Turkiyaning "Yeni Şafak" nashrida "O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning qalbi" sarlavhali maqola e'lon qilindi

Saqlash
14:43 / 13.09.2021 1469 0

   Turkiyaning "Yeni Şafak" gazetasi hamda veb saytida Istanbul tijorat universiteti rektori, professor Yuju O‘g‘urlu qalamiga mansub "O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning qalbi" sarlavhali maqola nashr etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. 


    Materialda O‘zbekiston va Turkiya munosabatlariga qisqacha sharh berilgan berilgan bo‘lib, ushbu ikki qardosh mamlakat o‘rtasida chuqur va mustahkam madaniy rishtalar mavjudligi urg‘ulanadi. “O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilganda, Turkiya birinchi bo‘lib uni mustaqil davlat sifatida tan oldi. Do‘st va birodar xalqlar zamonaviy dunyo bilan hamqadam bo‘lgan Turkiya ila aloqalarni qardoshlik halqasi orqali mustahkamlay boshladi. Chorak asr davomida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi turli darajadagi munosabatlar, ayniqsa, 2016 yilda O‘zbekistonda rahbariyat o‘zgarishi bilan yangi bosqichga ko‘tarildi va bu ikki tomonlama munosabatlarda tarixiy burilish nuqtasi bo‘ldi”, - deb ta’kidlaydi gazeta.

  Muallif gazetxonlar e’tiborini Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida mamlakat bo‘ylab bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan “Harakatlar strategiyasi” taraqqiyot dasturiga qaratadi. “Ushbu dasturda mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimidagi islohotlarga ustuvor vazifa sifatida o‘rin ajratilgan. Darhaqiqat, davlat va jamiyatni tubdan isloh aylash va modernizatsiya qilish uchun, avvalo, fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, odil sudlovga erishish, qonun ustuvorligini mustahkamlash va korrupsiyaga qarshi samarali kurashish muhim ahamiyatga ega”.

   Maqolada shuningdek, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan huquqiy erkinliklar sohasida amalga oshirayotgan muhim qadamlarga to‘xtalib, bundan besh avval respublikada kuzatilgan huquq va erkinliklarning cheklanishi bugungi kunda butunlay bartaraf etilgani, barcha erkinliklar, jumladan, demokratik huquqlar, qonun ustuvorligi va diniy erkinliklar bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilingani alohida ta’kidlangan.

   Bundan tashqari, inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun yana bir muhim qadam tashlangani, 50 ming nafarga yaqin fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish imkoniyatiga ega bo‘lganini muallif Shavkat Mirziyoyev hukumatining ajoyib yutug‘i, deya qayd etadi. 
Maqolada O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan tinch va do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘ygani ham alohida tilga olingan. “Ma’lumki, Markaziy Osiyo respublikalari tarixiy, jug‘rofiy va madaniy jihatdan yaxlitdirlar. O‘zbek, tojik, qirg‘iz, qozoq va turkmanlar azal-azaldan o‘zaro hamjihatlikda qon-qardosh bo‘lib yashab kelganlar”, - deb qayd etiladi. 

   “O‘zbekiston yangi rahbariyatining insonparvarlik siyosati doirasida “Mehr” nomli insonparvarlik aksiyalari amalga oshirildi. Suriya va Afg‘onistondagi urush zonalariga borib qolgan ayollar va bolalarni mamlakatga qaytarish bo‘yicha olib borilgan chora-tadbirlar davlatning o‘z xalqi va millatini himoya qilish, asrab-avaylash, ardoqlash kabi oliy insoniylik sifatlarini namoyon etdi. 

   Shavkat Mirziyoyev ma’muriyati inson huquqlari bo‘yicha islohotlar bilan birgalikda iqtisodiyot sohasida ham keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Davlat e’tibori biznes sohasida ham o‘z aksini topdi. Buning tasdig‘i o‘laroq, moliyaviy masalalarda qator erkinlashtirishlarga yo‘l ochildi. Ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, mamlakatga xalqaro sarmoyalar jalb qilish, erkin bozor mexanizmini o‘rnatish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi. 2017 yil sentabr oyida valyuta cheklovlari olib tashlanib, mamlakatda ilgari faol bo‘lgan qora bozorga chek qo‘yildi va qulay tarzda chet el valyutasini sotib olish imkoniyati yaratildi”, - deb yozadi muallif.

    Gazeta 35 million aholiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng zich mamlakat bo‘lib, mintaqadagi savdo hajmining katta qismini tashkil qilishiga e’tibor qaratgan. Mamlakatning savdo salohiyati va turli sohalarda mavjud sarmoyaviy imkoniyatlari yuqori. 2020 yilda O‘zbekiston – Turkiya tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollarni tashkil etdi. 

   Muallifning fikricha, Shavkat Mirziyoyev olib borgan siyosat nafaqat mamlakat ichida, balki mintaqada ham o‘zgarish shamollarini olib keldi. O‘ttiz yildan beri mintaqa respublikalarida muammo bo‘lib kelgan chegara masalasi kun tartibiga olib chiqildi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston chegaralarini demarkatsiya qilish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishildi. Bundan tashqari, mintaqa davlatlari tabiiy resurslardan hamkorlikda foydalanishga e’tibor bera boshladi. Eng muhimi, O‘zbekiston Tojikiston va Qirg‘izistondagi gidroelektr loyihalariga ko‘rsatib kelingan uzoq yillik salbiy munosabatini o‘zgartirdi. Bundan tashqari, ushbu yondashuvlar doirasida mintaqa davlatlari energiya, transport va logistika sohasidagi umumiy infratuzilma muammolarini bartaraf etishga jiddiy e’tibor bera boshladi.

   “O‘zbekistonning o‘tmishdagi va mavjud geostrategik mavqei hamda tarixiy vazifasi inobatga olinsa, uning global siyosatdagi o‘rni va roli tobora yuksalib boraverishini taxmin qilish mumkin. Darhaqiqat,  insoniyat tamaddunining yaratilishi va rivojiga mezbonlik qilgan bu tabarruk zamin Markaziy Osiyoning yuragi va uning taqdirini hal qiluvchi shavkatli diyordir. O‘zbekiston o‘z tarixiga munosib kelajagini barpo etmoqda”, - deya komil ishon bildiradi turkiyalik olim «Yeni Şafak» gazetasida chop etilgan  maqolasida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//