallifning O‘zbekiston, uning tabiati, madaniyati, urf-odatlari va odamlariga bo‘lgan ehtiromi va hurmati aks etgan she’rlari o‘rin olgan. Taqdimotda ishtirok etgan tarjimonlar, yozuvchi va shoirlar, shuningdek, boburshunos olim va tadqiqotchilar zahmatli mehnati uchun germaniyalik olimga minnatdorchilik so‘zlarini bildirishdi. Tadbir so‘nggida Xelmut Dalov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga faxriy a’zo etib qabul qilindi va unga uyushmaning esdalik sovg‘alari topshirildi.

1 Izoh

Дилрабо Абдурахмонова

12:01 / 01.01.1970

Укиб жуда хам кувондим.Чунки айнан Х.Даловнинг Бобурнома асари таржимаси буйича илмий изланиш олиб бораяпгандим.

Izoh qoldirish

//