1-iyuldan qonunchilikda nimalar oʻzgaradi?

Saqlash
03:23 / 02.07.2022 835 0

2022-yil 1-iyuldan milliy qonunchilikda quyidagi asosiy oʻzgarishlar amalga oshadi:

 

1. Qoraqalpogʻistonning ayrim tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga 100 foiz miqdorida har oylik ustama toʻlanadi

 

Viloyatlar hamda Toshkent shahridan, shuningdek, xorijiy davlatlardan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxtakoʻpir, Chimboy, Qoraoʻzak, Boʻzatov, Shumanay, Qoʻngʻirot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100 foiz, Moʻynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qoʻshimcha har oylik ustama toʻlovlari toʻlanadi.

 

Bunda, mazkur bandda koʻrsatilgan ustamani olish uchun shifokor boshqa hududda kamida ikki yil ishlagan hamda kamida ikkinchi darajali malaka toifasiga ega boʻlgan boʻlishi lozim.

 

2. Davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan bir qator hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi

 

Davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqish hamda harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Bunda, pensiyaga chiqish huquqi paydo boʻlgan chogʻida ishlamaydigan fuqarolarga oʻzlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Bandlikka koʻmaklashish markazlariga murojaat qilish orqali “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (YAMMT IDAK)ga kiritish xizmati joriy etiladi.

 

Davlat pensiyalarini tayinlash YAMMT IDAKga kiritilgan elektron maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi. Bunda, mehnat staji, ish haqi, oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqish hamda harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi hujjatlar Pensiya jamgʻarmasi tomonidan YAMMT IDAKdan foydalangan holda elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida olinadi.

 

Shunga koʻra, davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi.

 

3. “Tonirovka”

 

Prezident qaroriga muvofiq, 1-iyuldan boshlab:

 

  1. avtomobillarning orqa yon oynalari tusini oʻzgartirish tekin boʻladi;
  2. orqa va old yon oynalari tusini oʻzgartirish narxi 2,4 million soʻm etib belgilanadi.

 

4. Olis va chekka hududlarda faoliyat yuritayotgan shifokorlar oylik ish haqiga qoʻshimcha 2 mln soʻm miqdorida har oylik ustama toʻlanadi

 

Prezident qaroriga koʻra, olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qoʻshimcha 2 mln soʻm miqdorida har oylik ustama belgilanadi.

 

5. “Turizm mahallasi” maqomi berilgan fuqarolar yigʻinlari hududlaridagi tadbirkorlarga imtiyoz beriladi

 

“Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi” yoki “Turizm ovuli” maqomi berilgan fuqarolar yigʻinlari hududlarida mehmon uylari, ovqatlanish, koʻngilochar joylar tashkil etgan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi.

 

Shuningdek, ushbu hududlardagi maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori boʻlgan savdo komplekslari (shu jumladan, ular egallagan yer uchastkalari) boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 90 foizga kamaytiriladi.

 

6. Bojxona bojlari boʻyicha imtiyozlar faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan beriladi

 

Bojxona bojlari boʻyicha imtiyozlar faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan beriladi. Bunda, Tarif va notarif tartibga solish kengashi xulosasi olinishi majburiy hisoblanadi.

 

7. “Shaffof yoʻl” platformasi test rejimida ishga tushiriladi

 

Avtomobil yoʻllari sohasiga tegishli maʼlumotlar bazasini oʻz ichiga olgan “Shaffof yoʻl” platformasi test rejimida ishga tushiriladi.

 

“Shaffof yoʻl” platformasining alohida sahifasi orqali aholining yoʻllar nosozligi, shuningdek, yoʻllarda va yoʻl boʻyida xavfsiz harakatlanish uchun yuzaga kelgan favqulodda texnik muammolar (svetoforlar va yoʻl belgilar oʻrnatilmaganligi yoki ularning shikastlanganligi, tabiiy ofatlar natijasida yuzaga keladigan hodisalar ortidan hosil boʻladigan oqibatlar) haqida foto- va videomurojaatlar — jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladi.

