Maymun chechagini yuqtirgan bemorlarning oʻn foizi hayotdan koʻz yummoqda

Saqlash
01:56 / 26.05.2022 962 0

Dunyoda maymun chechagini yuqtirgan bemorlar soni kundan kun ortmoqda. JSSTning Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasi navbatdagi sessiyasiga taqdim etgan kechagi maʼlumotlariga koʻra, tasdiqlangan jami kasallik holatlari 131 taga yetdi. Shuningdek, yana 106 kishi virusga chalinganlikda gumonlanib, karantinga olingan.


Hozircha mazkur infeksiya roʻyxatga olingan davlatlar soni 17 tani tashkil etyapti. Eng koʻp holatlar Ispaniyada — 40, Portugaliyada — 37 va Buyuk Britaniyada — 20 nafar bemorda qayd etilgan.


Endi ular qatoriga yana ikkita mamlakat qoʻshilishi mumkin. Ayni paytda Sudan va Argentinada shubha ostiga olingan bemorlarda tekshiruvlar oʻtkazilyapti.


Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻta xavotirli infeksiyalarga global tayyorgarlik departamenti direktori Silvi Briandning taʼkidlashicha, aniqlangan holatlar “aysbergning uchi”mi yoki kasallikning tarqalish choʻqqisi allaqachon oʻtib ketganmi, buni vaqt koʻrsatadi".


Shu bilan birga, tashkilot ekspertlari maymun chechagi epidemiyasi aholini shoshilinch ommaviy emlashni talab qilmaydi, degan xulosada.


JSSTning yana bir rasmiy vakili Richard Pibodi Afrika mamlakatlari, xususan, Kongo Demokratik Respublikasi, Kongo Respublikasi, Kamerun, Markaziy Afrika Respublikasi, Nigeriya, Liberiya, Kot-dʻIvuar, Syerra-Leone, Gabon va Janubiy Sudan infeksiya oʻchogʻi boʻlishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.


Shu bois, mazkur davlatlarga borgan sayyohlar kasallik tashuvchi hayvonlardan uzoq boʻlishi, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilishi lozim.


Mutaxassislarning aytishicha, xastalik isitma, umumiy intoksikatsiya va tanada toshmalar paydo boʻlishi bilan namoyon boʻlyapti. Bemorlarning 10 foizi infeksiya asoratlari tufayli hayotdan koʻz yumyapti. Ularning aksariyati chechakka qarshi emlanmagan kishilardir.


Eslatib oʻtamiz, ayni paytda maymun chechagini davolash uchun maxsus muolaja usullari hamda uning oldini olishga qaratilgan alohida vaksinalar mavjud emas.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//