Jamiyat
Bugun, 1-iyundan Toshkentdagi oziq-ovqat doʻkonlarida qolipli non (“buxanka”) narxi oshdi va 2800 soʻmdan sotila boshladi. Bungacha “buxanka” 1600 soʻmdan aholiga yetkazib berilayotgandi.
Bundan oldin Moliya vazirligi departameti mudiri bugʻdoyni birjada sotish boshlanishi qolipli non narxiga taʼsir qilish va u 2800 soʻmgacha qimmatlashi mumkinligini aytgandi.
“Prognozlarimiz boʻyicha, hozir bugʻdoyning ichki bozordagi sotib olish narxi 3 mln atrofida boʻlishini kutyapmiz. Agar, 3 mln atrofida boʻlsa, qolipli non narxi Toshkent shahridan boshqa joylardagi narxlar darajasidan oshib ketmaydi. Masalan, bizdagi maʼlumotlarga koʻra, Xorazmda bir qolipli nonning narxi 2 800 soʻmgacha sotilmoqda. Agar, bugʻdoyning narxi 3 mln atrofida boʻlsa, qolipli nonning narxi 2800 soʻmdan, yaʼni bozordagi narxdan oshib ketmaydi demoqchiman”, degan Moliya vazirligi departament mudiri Toʻlqin Mirzayev.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11-may kuni oʻtkazilgan don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilishda fermer va klasterlar oʻzi yetishtirgan gʻallani 1-iyuldan boshlab birjada sotishni boshlashi haqida koʻrsatma bergandi.
Moliya vazirligi vakilining taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda bugʻdoyning birjada sotilishi narxlarning barqarorlashishiga va kelgusida pasayishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Maʼlumot oʻrnida: Vazirlar Mahkamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini toʻliq joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 866-sonli Qarori bilan 2019-yil 15-oktyabrdan “Oʻzdonmahsulot” AJ tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2019-yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladigan bugʻdoydan boshqa gʻalla isteʼmolchilarining barcha toifalariga faqat birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotilishi belgilandi. Shundan soʻng, non narxi 650-700 soʻmdan 1400 soʻmga koʻtarilgandi. Keyinroq narx yana biroz oshib, 1600 soʻmga yetgan.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q