Vatanning suyukli qizi edi

Saqlash
23:26 / 30.05.2022 742 0

Oʻzbekistonimiz, xalqimiz boshiga ogʻir judolik tushdi – hayotining mazmun-mohiyati, maqsadi Vatan, elu yurt obodligi, farovonligi, osoyishtaligi, fayzu barakoti yoʻlida fidokorona mehnatdan iborat boʻlgan, ayni shu yuksak fazilatlari tufayli jonajon diyorning, odamlarning suyukli qiziga aylangan ajoyib inson, Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murotova boqiy dunyoga ketdi.

 

Lola Murotova qishloq xoʻjaligi sohasida yarim asrdan ortiq mehnat qilib, paxta va gʻalla yetishtirish mirishkori sifatida respublikaga tanildi. Oddiy ishchi, mexanik, tabelchi, brigadir, boʻlim boshligʻi, xoʻjalik raisi – bu vazifalarni bajarish asnosida hamkasblari qalbiga quloq tutdi, ularning quvonchu tashvishlari bilan yashadi. Bir soʻz bilan aytganda, odamiylik faniga amal qilishda ham doim ilgʻor va ibrat boʻldi. Markaziy Fargʻona choʻlining qum koʻchib yuradigan, suvsiz, shoʻrlagan qoq markazi Lola Murotova va olovqalb aʼzolarining ezgu niyatlar, Alloh muruvvatiga ishonch-eʼtiqod bilan qilgan jasoratli mehnatlari ortidan jismi ismiga munosib – “Nurli obod”ga aylandi. Bu gap aytishga oson: kechasi bilan boʻronlar barxanlarni surib toʻsib qoʻygan yoʻllardan zoʻrgʻa oʻtib borganda, kecha shonalab gullay boshlagan, gurkirab turgan gʻoʻzalar oʻrnida qup-quruq soʻppaygan choʻplarni koʻrish... iztirobu alamlarni ichga yutib, yerga yana chigit qadash, boy berilgan imkoniyatlarni qoplash uchun ikki-uch karra koʻp mehnat qilish... – bunaqa holat necha bora takrorlangani hech kimning yodida yoʻq.

 

U faoliyati davomida mehnatlaridan topilgan daromadni birinchi navbatda aʼzolarining turmush farovonligini oshirish va yashash sharoitlarini yaxshilashga sarfladi. Oʻzining biror marta boʻlsin, oynaga qarab yuziga oro berganini, ipak libos kiyganini hech kim koʻrmagan. Hamisha egnida paxta matodan tikilgan odmi gulli chit koʻylak, boshida koʻnglidek oppoq chit roʻmol boʻlardi. Elu yurtni toʻydiradigan, mehnatkashni siylaydigan ona yerga muhabbati hayotining, qalbining bezagi edi. “Yer soxtalikni, koʻzboʻyamachilikni, aldovni yoqtirmaydi; mehnatkash, fidoyi dehqonni, albatta, siylaydi” – u mana shu eʼtiqodiga sadoqat bilan yashab, haqiqiy Oʻzbekiston Qahramoni boʻldi.

 

Lola Murotovaning hayot yoʻli yangi avlodlarga ibrat boʻlib qoladi, inshaalloh, nurli xotirasi qalblarda yashaydi.

 

Bu aziz insonni Alloh rahmat nuriga gʻarq etishini soʻraymiz.

 

Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//