Endi «audiozapis»lar tergovchining qarori bilan darhol olinishi mumkin

Saqlash
19:45 / 01.06.2022 752 0

Deputatlar koʻrib chiqayotgan qonun loyihasi bilan abonentlar oʻrtasidagi bogʻlanishlar toʻgʻrisidagi axborotlarni surishtiruvchi, tergovchining prokuror sanksiya bergan qarori asosida olinishi, qaror qabul qilingan vaqtdan boshlab maxsus vakolatli davlat organi tomonidan darhol ijro qilinishi nazarda tutilmoqda.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bugungi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqib, maʼqullandi.

 

Palata matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, oʻtkazilgan tahlillarda jinoyatlarni fosh etishda muhim dalil hisoblangan abonentlar oʻrtasidagi bogʻlanishlar toʻgʻrisidagi axborotlarni olishning amaldagi tartibi va muddatlari jinoyatlarni “issiq izidan” fosh etishda, haqiqatni aniqlashda bir qator qiyinchiliklarni hamda xorijiy mamlakatlarning huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovlarini ijro qilishda murakkabliklarni yuzaga keltirayotgani maʼlum boʻlgan.

 

Yaʼni, amaldagi tartibga koʻra, abonentlar oʻrtasidagi bogʻlanishlar toʻgʻrisidagi axborotlar tezkor-qidiruv tadbirlari davomida olinadigan axborotlar toifasiga kirib, ular “tergovchi – tezkor-qidiruv faoliyati organi – prokuror – tezkor-qidiruv faoliyati organi – maxsus vakolatli davlat organi” tizimi asosida olinadi.

 

“Shuningdek, axborotlarni maxsus vakolatli davlat organidan soʻrovnoma asosida toʻgʻridan toʻgʻri olish imkoniyatining yoʻqligi tezkor-qidiruv organlari tomonidan soʻrovnoma ijrosini taʼminlash uchun ham alohida tezkor-qidiruv ishi yuritishga va ish hajmining sunʼiy oshib ketishiga sabab boʻlmoqda”, - deyiladi axborotda.

 

Koʻrib chiqilayotgan qonun loyihasi bilan abonentlar oʻrtasidagi bogʻlanishlar toʻgʻrisida axborotni olish bilan bogʻliq harakatlar tergov harakatlari doirasiga kiritilmoqda va axborotlarni olishning tartibi belgilanmoqda.

 

Yaʼni, endilikda axborotlar surishtiruvchi, tergovchining prokuror sanksiya bergan qarori yoki sudning ajrimi asosida olinishi, qaror yoki ajrim qabul qilingan vaqtdan boshlab maxsus vakolatli davlat organi tomonidan darhol ijro qilish choralari koʻrilishi nazarda tutilmoqda.

 

Qonun loyihasining toʻliq matni quyi palata tomonidan eʼlon qilinmagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//