Jamiyat
“Hilol-nashr” nashriyotida domla Azizxoʻja Xayrulloh oʻgʻli va professor Gʻani Zikrillayev tayyorlagan “Qurʼoni karim oyatlari mazmun-maʼnosining oʻzbekcha izohli tarjimasi” kitobi chop etildi.
Hozirga qadar Qurʼoni karim oʻzbek tiliga bir necha bor oʻgirilgan. Xususan, Sayyid Mahmud Taroziy (Oltinxon toʻra), shayx Alouddin Mansur, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, shayx Abdulaziz Mansur hamda rahmatli muftiy Usmonxon Alimov tafsirlari qayta-qayta nashr qilinmoqda.
Yangi nashrning alohida jihatlaridan biri ushbu tarjimada oyatlarga doir izohlar sahifa oxirida berilgan boʻlib, bir qismi arabcha, oʻzbekcha, turkcha, ruscha va nemischa tafsiru tarjimalardan aynan yoki qisqartirib olingan. Izohlarning asosiy qismi oyat mazmun-maʼnosini tushunishga koʻmak beradigan lisoniy hodisalarga bagʻishlangan. Bunda asosan arabcha soʻz, ibora va grammatik birliklarning tarjimada ham ixcham, aniq va ravon ifoda etilishiga eʼtibor qaratilgan. Eʼtiborli jihatlardan yana biri shuki, izohlarda oyatdagi ayrim soʻz, shakl, birikma, gap yoki iboraning tarjimasi boshqa oʻzbekcha, shuningdek, xorijiy tillardagi tarjimalar bilan qiyoslab berilgan.
Tarjimon Azizxoʻja domla Xayrulloh oʻgʻli islomshunoslik boʻyicha doktor, katta olim, mohir voiz, Qurʼon va hadis bilimdoni, Buxorodagi “Chor Bakr” masjidi imom xatibi boʻlib, yaqinda Imom Buxoriy hazratlari haqidagi maʼruzasi ijtimoiy tarmoqlarda juda mashhur boʻlgandi. Yana bir tarjimon professor Gʻani Zikrillayev oʻzbek tili jonkuyarlaridan, tilshunoslik boʻyicha qator tadqiqot va maqolalar muallifi.
Kitobning ilova qismida Qurʼoni karim nemis, rus, fors, turk, oʻzbek tillariga kimlar tomonidan, qaysi yillarda tarjima qilingani, ularning xususiyatlari haqida atroflicha maʼlumot berilgan. Oʻzbek tiliga qilingan tarjimalar orasida ushbu nashr ham, albatta, munosib oʻrniga ega boʻladi.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q