 

8. Barcha xalqaro aeroportlar hududida aviaspotting bilan shugʻullanish imkoniyati yaratiladi

 

Hukumat qaroriga asosan barcha xalqaro ayeroportlar hududida aviaspotting bilan shugʻullanish uchun kuzatish maydonchalari toʻliq faoliyat koʻrsatadi.

 

Aviaspotting — belgilangan tartibga asosan ayeroportlarda havo kemalari harakatini hamda parvozini kuzatish, shuningdek ularni professional va havaskorlar (aviaspotterlar) tomonidan foto, videotasvirga olishni amalga oshirish faoliyati.

 

9. Barcha davlat tashkilotlari faoliyatida Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi

 

Prezident qaroriga asosan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarning samaradorligini tahlil qilish, baholash va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.

 

10. Davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashi aʼzolariga haq toʻlash tartibi joriy etiladi

 

Davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashi aʼzolarini ragʻbatlantirish va ijro organi aʼzolari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha yagona ragʻbatlantirish siyosati joriy etiladi. Bunda, ijro organi aʼzolariga oylik ish haqi va yil yakunlari boʻyicha biryoʻla toʻlanadigan mukofot toʻlovlardan tashqari har qanday qoʻshimcha toʻlov turlari bekor qilinadi.

 

11. Oʻlimni qayd qilish boʻyicha quyidagilardan iborat kompozit xizmat koʻrsatish tizimi yoʻlga qoʻyiladi

 

Prezident farmoniga asosan 2022-yil 1-iyuldan boshlab butun respublika hududida oʻlimni qayd qilish boʻyicha quyidagilardan iborat kompozit xizmat koʻrsatish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda, vafot etganlik toʻgʻrisidagi tibbiyot maʼlumotnomasi vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari arizasiga asosan FHDYO organi tomonidan ularga qogʻoz shaklida beriladi.

Shunga koʻra, tibbiyot muassasalari tomonidan oʻlim haqida tibbiy guvohnoma berish tartibi bekor qilinib, faqat elektron tizim orqali oʻlim haqida tibbiy maʼlumotnoma shakllantirish tartibi joriy etiladi.

 

12. Kasanachilarga daromad soligʻi boʻyicha imtiyoz beriladi

 

2022-yil 1-iyuldan boshlab kasanachilikni mehnat shartnomasi bilan bir qatorda ishlarni bajarish, tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar koʻrsatish haqidagi fuqarolik-huquqiy shartnomalar, shu jumladan pudrat shartnomasi asosida tashkil etishga ruxsat etiladi.

 

Shuningdek, 2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-yanvarga qadar:

 

  • kasanachilarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi kasanachilikdan olinadigan jami daromadni 50 foizga, biroq hisobot davri (bir oy)da koʻpi bilan bir million soʻmgacha kamaytirgan holda hisoblanadi;
  • kasanachilar ijtimoiy soliq toʻlovini oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun belgilangan tartibda amalga oshiradi;
  • olis va chekka hududlardagi mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik subektlariga har bir kasanachining dastlabki uch oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik oʻrtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.

 

13. 6 turdagi litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olishdagi ayrim talab va shartlar bekor qilinadi

 

Prezident farmoni bilan 2022-yil 1-iyuldan ayrim talab va shartlari bekor qilinayotgan litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar roʻyxati tasdiqlandi.

 

14. Teatr xodimlarining lavozim maoshlari oshiriladi

 

Prezident qaroriga koʻra, teatr xodimlari lavozim maoshlarini mehnatga haq toʻlashning bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga hamda Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koyeffitsiyentlari miqdori Davlat byudjeti hisobidan 1,5 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi.

 

15. Oilaviy bolalar uylariga Davlat byudjetidan mablagʻ ajratishning yangi tartibi joriy etiladi

 

Prezident qarori bilan oilaviy bolalar uylarining saqlash xarajatlari uchun Davlat byudjetidan mablagʻ ajratishda bir nafar tarbiyalanuvchiga toʻgʻri keladigan xarajatlar miqdori hamda bolalar sonidan kelib chiqib, zarur mablagʻlar ota-onalar nomiga ochilgan bank plastik kartalariga oʻtkazib beriladi.

