Sanʼatkor muxlislar hurmatini joyiga qoʻyishi shart. Bu uning maʼnaviy burchi – Madaniyat vazirligi Yulduz Usmonova masalasida munosabat bildirdi

Saqlash
03:10 / 16.03.2022 950 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konsertda tomoshabinlarga aytgan gaplari keng tarqalib, muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

 

Ushbu holat yuzasidan Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi.

 

Vazirlikning qayd etishicha, “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyida boʻlib oʻtayotgan konsertning 12-mart kunidagi dasturida texnik nosozlik tufayli sahna pardasi toʻlaligicha ochilmay qolgan va bunga tomoshabinlar eʼtiroz bildirgan. Xususan, ulardan biri qoʻpol ohangda baqirgan. Natijada Yulduz Usmonova buni haqorat deb tushungan va emotsiyaga berilib ketib, konsertga tashrif buyurgan tomoshabinlarga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlgan.

 

«Shuni qatʼiy taʼkidlaymizki, sanʼatkor har qanday holatda ham ortiqcha his-hayajonga berilmay, vaziyatni toʻgʻri baholay olishi, oʻzini tuta bilishi, muomala madaniyati, odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, ayniqsa, sahnada, muxlislar bilan muloqot jarayonida ularga nisbatan samimiy munosabatda boʻlib, hurmatini joyiga qoʻyishi shart. Bu uning maʼnaviy burchi hisoblanadi. Madaniyat vazirligi ushbu tartib-qoidalarga zid ravishda qilingan xatti-harakatlarni hech qachon yoqlamaydi va keskin qoralaydi.

 

Albatta, konsert-tomosha jarayonlarida tomoshabinlar chekiga tushadigan masʼuliyat ham borki, yurtdoshlarimiz masalaning ushbu jihatiga ham eʼtibor qaratishlari zarur. Yaʼni, sanʼatkordan madaniyat talab qiladigan, unga eʼtiroz bildiradigan jamiyat, ayni paytda, jamoat joyida oʻzini tutishni bilmaydigan, etika qoidalarini qoʻpol ravishda buzib, ommaning madaniy hordiq olishiga, kayfiyatiga salbiy taʼsir oʻtkazadigan va xalaqit qiladigan tomoshabinlarni tartibga chaqirib, kerak boʻlsa, ularga tanbeh berishi ham lozim. Shunda hammasi adolatdan boʻladi.

 

Biz ilm-maʼrifatda buyuk tarix yaratib, yuksak madaniyatimiz va maʼnaviyatimiz bilan dunyo ahli hurmatiga sazovor boʻlib kelayotgan xalqmiz. Har birimiz mana shu masʼuliyatni bir zum ham unutmasligimiz shart. Ana shunda oʻsib kelayotgan yosh avlodga ham yaxshi fazilatlarimiz bilan ibrat boʻlamiz», deyiladi munosabatda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//