“Ularda ilmiy salohiyat past” – vazir Toshqulov ayrim oliy taʼlim muassasalarining faoliyatini tanqid qildi

Saqlash
19:53 / 15.03.2022 941 0

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan navbatdagi kengaytirilgan Hayʼat yigʻilishida vazir Toshqulov ayrim OTM masʼullarining sohadagi sustkashliklari hamda yoʻl qoʻygan kamchiliklarini tanqid qildi. Bu haqida vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, vazirlik topshiriqlari ijrosi yuzasidan 2021-yildagi faoliyati natijalari 7 ta mezon asosida tahlil qilinganda, 23 ta OTM ilmiy ishlar, innovatsiyalar hamda xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektorlar oʻz vazifasiga jiddiy yondashmagani, bu borada birorta ham oliy taʼlim muassasasini namuna sifatida koʻrsatib boʻlmasligi aytib oʻtilgan.

 

Andijon mashinasozlik instituti (12 ta), Samarqand veterinariya meditsinasi instituti (12 ta), Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi (4 ta), Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti (3 ta) eng kam dissertatsiya himoyalari boʻlgan oliy taʼlim muassasalari sifatida sanalgan.

 

Shuningdek, yigʻilishda 2021-yilda oliy taʼlim muassasalari uchun davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlarni samarali oʻzlashtirilmagani tanqid qilingan.

 

– Shu narsaga amin boʻlyapmizki, shu oliy taʼlim muassasalari davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlarni samarali oʻzlashtirmagani uchun ham ularda ilmiy salohiyat past, – degan vazir.

 

Taʼkidlanishicha, 2021-yilda “Scopus” xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasidagi ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalar soni 100 nafar professor-oʻqituvchilarga nisbatan tahlil qilinganda bu koʻrsatkich oʻrtacha 6,5 ni tashkil etgan. OʻzDJTU(0,9), Andijon davlat tibbiyot instituti(0,7), Samarqand iqtisodiyot va servis instituti(0,5) va Nukus davlat pedagogika instituti(0,4)da bu koʻrsatkich 1 ga ham yetmagan.

 

“Eng achinarlisi, 64 ta oliy taʼlim muassasasida «Scopus” xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasidagi ilmiy jurnallarda birorta ham maqola chop etilmagan», deyiladi xabarda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//