Shahrisabzdagi “Temurbeklar maktabi”da ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi

Saqlash
14:15 / 30.03.2022 1605 0

Kecha, 29-mart kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseyida “Milliy qadriyatlar va vatanparvarlik tarbiyasi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil qilindi. Unda Respublikamizdagi mavjud barcha “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseylarining o‘qituvchi va o‘quvchilari onlayn va oflayn tarzda ishtirok etdi.

 

Anjumanni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov onlayn tarzda kirish so‘zi bilan ochib, yosh avlod tarbiyasida milliy qadriyatlar va vatanparvarlik tarbiyasining ahamiyati xususida ma’ruza qildi. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman davomida “Temuriylar davri adabiyoti va san’ati”, “Amir Temurning Oltin O‘rda davlatiga harbiy yurish sabablari va natijalari”, “Ma’naviyatni yuksaltirishda milliy an’ana va qadriyatlarimizning o‘rni” hamda “Ajdodlarimizga munosib avlod bo‘laylik!” singari mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

 

Anjumanning amaliy qismi harbiy-akademik liseyda tashkil qilingan hunarmandchilik, rasmlar ko‘rgazmasi, maqom, chanqovuz hamda baxshichilik namunalari, dutorchi qizlar ansambli, folklor jamoalari chiqishlari, milliy sport o‘yinlari, milliy liboslar va bahoriy taomlar ko‘rgazmalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, vatanparvarlik ko‘rgazmalari, jumladan, qo‘l jangi, saf maydoni asbob-anjomlar ko‘rgazmasi, ulug‘ allomalar siymosi gavdalantirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//