 

Shuningdek, oilaviy bolalar uylarida bir nafar tarbiyalanuvchi uchun Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan oylik xarajatlar tarkibiga kommunal xarajatlar ham kiritiladi. Oilaviy bolalar uylari tomonidan isteʼmol qilingan kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar jismoniy shaxslar uchun belgilangan narxlarda amalga oshiriladi.

 

16. Bir bojxona postida uch yildan ortiq xizmat oʻtagan xodimlarni rotatsiya qilish tartibi joriy etiladi

 

Bojxona organlarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish dasturi doirasida bir bojxona postida uch yildan ortiq xizmat oʻtagan xodimlarni rotatsiya qilish tartibi joriy etiladi.

 

17. Davlat mulklari boʻyicha tuzilgan ijara shartnomalarining amal qilish muddati tugaganda kelgusi davr uchun uzaytirilmaydi va elektron savdolarga chiqariladi

 

Prezident qaroriga koʻra, amal qilish muddati tugagan, elektron savdolar orqali rasmiylashtirilmagan ijara shartnomalarining muddati (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumatning tegishli qarorlari asosida va kichik sanoat zonalari hududidagi davlat mulki boʻyicha tuzilgan ijara shartnomalari bundan mustasno) kelgusi davr uchun uzaytirilmaydi va ushbu shartnomalar boʻyicha tadbirkorlik subektlariga ijaraga berilgan davlat mulklari, balansda saqlovchilarning roziligi talab qilinmasdan 2022-yil 1-iyuldan boshlab elektron savdolarga chiqariladi.

 

18. Davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 gacha tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatish huquqi beriladi

 

Prezident qaroriga asosan davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 gacha tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatish huquqi beriladi, shuningdek, zaruratga koʻra, davlat muzeylari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tungi ish vaqti muddatlarini belgilashi mumkin boʻladi.

 

Pulli xizmatlar koʻrsatishda ishtirok etgan muzey xodimlariga qoʻshimcha toʻlovlar toʻlanadi va ular moddiy ragʻbatlantiriladi, qoʻshimcha toʻlovlar toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibi muzeylar tomonidan ularning yuqori turuvchi organi bilan kelishgan holda belgilanadi.

 

19. “Parrandasanoat” uyushmasiga aʼzo boʻlgan parrandachilik xoʻjaliklariga subsidiya beriladi

 

“Parrandasanoat” uyushmasiga aʼzo boʻlgan parrandachilik xoʻjaliklariga 2022-yil 1-iyuldan boshlab 2024-yil 1-yanvarga qadar davrda parrandachilik xoʻjaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor joʻjani import qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun davlat tomonidan 12 ming soʻmdan subsidiya ajratiladi.

 

20. Ochiq maʼlumotlar davlat organlari rasmiy veb-saytining bosh sahifasida alohida boʻlimga joylashtirish talab etiladi

Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan maʼlumotlarni davlat organlari va tashkilotlari rasmiy veb-saytining bosh sahifasida alohida boʻlimga joylashtirish talab etiladi. Ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar rasmiy veb-saytning boshqa sahifasiga (veb-manzilga) joylashtirilgan taqdirda, ular eʼlon qilinmagan deb hisoblanadi va Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaning baholash mezoni bajarilmagan deb topiladi.

 

21. Maxsus iqtisodiy zonalar hududida yer maydonlarini ijaraga berish boʻyicha autsion tartibi oʻzgaradi

 

Prezident farmoniga koʻra, maxsus iqtisodiy zonalar hududida autsionga chiqarilgan yer maydonlarini ijaraga berish boʻyicha autsionda bir ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham savdolar oʻtkazilgan hisoblanadi.

 

Shuningdek, hukumat qarori loyihasida 2022-yil 1-iyuldan elektr energiya va gaz isteʼmoli uchun narxlarni “ijtimoiy norma” asosida belgilash taklif etilmoqda. Hujjat yuzasidan muhokamalar yakunlangan. Ammo u qabul qilinadimi yoki yoʻq, bunisi hozircha nomaʼlum.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//