Xitoydagi jamgʻarma Oʻzbekistonga koronavirus va boshqa yuqumli kasalliklarni aniqlaydigan mobil laboratoriya yetkazib beradi

Saqlash
23:27 / 24.03.2022 859 0

COVID-19 virusini aniqlovchi “Huo-Yan Air” laboratoriya majmuasi Xitoy Xalq Respublikasi “Mammoth Foundation” jamgʻarmasi tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligiga begʻaraz taqdim etildi. 

 

Kelishuvga asosan 350 000 AQSH dollari qiymatidagi mobil laboratoriya Oʻzbekistonga begʻaraz yetkazib beriladi.

 

“Huo-Yan Air” laboratoriyasi bir kunda 10 mingta namunani tekshirish imkoniyatiga ega boʻlib, favqulodda vaziyatlarda tezkorlik bilan ishlarni tashkil qilish uchun sharoit yaratadi. Mazkur laboratoriyani favqulodda vaziyat yuz bergan hududga yetti kun ichida oʻrnatib, ishga tushirish mumkinligi alohida ahamiyatga ega. Yaʼni laboratoriya uchun yer maydonini tayyorlashdan elektr tarmoqlariga ulab, ishga tushirishga bir hafta vaqt ketadi. Laboratoriya modullardan iborat boʻlib, uni talabga koʻra oʻzgartirish imkoniyati mavjud, elektr isteʼmoli kam, qadoqlab tashish qulay, vaqt oʻtib, eskirganidan keyin bioparchalanish xususiyatiga ega. Mazkur zamonaviy qurilma nafaqat koronavirus kasalligini, balki boshqa yuqumli kasalliklarni aniqlashi mumkin.

 

Laboratoriya yurtimizga yetib kelganidan soʻng uskunalarni boshqarish va foydalanish boʻyicha treninglar hamda oʻqitish jarayonlarini tashkil etiladi. Mobil laboratoriya Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologiya va jamoat salomatligi xizmatiga topshiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//