“Yangi Oʻzbekiston” universiteti: Yoʻnalishlar, qabul jarayonlari va imtihonlar haqida maʼlumot berildi

Saqlash
17:56 / 05.05.2022 2292 0

Bugun, 5-may kuni Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi “Yangi Oʻzbekiston” universitetiga qabul jarayonlariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

 

Matbuot anjumanida Agentlik va universitet rahbariyati tomonidan “Yangi Oʻzbekiston” universitetiga hujjatlar qabuli hamda fakultet va yoʻnalishlarga oid savollarga toʻgʻridan-toʻgʻri javob berildi.

 

“Yangi Oʻzbekiston” universitetida quyidagi yoʻnalishlarda tahsil olish imkoniyati mavjud:

 

  • Sanoat boshqaruvi
  • Dasturiy taʼminot
  • Mexanika muhandisligi
  • Nano- va ilgʻor materiallar muhandisligi
  • Kimyo muhandisligi

 

2021-2022-oʻquv yili davomida “Yangi Oʻzbekiston” universitetida Muhandislik fakulteti tarkibida Kimyo muhandisligi, Mexanika muhandisligi va Dasturiy taʼminot muhandisligi yoʻnalishlari ochilgan.

 

2022-2023 oʻquv yilida universitetda yana ikkita yoʻnalish - Muhandislik fakulteti tarkibida Nano- va ilgʻor materiallar muhandisligi hamda Boshqaruv fakulteti tarkibida Sanoat boshqaruvi yoʻnalishlari tashkil etilmoqda. Ushbu yoʻnalishlar uchun yangi oʻquv yilida 300 nafar talaba qabul qilinadi.

 

Imtihonlar har bir yoʻnalishlar kesimida matematika, fizika, kimyo, mantiqiy fikrlash kabi fanlardan boʻlib oʻtadi.

 

“Yangi Oʻzbekiston” universitetiga qabul joriy yilning 25-aprelidan boshlangan boʻlib, 20-iyunga qadar davom etadi. Hujjatlar http://admissions.newuu.uz sayti orqali onlayn qabul qilinmoqda.

 

Bunda talabgordan quyidagi hujjatlar talab etiladi:

 

1️) Pasport yoki ID karta elektron nusxasi;

 

2) Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida shahodatnoma yoki kolledj/ litsey diplomi (agar abituriyent hali ushbu hujjatni olmagan boʻlsa, oʻrta taʼlim muassasasini bitiruvchisi ekanligi haqida maʼlumotnoma);

 

3) IELTS 5.5 (Sanoat boshqaruvi yoʻnalishi uchun 6.0) yoki TOEFL iBT 46 (Sanoat boshqaruvi yoʻnalishi uchun 60) va undan yuqori ballni koʻrsatuvchi original sertifikatni elektron nusxasi (ushbu sertifikat haqiqiy ekanligi tekshiriladi);

 

4) Oxirgi 3 oy ichida olingan 3*4 rasm.

 

“Yangi Oʻzbekiston” universiteti Myunxen Texnika Universiteti (Germaniya), Massachusets Texnologiya instituti (AQSH) kabi nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qiladi.

 

Mazkur oliygohda AQSH, Germaniya, Misr, Hindiston va Eron kabi davlatlardan kelgan professor-oʻqituvchilar dars berishadi. Bu yerda talabalar ilk oʻquv yilidanoq AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning yirik korxonalari va laboratoriyalarida amaliyot oʻtash imkoniga ega.

 

Maʼlumot oʻrnida, Volfgang Herrmann “Yangi Oʻzbekiston” universitetining faxriy rektori boʻlib, u Myunxen Texnika Universiteti (Germaniya) 39-rektori, shuningdek 800 dan ziyod ilmiy maqolalar va 80 ga yaqin patentlar egasi hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//