Jamiyat
Bugun dorixonalardan bir turdagi preparatning hatto oʻnlab nomdagi muqobillarini topishingiz mumkin. Bu, albatta, quvonarli holat. Ammo farmatsevtika bozorining rivojlanishi dori allergiyasi bilan bogʻliq xastaliklar avj olishiga turtki boʻlayotgani ham sir emas.
Masalan, oʻtgan asrning 40 yillariga qadar dori-darmonlar bilan davolash asoratlari dunyo boʻyicha bor-yoʻgʻi 0,5-1,5 foiz bemorlarda kuzatilgan boʻlsa, hozirga kelib bu koʻrsatkich 15-30 foizga yetgan.
— Allergiya qoʻzgʻatuvchi preparatlar reytingida antibiotiklar yetakchilik qiladi, — deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — β-laktamlar guruhiga mansub penitsillin, amoksitsillin, sefazolin, sefotaksim kabi antibakterial vositalar hamda sulfanilamidlar tarkibiga kiruvchi sulfadiazin, sulfadoksin singari preparatlar shular jumlasidan.
Ikkinchi oʻrinda steroid boʻlmagan yalligʻlanishga qarshi dorilarni keltirish mumkin. Deyarli barcha ogʻriq qoldiruvchi va antipiretik vositalar shu guruhga kiradi.
Qolaversa, mahalliy anestetiklar — novokain, lidokain va boshqalar koʻpincha allergiyani keltirib chiqaradi. Tarkibida yod moddasi mavjud dorilar ham keng tarqalgan allergenlar hisoblanadi.
Shifokorning taʼkidlashicha, dori allergiyasi odatda toʻsatdan boshlanadi va inson hayoti hamda salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin. Anafilaktik shok, toksikoallergiya, Layella va Stivens-Djonson sindromini bunga misol qilib keltirish mumkin.
Koʻpincha dori allergiyasi alomatlari toshmalar, eshakemi, angionevrotik shish bilan namoyon boʻladi. Bir turdagi preparatning takroriy qabul qilinishi dermatitga ham sabab boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, ayrim hollarda tana harorati koʻtarilishi kuzatiladi.
Dorilarga allergiya ularni takroriy qabul qilish tufayli rivojlanadi. Masalan, bir vaqtning oʻzida mikroblarga qarshi bir necha preparatlarni ichish xastalikni kuchaytirib yuborishi ehtimoli mavjud.
Shu oʻrinda allergiya nafaqat dorilar, balki ularga qoʻshiladigan turli boʻyoq va aromatizatorlarga nisbatan ham paydo boʻlishini unutmaslik lozim.
Dorilarga allergiya nafas yoʻllari kasalliklarini ham keltirib chiqarishi mumkin. Hatto u qon tarkibida leykotsitlar soni kamayishi, kamqonlikka sabab boʻlishi xavfi mavjud. Baʼzida buyrak, yurak, qon tomirlari va taloq shikastlanishi ham dori allergiyasi oqibatida sodir boʻladi. Shunday ekan, dorilarni, albatta, shifokor tavsiyasi bilan isteʼmol qilish zarur.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q