“MAKON FEST  –  2022” milliy san’at va an’analar festivali boshlandi

Saqlash
14:53 / 21.03.2022 1043 0

Kecha, 20-mart poytaxtimizdagi “Do‘stlik” bog‘ida “MAKON FEST  –  2022” milliy san’at va an’analar festivali o‘z ishini boshladi. Xalqimizning noyob an’ana va urf odatlari, amaliy san’ati, milliy taomlari, betakror og‘zaki hamda nomoddiy merosining xilma-xilligini o‘zida aks ettiruvchi mazkur tadbir Toshkent shahar hamda Yakkasaroy tuman hokimliklari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Turizm va madaniy meros vazirligi singari qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

 

Uch kun davom etadigan mazkur festivalga 15 mingdan ortiq mehmonlar, jumladan Italiya, AQSH, Xitoy, Rossiya, Fransiya, Yaponiya kabi davlatlardan sayyohlar tashrif buyurishi kutilmoqda. Tadbirning ochilish marosimida badiiy hunarmandchilik, kitoblar yarmarkalari, milliy taomlar namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Stol tennisi musobaqalari tashkil qilindi. Turli badiiy jamoalar, san’atkorlar tomonidan milliy qadriyatlarimizni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

 

Shuningdek, tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan poytaxtimizning Yakksaroy tumanidagi mahallalarga kitoblar jamlanmasi topshirildi. “Do‘stlik” bog‘iga tashrif buyurgan yurtdoshlarimizga badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.

 

Gala konsert yakunida “MAKON FEST – 2022” festivali laureatlariga sovrinlar topshiriladi. Badiiy hunarmandchilik ustalari, oshpazlar, dizaynerlar va folklor jamoalari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//