Sirdaryoda 100 dan ortiq xonadonga suv kirishi natijasida aholi boshqa joyga koʻchirildi

Saqlash
19:11 / 16.03.2022 1557 0

Surunkali yogʻingarchiliklar tufayli Sirdaryo viloyatidagi Baxt shaharchasida suv sathining meʼyoridan oshib ketishi natijasida qishloq xoʻjaligining shudgor yerlariga, mahallalar va aholi yashash xonadonlariga suv kirib ketgan. Bu haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, Baxt shahri “Xazina” MFYdagi 102 ta xonadonga suv kirgan.

 

 

Vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Baxt shahri IIBda tezkor shtab tashkil etilib, tuman hokimligi, FVB, IIB, MG xodimlari va mahalla vakillaridan iborat 3 ta ishchi guruh tuzilgan. Ishchi guruh tomonidan suv toshgan xonadonlar aholisini xavfsiz hududlarga koʻchirish haqida ogohlantirish xatlari berilib, “Xazina” MFYdan 20 ta xonadonda yashovchi 68 nafar fuqaro vaqtinchalik yaqin qarindoshlari xonadonlariga koʻchirilgan. Koʻchirilgan aholi uchun tibbiy va boshqa taʼminot tadbirlari tashkil etilgan.

 

Taʼkidlanishicha, suv toshish oqibatlarini bartaraf etish uchun viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Avtoyoʻl xizmati, Suv xoʻjaligi vazirligi viloyat tuzilmalari kuch va vositalari jalb qilingan. 

 

“Shuningdek, voqea joyiga FV vaziri boshchiligida Maxsus vazifalar boʻyicha respublika qutqaruv markazidan qutqaruvchilar yetib borgan. Bundan tashqari,  Jizzax va Toshkent viloyatlari FVBlaridan  qoʻshimcha kuch va vositalar safarbar etilib, hozirda suvni chiqarish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//